Jamiyat | 15:39 / 21.10.2021
12775
5 daqiqa o‘qiladi

O‘z kasbiga fidoyi farg‘onalik farrosh: u farzandlari o‘qimishli bo‘lishini istaydi

Qor, yomg‘ir, jazirama quyosh, chang-to‘zon... Hech biriga qaramasdan doim ko‘chaga chiqadigan kishilar bor. Qishning ayozli kunlarida sovuq suvda chayilgan pollatta bilan maktablardan birida sinfxonalarni tozalab kelayotgan farrosh ayol bilan suhbatlashdik.

Farg‘ona shahridagi maktablardan birida farroshlik qilib kelayotgan Karimaxon To‘raqulova maoshi haminqadar bo‘lsa-da, boriga shukr qilib o‘z ishini sidqidildan bajarib keladi.

«1974 yilda tug‘ilganman. Quvasoy shahrining Pakana mahallasida yashayman. Saharda turib, ishga kelaman. Maktabda soat 8:00da dars boshlanadi. Dars boshlanguncha hamma yoqni supurib-sidirib saranjomlab qo‘yamiz.

Xonalar va tevarak-atrofni tozalab qo‘ygach, hamkasblarim bilan soat 9 larda choy ichishga o‘tiramiz. Undan keyin esa yana pol artishga tushib ketamiz.

4 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im zavodda ishlaydi. Kundalik yumushimiz maktab hududini tozalashdan iborat. Bir kunda 8 soat ishlaymiz. Maktab 2 smenada ishlagani uchun ham tong saharda, soat 4 da turib kelishga to‘g‘ri keladi. O‘quvchilar maktabga kelgunicha xonalarni tozalab qo‘yish kerak. Uydan maktabgacha bir soat yo‘l bosaman. Ishlarimizni qilib bo‘lib, soat 12 yoki 13 larda uyga qaytamiz».

Ishga olisdan qatnashi, topayotgan maoshi va farzandlari haqida

«Uyga qaytib non yopaman, ovqat pishiraman, kir yuvaman. Xullas, uy yumushlari bilan band bo‘laman.

700 ming so‘m oylik olaman. Yashab turgan uyimiz maktab hududidan olisda bo‘lgani uchun yo‘lkira qoplamaydi. Ishga qatnash muammo. Yo‘lkira uchun kunlik xarajatimiz 6-7 ming so‘mni tashkil qiladi. Haftada 6 kun ishlaymiz. Tushlikni maktabda qilsak qilamiz yo‘qsa, uyga borib tushlik qilamiz. Sabr-toqat qilib ishlab yuribmiz. O‘qituvchilarning bizga bo‘lgan munosabati ham yaxshi.

To‘ng‘ich qizim buxgalteriya sohasida o‘qigan. Uni turmushga uzatganmiz. Bir nevaram bor. Ikkinchi va uchinchi qizlarim pedkollejda tahsil olgan. Kichik qizlarim tekstil korxonasida ishlaydi. Ularni ham kelajakda oliy ma'lumotli qilish niyatim bor. Agar o‘qishga kira olishmasa, turmushga uzataman.

O‘g‘lim bu yil maktabni tamomladi. O‘qishga topshirgan edi. Ozgina ball yetmay qoldi. Keyingi yili ham omadini sinab ko‘rmoqchi».

O‘qituvchilarga havas qilishi, farroshlik kasbining og‘riqli tomonlari, qishda ishga kelib-ketishga qiynalishi haqida

«O‘qituvchilarga qarab, to‘g‘risi, ularga havas qilaman. Ularni hurmat qilaman. O‘qituvchilarni ko‘rib turib ham qizlarimni oliy ta'lim dargohida o‘qitishni xohlayman. Yoshligimda men ham o‘qimoqchi bo‘lib tibbiyot texnikumiga hujjat topshirgandim. Lekin kira olmaganman. Hatto hozir ham oliygohga kirib o‘qigim keladi».

«Farroshlikda eng qiyin narsa shuki, saharda kelib, mehnat qilib hamma yoqni chiroyli qilib havas bilan tozalab qo‘ysangiz, boshliq yoki biror xodim kayfiyatingizni buzib qo‘ysa, o‘shanda ishlagingiz kelmay qoladi. Lekin nolimayman, farrosh sheriklarimning hammasi yaxshi.

Qishloqdan saharda ishga kelish qiyin. Yo‘lovchi mashina birda bo‘lib, birda bo‘lmaydi. Ayniqsa, qishda avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar bo‘lgani uchun ishga kelib-ketish muammo bo‘lib qoladi. Qiynalsak ham ishga amallab yetib kelamiz.

Oyligim oz. Topgan maoshim qoplamaydi. 700 ming so‘m oz. Lekin ishlash kerak, pensiyaga staj kerak».

Farrosh ayol o‘z ishidan noligan paytlari ham bo‘lgan. Ammo u boshqalar qatori yashash uchun kurashadi.

«Qishda xonalarni tozalash biroz muammoli. Issiq suv kam bo‘ladi. Ko‘proq sovuq suvda ishlaymiz. Qo‘lqop kiyib o‘zimizni ehtiyot qilib ishlashga harakat qilamiz. Jonim azoblanib ketgan vaqtlarda noligan paytlarim ham bo‘lgan. Farrosh sheriklarim va maktab jamoasi yaxshi bo‘lgani uchun shashtimdan qaytaman.

Oylik xarajatim ko‘p. Gaz, svetga to‘lov qilish kerak. Boshqa xarajatlar ham bor: ro‘zg‘or, tirikchilik degandek. Shunga qaramay maoshni yetkazishga harakat qilamiz. Yashash kerak, harakat qilish kerak. Inson o‘zi uchun o‘zi kurashishi kerak. Shunga toqat qilib ishlaymiz.

Yaqinda qiz chiqaraman. To‘y boshlab qo‘ydik. Ikkinchi qizimni uzataman.

Maktabda farrosh bo‘lib ishlayotganimga bu yil 6 yil to‘ladi. O‘g‘lim o‘qishga kira olmagach, hozirda ustachilik qilyapti.

Xo‘jayinim shifer zavodda ishlaydi. Oylik maoshlari yetib turibdi. 1,5 million so‘m atrofida maosh oladi», — deydi u.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid