O‘zbekiston | 20:35 / 03.11.2021
11644
2 daqiqa o‘qiladi

Avtobus bekatidagi muammolar: odamlar nimalardan aziyat chekishmoqda?

Bekatlarning 91 foizida transportlarning harakatlanish jadvali mavjud emas, 62,9 foizi esa chiqindi qutilari bilan ta'minlanmagan.

Jamoat transportidan foydalanishda bekatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo respublika miqyosida bekatlarning aksariyati talab darajasida emas.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 850 dan ortiq jamoat transporti bekatlarining holati bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, bekatlarning 91 foizida avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi va jamoat transportining harakatlanish jadvali mavjud emas.

Tegishli me'yoriy hujjatlarga ko‘ra, avtomobil yo‘llari toifasiga qarab, avtobus bekatlarida quyidagi elementlar bo‘lishi kerak: chiqish maydonchasi, tushish maydonchasi, kutish joyi, o‘tish chiziqlari, avtobuslar to‘xtashi uchun yo‘lning maxsus kengaytirilgan qismi, ajratuvchi chiziq, trotuar va piyodalar yurish yo‘lakchalari, piyodalar o‘tish joyi, avtopavilon, o‘rindiqlar, chiqindi uchun qutilar va yoritish uskunalari.

Shuningdek, aksariyat avtobus bekatlari daromad olish shoxobchalariga aylantirilgan. Bekatlarning hajmi kichikligi va ularning maydonlarini do‘konlar, fast-fud, kafelar egallagani sababli iste'molchilar avtobuslarni asosan quyosh yoki yomg‘ir ostida kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Zamonaviy avtobus bekatlarining yana bir muhim muammolaridan biri – nogironlar aravachasi uchun panduslarning mavjud emasligi ekani ma'lum qilingan.

O‘rganishlarga ko‘ra:

  • 91 foiz bekatda avtobuslarning yo‘nalish marshrutlari sxemasi mavjud emas;
  • 62,9 foiz bekat chiqindi qutilari bilan ta'minlanmagan;
  • 37,2 foiz bekatda kutish zali mavjud emas;
  • 36,5 foiz bekatda yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar yetarli emas;
  • 31,6 foiz bekatda yo‘lovchilar o‘rindig‘i umuman yo‘q;
  • 28,9 foiz bekatda kutish xonalari belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.

Mavzuga oid