Light | 16:19 / 29.10.2021
27568
4 daqiqa o‘qiladi

Sut tishlarini davolash kerakmi?

Ko‘pincha sut tishlari kariyes oqibatida zararlanadi. Bu surunkali yuqumli kasallik bo‘lib, bolalarda 6 oylikdan, yangi tishlar chiqishi bilan boshlanadi.

Foto: Getty Images

Kasallikni kattalar so‘lagi orqali o‘tadigan kislota hosil qiluvchi bakteriyalar chaqiradi. Bakteriyalar, masalan, so‘rg‘ichni yalaganda yoki umumiy idish, ovqat orqali o‘tishi mumkin. Mikroblar tishga joylashadi, ovqat va ichimliklar tarkibida shakar bo‘lganida faol tarzda ko‘payadi. Go‘dak kechqurun uxlashdan oldin shisha idishda sut yoki sharbat ichsa, kariyes rivojlanishi ehtimoli ortadi.

Nima uchun sut tishlarini davolash kerak?

Tish emali zararlanganida tishlarda og‘riq boshlanadi. Og‘riq yo‘qolishi uchun esa tishlarni davolash kerak. Ba'zan ota-onalar stomatologga juda kech murojaat qilishadi, shuning uchun tishlarni olib tashlashga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar kariyes quyidagi oqibatlarga ham olib kelishi mumkin deb hisoblaydilar:

  • bolada o‘sishning buzilishi va vaznning kamayishi;
  • hayot sifatining yomonlashuvi;
  • o‘z-o‘ziga beriladigan bahoning pasayishi;
  • nutq va darslarni o‘zlashtirishning pasayishi;
  • doimiy tishlarda kariyesning paydo bo‘lishi;

milk tuzilishining o‘zgarishi, u doimiy tishlar noto‘g‘ri o‘sishiga sabab bo‘ladi.

Sut tishlari qanday davolanadi?

Hammasi stomatologga qaysi bosqichda murojaat qilinishiga bog‘liq. U davolashning quyidagi variantlarini taklif etishi mumkin:

  • Lakli ftorid bilan ishlov berish. Zararlangan tishga hech qanday maxsus tayyorgarliksiz suyuqlik surtiladi, u qurib himoya plyonkasini hosil qiladi. Ftor esa mikroblar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Plomba qo‘yish. Dastlab shifokor stomatologik mashina yordamida kariyesga uchragan tish yuzasini tozalaydi, keyin esa uni plombalaydi. Plomba ovqat va mikroblarning bo‘shliqqa tushishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Sut tishlari: kariyesning oldini qanday olish mumkin?

Buning uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish kerak:

  • Tishlar yorib chiqquniga qadar bola tongda uyqudan uyg‘ongach va uxlashidan oldin milklarini yumshoq gubka bilan arting. Bu bakteriyalarni yo‘qotishga yordam beradi.
  • Tishlar paydo bo‘lishi bilan ularni ftorli bolalar tish pastasi bilan yumshoq cho‘tkada yuving. 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tishlarini kuniga 2 marta 2 daqiqadan yuvish kerak.
  • Bolani shisha idishdagi ichimlik yoki yegulik bilan uxlashga yotqizmang.
  • Shisha idishdan so‘rg‘ich sifatida foydalanmang, bolaga ularni uzoq vaqt og‘zida ushlab turishi yoki o‘ynashiga ruxsat bermang.
  • Ichish uchun ftorli suv bering.
  • Bola 12-15 oylik bo‘lganida uni oddiy piyoladan suv ichishga o‘rgating. Ana shunda tishlar orasida suyuqlik to‘planmaydi.
  • Ovqatlanishiga ahamiyat bering. Bola qand, marmelad, pechene yoki chipslarni qanchalik kam yesa, tishlari ham shunchalik sog‘lom bo‘ladi.
  • Sharbatni faqat ovqat vaqtida bering yoki umuman bermang. AQSh Pediatriya akademiyasi mutaxassislari 6 oygacha bo‘lgan bolalarga bunday ichimliklarni ichirishni maslahat bermaydilar. 6 oylikdan 12 oylikkacha bo‘lgan bolalarga sutkasiga 100 ml sharbatni suv aralashtirgan holda berish tavsiya etiladi. 1-6 yoshdagi bola kuniga 180 ml.dan ortiq bo‘lmagan sharbat ichishi mumkin.
  • Bolani 1 yoshgacha bo‘lgan davrda stomatologga olib boring. Bu muammoni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi.

Lifehacker saytidan olindi.

Mavzuga oid