Sport | 19:29 / 17.10.2021
38341
13 daqiqa o‘qiladi

«Olaqarg‘a» milliardlar ustiga qo‘ndi. Bu muvaffaqiyat garovimi?

Angliyaning mashhur klublaridan biri «Nyukasl» 1,5 yil davom etgan muzokaralardan keyin nihoyat Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon boshqaruvidagi Public Investment Fund'ga sotildi. Rasman hukumatdan ayri bo‘lgan bu fond aslida Saudiyaga hukumatiga qarashlidir.

Foto: OWEN HUMPHREYS/GETTY IMAGES

«Olaqarg‘alar» kapital qiymati 430 milliard dollar bo‘lgan dunyodagi eng yirik fondlardan biri boshqaruviga o‘tdi. Hozirda APL turnir jadvalida oxirgi pog‘onalarda sang‘ib yurgan «Nyukasl» boshiga qanday omad qushi qo‘nganini tasavvur qildingiz-a? Ammo bu Angliyaning o‘z an'anasiga ega o‘rtamiyonasi bir yumalab katta jamoaga aylanib qolganini anglatmaydi.

Bu qopga solib qo‘yilgan pullar emas

«Nyukasl» Saudiya fondi tomonidan sotib olingach, ko‘pchilik fondning pullarini hisoblab ketdi. Masalan, «Manchester Siti» dunyoning eng boy klubi bo‘lsa, uning xo‘jayini Shayx Mansurning boyligi 20 milliard dollar. «PSJ» xo‘jayini Nosir al-Xelayfining puli «atigi» 8 milliard dollar. «Nyukasl» boshqaruvini qo‘liga olgan fond esa 430 milliard dollarga baholanadi. Ammo bu «Nyukasl»ni «Siti»dan 20 baravar badavlat klubga aylantirib qo‘ymaydi. 430 milliard dollarga baholangan fond faqat «Nyukasl»ga futbolchi olib berish bilan shug‘ullanmaydi, butun dunyodagi futbolchilar ham buncha turmasa kerak aslida.

Shuningdek, 430 milliard dollar degani xuddi shuncha miqdordagi Benjamin Fraklin tasviri tushirilgan kupyuralarga to‘la qoplar saudiyaliklar omborida saqlanayotganini anglatmaydi. Fondning bor-budi, binolari, aktivlari, qiymati shunchaga baholangan. Uning asosiy vazifasi Saudiyani neftga bog‘lanib qolishdan qutqarish ekani inobatga olinsa, «Nyukasl»ga bu pulning juda kam qismi tegishini anglash mumkin.

Yuqoridagi ma'lumotlar O‘zbekistondagi «Nyukasl» muxlislarining pul miqdorini eshitib, yuragi yomon bo‘lib qolmasligi uchun edi. Aslida esa Alan Shirerning sobiq klubi aql bovar qilmas katta pulga ega fond boshqaruviga o‘tgani bor gap. Lekin bu muvaffaqiyat kaliti ham emas.

An'analar milliardlar bilan to‘qnashuvi

Angliyaning o‘z an'analariga ega bo‘lgan klubi «Nyukasl» o‘z tarixida 4 marta Angliya chempioni bo‘lgan. Oxirgi marta 1927 yilda. Klubning oxirgi muvaffaqiyatli davri sifatida Alan Shirer o‘ynagan yillar eslanadi. 1995-96 yilgi mavsumda Kevin Kigan bilan, keyingi mavsumda esa Kenni Dalglish bilan «olaqarg‘alar» APLda ikkinchi o‘rinni egallashadi. Dalglish murabbiyligidagi tugagan mavsumning yarmigacha ham jamoani Kigan boshqargandi. Albatta, u davrlarda jamoaning asosiy yulduzi Alan Shirer bo‘lgan. «Gol odam» laqabini olgan super Alan bilan «Nyukasl» keyinroq Bobbi Robbson murabbiyligida YeChLda ham o‘ynagan.

Shu-shu, «Nyukasl»da kichik porlashlar bo‘lib turadi, Bellami, Kerrol, Ba kabi yulduzlar porlab qoladi, ammo umumiy planda olganda jamoa oldinga qarab siljiyotgani yo‘q. Aksincha oxirgi yillarda pasayish bo‘ldi, jamoa hatto APLdan tushib ham ketdi. Bu esa 2008 yildan buyon klubning egasi hisoblanadigan Mayk Eshliga nisbatan muxlislarning «mehrini oshirdi». Muxlislar bir necha yildan buyon uning ketishini talab qilishadi. Saudiyaliklar savdoni pishirganda, ular avvalo Eshlidan qutulganlariga bayram qilishdi, keyinchalik arab pullaridan mast bo‘lishni boshlab yuborishdi.

Shu tariqa, o‘z an'analariga ega APL o‘rtamiyonasi katta pullarga ko‘mildi. Bundan klub muxlislari xursand bo‘layotgani tabiiy. Ammo boshqa tomondan endi yangi xo‘jayinlar an'analarga tupurishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ular katta pul tikkach, tezda natija kelishini kutishadi. Bu esa ingliz old skul vakillaridan bo‘lgan «Nyukasl» muxlislarini biroz ranjitishi bor gap. Yangi rahbariyat klub akademiyasini kuchaytirishi, «Manchester Siti» kabi o‘z futbolchilarini eksport qiladigan superjamoa qurishi ham mumkin, ammo hozir emas. Hozir avvaliga nom chiqarib olish kerak. Buning uchun esa avvalo tez natija qila oladigan Konte tipidagi murabbiy, hozirgi jamoasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan, lekin katta maoshi tufayli boshqa klublarga o‘tishi ham qiyin bo‘lgan Beyl kabi futbolchilar olib kelinadi.

«Nyukasl» rivojlanishning «Manchester Siti» yo‘lini tanlashini ham kutish qiyin, chunki «shaharliklar» ham nisbatan evolyutsion yo‘ldan borib, jamoani bosqichma-bosqich kuchaytirib borishgandi. Manchini ham natija qilib qochadigan bir mavsumlik murabbiy emasdi. Hozir birlamchi vazifasi APLda jon saqlab qolish bo‘lgan «Nyukasl»ning yangi xo‘jayinlari boshqacha holatda. Ular futbol klublarini boshqarishda yangi va tez nom chiqarishni istashadi. Buning oqibatida esa...

Tarkib parchalanib ketishi mumkin

«Nyukasl»ni hozirda Stiv Bryus boshqarmoqda. Jamoa oxirgi o‘yinlarda borayotgani, hali birorta o‘yinda yutmaganiga qaramay, tarkibida zo‘r futbolchilar yig‘ilgan. «Bornmut»da porlagan Mett Ritchi, Kallum Uilson, Rayan Freyzer, dastlab «Liverpul»dagi o‘yinlari orqali tanilgan bezori Jonjo Shelvi, Fransiya chempionatidan kelgan texnika ustasi Alan Sent-Maksimen, APLning grand jamoalarida ham o‘ynab keta oladigan Migel Almiron, o‘z vaqtida «Liverpul»ning «kushandasi» bo‘lgan Duayt Geyl, klub afsonasiga aylanib borayotgan, onasidan har bir goli uchun 5 funtdan olib turadigan Jamol Lassels kabi kuchli futbolchilar shu klubda o‘ynaydi. Agar ingliz futbolida yangi bo‘lgan saudiyaliklar radikal yo‘ldan borsa, bu futbolchilar jamoani tark etishi mumkin. Bu esa parokandalik degani.

Angliya chempionati shunchalik kuchliki, u yerda dunyoning eng zo‘r futbolchilaridan iborat jamoani shunday olib borib qo‘ysangiz, yovvoyi futbol atmosferasiga moslashib, jipslashib o‘ynay boshlaguniga qadar bir necha yil o‘tib ketadi. Ha, yulduzlarni qisqa muddatda to‘plab APLda tezda natija ko‘rsatish imkonsiz. Buni «Chelsi» va «Manchester Siti» misolida ko‘rdik. Kechagina libosiga Hollivud deb yozib olgan APL debyutanti Yevropaning amaldagi eng zo‘r klubi «Chelsi»ni ne ko‘yga solganini ko‘rdingiz. Ya'ni «Nyukasl»ni yaqin yillarda sovrindorlar qatorida kutish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, yulduzlar ham «Nyukasl» meni qachon olib ketarkin deb kutib turgani yo‘q, hamma kuchli futbolchilarning o‘z klubi bor. Boshlanishiga saudiyaliklar top-klublarda sig‘may qolayotgan Beyl yoki Koutino tipidagi futbolchilarni olib kelishga harakat qilsa kerak, chunki ular yosh, lekin nomi chiqmagan kuchli futbolchilardan jamoa tuzmoqchi emasligi ko‘rinib turibdi. Ularga shou kerak. Xuddi «PSJ»ning o‘yinlarida bo‘lgani kabi mashhurlar «Nyukasl»ning o‘yinlariga ham tushishini xohlashadi. Ammo «PSJ» ham har qanday futbolchi keladigan klubga aylanish uchun ko‘p pul sarflashdan tashqari ko‘p mehnat qildi ham.

Murabbiy kim bo‘ladi?

«Nyukasl»da tez orada murabbiy o‘zgarishini kutish mumkin. Konte tipidagi biror tez o‘zgarish qila oladigan murabbiy olib kelinishi ehtimoli yuqori. Kontening o‘zi «MYu»dan taklif bo‘lishini kutmoqda. Lekin tez orada Manchesterdan aniq taklif bo‘lmasa, u boshqa variantlar haqida ham o‘ylab ko‘rishi mumkin.

«Nyukasl»ning 430 milliard dollarlik xo‘jayinlari jamoaning oyog‘ini osmondan qilib yuborishi hech gap emas. Ular xohlayotgan variant uchun esa avvalo kuchli murabbiy kerak. Hozir har xil murabbiylar, hatto Mourino haqida mish-mishlar chiqmoqda, ammo bu variant biroz to‘g‘ri kelmaydi. Jozening o‘zi ham hozir faqat «Roma» haqida o‘ylayotganini aytdi. Balki boshlanishiga ligada jon saqlashni biladigan (o‘tgan mavsum buni ilk marta eplolmagan) Sem Ellardaysdan boshlashar?

Katta pulsiz katta jamoa bo‘lmaydi

«Nyukasl» muxlislari saudiyaliklar klubni sotib olganidan xursand bo‘lganicha bor. Axir zamonaviy futbolda katta pullarsiz katta jamoa qilib bo‘lmasligi tabiiy. Har qanday top-klub katta pullar evaziga o‘zini ushlab qola oladi. Ammo ular katta jamoaligi uchun pulni o‘zi topadi, «Nyukasl»ga esa bu pul «lotereyaga chiqdi». Uni aql bilan sarflashsa, jamoa chindan APL grandiga aylanishi mumkin. Bir necha yildan keyin, albatta. Bu borada Alan Shirer ham gapirdi. «Nihoyat bizning ham ko‘kragimizga shamol tegadigan bo‘ldi», dedi klub afsonasi. «Nyukasl» oxirgi marta 1927 yil Angliya chempioni bo‘lganini inobatga olsak, bu tarixiy g‘alabaning 100 yilligiga «olaqarg‘alar» yana Angliya chempioni bo‘lishlari sensatsiya bo‘lmasa kerak.

«Nyukasl» to‘g‘ri rivojlanish yo‘lidan borsa, APLda ham yana bir raqobatbardosh jamoa paydo bo‘ladi. Ammo futbolga emas, nomga, piarga e'tibor berilsa, bu yangi «Everton» darajasidagi puli ko‘p, ammo katta jamoaga aylanishiga doim nimadir yetmay qoladigan fabrikaga aylanib qolishi hech gap emas. Shu sababli, ishni to‘g‘ri boshqaruvdan boshlash kerak. Buni «PSJ» misolida ko‘rish mumkin. Bir vaqtlar puli ko‘pligi va hammani sotib olayotgani sabab tanqid qilingan «PSJ» bugun o‘z nomiga ega va Messi, Ramos kabi futbolchilarni tekinga qo‘lga kiritmoqda. Sabab – to‘g‘ri marketing. Arab shayxlari ishni Leonardoni olib kelishdan boshlashgandi.

G‘arb xushlamaydigan saudlar

«Nyukasl»ga katta pullar bilan birga katta muammolar ham kelishi mumkin. Masalan, Saudiyani g‘arbda neftning pulini yeb yotgan bir to‘da odamning qo‘lidagi davlat va Jamol Qoshiqchi kabi o‘zini tanqid qiladigan jurnalistlarni o‘ldirib yuborishi mumkin bo‘lgan siyosat hukmron o‘lka deb bilishadi. Hozirdan «Nyukasl» saudiyaliklar tasarrufiga o‘tganiga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. APLning 19 klubi bu masalani muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Albatta, Yevropa futboli vakillari «Nyukasl» Saudiya hukumati ta'siriga o‘tib qolishini yomon signal deb bilishadi. Chunki saudiyaliklar katta ehtimol bilan «Nyukasl» orqali Yevropa futboliga kirib kelishni istashmoqda. Yevropada puldan yoki har qanday brenddan siyosiy qurol sifatida foydalanishni xushlashmaydi. Saudlar bunday qilmasligiga esa kafolat yo‘q. Masalan, ertaga ular APL translatsiyasini sotib olishi, xohlasa, birorta tur o‘yinlarini hech kimga uzatmay qo‘yishlari mumkin deb o‘ylashadi u yerda. Va bunday bo‘lish ehtimoli yo‘q emas.

Xullas, «Nyukasl» loyihasi «Manchester Siti» va «PSJ»dan keyin yangi muhokama obektiga aylanadi. Qanday ohangdagi muhokamalar bo‘lishini esa kelajak ko‘rsatadi. Hozir anig‘i shuki, «Nyukasl» eplab bo‘lmaydigan katta pulga ega saudiyaliklar qo‘liga o‘tdi. Bu pullardan qanchasi klubga tegadi, keyingi siyosat qanday bo‘ladi – bu haqda klubdagilarning o‘zi ham bilmaydi. O‘sha gap: bu yoki yangi «PSJ» yoki yangi «Everton» bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid