Jahon | 14:47 / 27.10.2021
3112
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Turkiyaga yangi elchi tayinladi

Avvalroq Turkiya prezidenti AQSh, Germaniya, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Kanada, Norvegiya va Yangi Zelandiya elchilarini mamlakat sudi ishlariga aralashishgani uchun tanqid qilgandi.

Foto: AP Photo / Burhan Ozbilici

Amerikalik senatorlar Jyeff Fleyk nomzodini AQShning Turkiyadagi elchisi etib tasdiqladi. 

“Senat Jyeffri Leyn Fleykni AQShning Turkiya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tasdiqladi”, – deyiladi kongress palatasi xabarida.

Nomzodni tasdiqlash Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘n nafar elchi, jumladan, AQSh elchisini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi bayonoti bilan bog‘liq mojaro yakun topganidan so‘ng amalga oshirildi.

18 oktabr kuni AQSh, Germaniya, Fransiya, Kanada, Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya va Yangi Zelandiya elchilari qo‘shma bayonot e'lon qilgan, unda Turkiya hukumatidan huquq faoli Usmon Kavala bo‘yicha masalaga tezkorlik bilan adolatli yechim topish so‘ralgan edi. Elchilar faolning hibsda saqlanishi Turkiya uchun “ko‘lanka” ekanligini qayd etgan. Bayonot e'lon qilingan kunning ertasiga bu 10 ta mamlakat elchilari Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

21 oktyabrda Turkiya prezidenti AQSh, Germaniya, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Kanada, Norvegiya va Yangi Zelandiya elchilarini mamlakat sudi ishlariga aralashishgani uchun tanqid qilgan. Keyinroq esa ularni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Dushanba kuni AQSh va boshqa mamlakatlar elchixonalari elchilarning boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid