Jahon | 18:16 / 01.11.2021
21243
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi to‘yda musiqa qo‘yilgani uchun odamlar otib tashlandi

Foto: Getty Images

Afg‘onistonning Nangarxor viloyatidagi to‘ylardan biriga qurollangan shaxslar bostirib kirib, odamlarni otib tashlagan. Bu haqda ko‘plab nashrlar, xususan, CNN yozmoqda.

Qurollangan shaxslar o‘zini «Tolibon» vakillari deb tanishtirib, kamida ikki kishini otib tashlagan, o‘nlab odamlar yaralangan. Ma'lum bo‘lishicha, qurollangan odamlar to‘yda musiqa qo‘yilgani sabab bostirib borgan va shundan janjal yuzaga kelgan.

«Tolibon» rasmiy vakili Zabihullo Mujohid to‘yxonaga hujum qilganlar toliblar emas, aksincha harakat nomini qora qilmoqchi bo‘lganlar ekanini aytdi. «Islom amirligida hech kim insonlarni ajablantirish uchungina ularni musiqa yoki boshqa narsadan qaytarishga haqli emas», degan Mujohid matbuot anjumanida.

Ma'lum bo‘lishicha, to‘yda to‘rt nafar juftlikning nikoh oqshomini o‘tkazish rejalashtirilgan va ular to‘yda musiqa qo‘yilishi uchun «Tolibon»ning mahalliy vakillaridan ijozat so‘rab, faqat ayollar bo‘ladigan joyda musiqa chalinishiga ruxsat olgan. Qurollangan odamlar to‘y vaqti bostirib borib, musiqa uskunalarini sindirib tashlamoqchi bo‘lgan. Odamlar qarshilik ko‘rsatgach, ularga qarata o‘q otishgan. Hujum qilgan uch odamdan ikki nafari «Tolibon» tomonidan qo‘lga olingan.

Ma'lumot uchun, «Tolibon»ning 1996-2001 yillarda davom etgan oldingi hukmronligi davrida Afg‘onistonda musiqa rasman taqiqlangandi. Ammo hozirda hukumat tepasiga kelgan harakat hozircha bunday cheklovni ilgari surgani yo‘q.

To‘yda otishma sodir bo‘lgan Nangarxorga IShID vakillari ham ancha faol va bu harakat «Tolibon»ni obro‘sizlantirish bir necha marta yuqoridagi kabi harakatni amalga oshirgani ma'lum.

Mavzuga oid