Jahon | 21:32 / 28.10.2021
3967
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada Yevropa ittifoqi belgilagan jarimani to‘lashdan bosh tortildi

Foto: Globallookpress

Polsha adliya vaziri va bosh prokurori Zbignev Zebro Varshava Yevropa adliya sudi tomonidan mamlakatga solingan jarimani to‘lashi kerakmasligini aytdi. 27 oktyabrda sud Polsha Oliy sudining tartib-intizom palatasi tarqatib yuborilmaguniga qadar mamlakat kuniga 1 mln yevrodan jarima to‘lashi haqida hukm chiqargan. 

“Polsha qonunsizlikka bo‘ysunmaydi. Polsha bir zlotiy ham to‘lamasligi kerak”, deb aytgan vazir matbuot anjumanida. Uning ta'kidlashicha, Varshava “Turov” koni bo‘yicha solingan sanksiyalar bo‘yicha ham jarima to‘lamasligi lozim.   

Zebro adliya vaziri bo‘lib qolar ekan, jarima to‘lanmasligini talab qilishini aytgan. Avvalroq uning o‘rinbosari Sebastyan Kaleta Yevropa ittifoqi sudining hukmini “shantaj va Bryussel tomonidan Polshadagi hokimiyatni uzurpatsiya qilish” deb atagan. U Yevropa ittifoqini Polsha qonunchiligi va konstitutsiyaviy sudi qarorini mensimaslikda ayblagan.

21 sentyabrda ham Yevropa ittifoqi Polsha “Turov” ko‘mir konini yopishdan bosh tortgani uchun Varshavadan kuniga 500 ming yevro to‘lashni talab qilgan. Polsha ushbu summani ko‘mir koni yopilmagunga qadar to‘lashi lozim. Bryusselning ta'kidlashicha, kon qo‘shni Chexiya ekologiyasiga ziyon yetkazadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid