O‘zbekiston | 22:17 / 11.11.2021
32225
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar hokimi fuqaroni haqorat qildi. Bunga huquqiy baho beriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov va fuqaro o‘rtasidagi telefon suhbati tarqaldi. Suhbat davomida hokim fuqaroni haqorat qilgan.

Foto: Andijon shahar hokimligi

Andijon viloyati hokimligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, audioyozuvdagi ovoz haqiqatan ham Bahromjon Haydarovga tegishli.

Fuqaro tomonidan aytilayotgan ijara haqi va uyini tiklash to‘g‘risidagi holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

«O‘rganish davomida fuqaro O.N istiqomat qiladigan A. Navoiy shoh ko‘chasi 57-sonli ikki qavatli uyi "snos"ga tushganligi, hozirgi kunda «Sulton xaus» MChJ qurilish firmasi tomonidan shu joyga ko‘p qavatli uy-joy majmuasini qurilish ishlari olib borilayotganligi sababli, fuqaro O.N ijaraga chiqarilib, unga ijara pullari doimiy ravishda to‘lab kelinmoqda. 

Bundan tashqari, fuqaro O.N Andijon shahar hokimiga doimiy ravishda (kunu tun) 10-15 martadan telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirib, 2-xonali 52 kv.metrdan iborat bo‘lgan xona joyiga «Sulton xaus» MChJdan shahar markazidan 400 kv.metrdan iborat bo‘lgan uy-joy va "Jyentra" avtomobili undirib berishini aytib, shahar hokimini doimiy obro‘sizlantirib kelgan. 

Vaholanki, ushbu fuqaro O.N.ning ushbu xonadonga nisbatan uy-joyga bo‘lgan egalik huquqi mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi. Aslida esa uy-joy onasining nomida ekanligi va «Sulton xaus» MChJ qurilish firmasi hamda fuqaro O.N.ning onasi o‘rtasida o‘zaro kelishgan holda yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon ajratib berish haqida kelishuvga erishilgan. 

Bugungi kun holatiga fuqaro O.N.ning onasi (uyning asl egasi)ga ijara uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pullar to‘laligicha to‘lab berilgan», deyiladi hokimlik xabarida.

Bundan tashqari, Andijon shahar hokimining fuqaro bilan muloqoti davomida ishlatgan haqoratli so‘zlari uchun Andijon viloyati hokimligi tomonidan alohida huquqiy baho berilishi ma'lum qilingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid