O‘zbekiston | 11:45 / 02.11.2021
2061
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 8145 dona kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari fosh etildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar vaqtida ko‘p miqdorda kuchli ta'sir etuvchi dori vositalari fosh etildi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida to‘xtab turgan, fuqaro Q.J. boshqaruvidagi «Lacetti» belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashinaning old yo‘lovchi o‘rindig‘i pastki qismida hech qanday hujjatsiz, xorijda ishlab chiqarilgan 300 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasi hamda yo‘lovchi Z.J.ga tegishli, ishga aloqador 407 AQSh dollari va qariyb 3 mln so‘m pullar borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan holda fuqaro Q.J.ning vaqtincha yashab kelayotgan Sergeli tumanida joylashgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1215 dona «Tropikamid» va 2100 dona «Regapen pregabalin» nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari borligi ma'lum bo‘ldi va ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, yana bir holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida Chilonzor tumani hududidagi mehmonxonalarning birida fuqaro A.A.ga biriktirilgan xona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada unga tegishli 2 dona sumkada jami 4530 dona kapsulada kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalariga o‘xshash moddalar borligi aniqlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositasi tarkibida sof og‘irligi 45,3 g «zaleplon» nomli kuchli ta'sir qiluvchi moddasi mavjudligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid