Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi: bu inauguratsiya oldidan ro‘y bergani tasodifmi?
Internet platformalarini bloklashga bosh-qosh bo‘lganlar zanjirida kimlar bor edi? 16 apreldan kuchga kirgan qonun va 2 iyuldagi ko‘rsatma ijrosi uchun nega aynan prezidentning qasamyod qilishi arafasidagi kunlar “tanlandi”?
3 noyabr kuni yana 4 ta internet platformasining O‘zbekistondagi faoliyati cheklandi. Tarmoqlarning bloklanishi ortidan 3 nafar amaldor ishdan ketdi va shu bilan xuddi mavzu yopilgandek.
Rezonans keltirib chiqargan voqeaga poydevor qo‘ygan deputatlarning sukuti ayniqsa qiziq. Amalda ishlashini talab qilish kerak bo‘lgan shuncha qonun turganda, deputatlar aynan tarmoqlarni bloklashga oid qonun nega ijro etilmayapti deb dod-voy qilgan, hukumat mas'ullarini chaqirib izoh talab qilgandi.
Qizig‘i shundaki, bu izoh talab qilish bundan yarim yil oldin bo‘lgandi. Nega shuncha vaqt oldin kuchga kirgan qonun muhim siyosiy tadbir – prezident inauguratsiya marosimiga ikki kun qolganda ishlab ketdi?
Hamma mayda detallargacha rahbar bilan kelishib ishlashga o‘rgangan amaldorlar bunday katta rezonansga sabab bo‘lishi aniq bo‘lgan voqeani “mustaqil” hal qilishganmi? Umuman, hukumat ko‘rsatmasiga asosan “O‘zkomnazorat” tomonidan “bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan” bu harakatlar zanjirida kimlar bor edi? Ushbu maqolada shular haqida so‘z yuritamiz.
Ma'lumki, O‘zbekistonda internet platformalari faoliyatining cheklanishi “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga joriy yil yanvar oyida qo‘shilgan va 16 apreldan qonuniy kuchga kirgan 27-1-moddasi bilan bog‘liq. Jumladan, unda shunday deyiladi:
“Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart”.
Ko‘rib turganingizdek, qonunning bu moddasi mulkdor va operatorga qo‘yilgan talabdan iborat. Hujjatda agar xorijiy operator talabni bajarmasa, oqibati nima bo‘lishi haqida gap-so‘z yo‘q.
Qonunning bahsli 27-1-moddasi ijrosi uchun Vazirlar Mahkamasining alohida qarori qabul qilingan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, shu yil 29 aprel kuni “Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 255-sonli qaror bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan.
Ushbu qaror bilan:
- “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va –
- Nizomga ilova tariqasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlarini buzgan mulkdor va (yoki) operatorlarni Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritish va undan chiqarish tartibi” sxemasi tasdiqlangan.
Nizomda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrini yuritish orqali, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Endi to‘g‘ridan to‘g‘ri bloklash jarayonini tahlil qilib ko‘rsak.
3 noyabr kuni O‘zbekistonda faoliyati cheklangan 4 ta ijtimoiy tarmoq faqatgina hukumat ko‘rsatmasiga asosan, rahbariyat bilan kelishmagani uchun ishdan olingan “O‘zkomnazorat” boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev “qo‘li bilan” amalga oshmaydi. Harqalay, qonunchilikda shunaqa.
Buning uchun dastlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari buzilish holatlarini aniqlash maqsadida Internetda xorijiy mulkdorlar faoliyatini monitoring qilib boradi.
Bu markaz direktori haqida ochiq manbalarda ma'lumot yo‘q. Kun.uz so‘roviga javoban agentlik mas'uli markaz direktori kimligi yopiq ma'lumot ekanini bildirdi. Mavzudan uzoqlashmaslik uchun bu markaz direktorining direktori, ya'ni AOKA rahbari – Asadjon Xodjayevni biz tizayotgan zanjirning birinchi halqasi deb hisoblayveramiz.
Agar markaz fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning shartlari buzilganini aniqlasa, 24 soat davomida sohadagi vakolatli organ – Davlat personallashtirish markazi (Ulug‘bek Toshxo‘jayev)ga xulosa berish uchun ma'lumot kiritadi.
DPM ma'lumotni olgandan so‘ng 24 soat ichida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasiga (G‘olibsher Ziyayev, sobiq rahbar) xorijiy mulkdorlar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish shartlari buzilgani yuzasidan xulosa taqdim etadi.
Nizomda Davlat personallashtirish markazi (Ulug‘bek Toshxo‘jayev) o‘zining xulosasida qaysi qonunchilik normasi buzilganini ko‘rsatib, reyestrga kiritish hamda mulkdorlarga nisbatan choralar ko‘rish yuzasidan taklif beradi.
“O‘zkomnazorat” (G‘olibsher Ziyayev, sobiq rahbar) esa xulosa kelib tushgan kundan boshlab bir kun muddatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xorijiy mulkdorga (masalan, Telegram yoki Facebook'ga egalik qiluvchi kompaniyaga) aniq muddat belgilagan holda tegishli ko‘rsatma berishi kerak.
“O‘zkomnazorat” ko‘rsatmada belgilangan muddatda qonun buzilishi holatlarini bartaraf etmagan mulkdor to‘g‘risidagi ma'lumotlarni dastlab Reyestrga kiritadi. So‘ng 12 soat davomida mulkdor yoki operatorning internetdan foydalanishini cheklash bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga taqdimnoma beradi.
Vazirlik (Shuhrat Sodiqov, sobiq vazir) Reyestrga kiritilgandan so‘ng 12 soat davomida xorijiy mulkdor yoki operatorning O‘zbekistonda internetdan foydalanishini cheklaydi, ya'ni bloklaydi.
Yuqoridagi zanjir – rasmiy byurokratik tartib. Biroq amalda u qanchalik ishlagani bizga qorong‘i. Bu jarayonda rasmiy zanjirda yo‘q boshqa organlarning ham ta'siri bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Eng kamida Olimjon Umarovning ishdan olinishi shunday xulosaga yetaklaydi. Chunki bosh vazir maslahatchisi − IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘ining o‘rni rasmiyatchilik zanjirida yo‘q edi.
Qonun ijrosi uchun nega aynan prezident qasamyod qiladigan kunlar “tanlandi”?
Yuqorida e'tibor qilgan bo‘lsangiz, “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun”ning 27-1-moddasi talabi 16 apreldan kuchga kirgan. Bu talabni buzgan mulkdorlarni bloklash tartibi (jarayon zanjiri)ning boshida AOKAning tegishli markazi va Davlat personallashtirish markazi turibdi.
Nizomga ilova qilingan sxemada esa Markaz va DPM doimiy ravishda xorijiy mulkdor faoliyati monitoringini amalga oshirishi belgilangan. Xorijiy mulkdorlar esa inauguratsiyadan ikki kun oldin emas, joriy yil 16 apreldan boshlab qonun talabini buzib kelishgan.
Davlat personallashtirish markazi reyestriga kiritilib, keyin o‘chirib yuborilgan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatiga nazar solsak, yana ham qiziq holatga duch kelamiz.
“O‘zkomnazorat” tomonidan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etmagan mulkdor (Telegram, Facebook, YouTube, Instagram) to‘g‘risidagi ko‘rsatma 2 iyul kuni kiritilgan. Esingizda bo‘lsa, ayni o‘sha 2 iyul kuni O‘zbekistonda Twitter, TikTok, Skype, Vkontakte va Wechat platformalariga kirish cheklangan edi.
Lekin, “O‘zkomnazorat” Telegram, Facebook, YouTube va Instagram'ni bloklash bo‘yicha taqdimnomani AKT vazirligiga oradan oylar o‘tib, prezident Shavkat Mirziyoyev qasamyod qilishidan 2 kun oldin yuborgan. Bundan kelib chiqadiki, vazirlikka ko‘rsatma berishni cho‘zib yurgan “O‘zkomnazorat”ga 2 noyabr kuni kimdir turtki berib yuborgan.
Bu jarayonda, “O‘zkomnazorat” Telegram va boshqalarga ko‘rsatmani 2 iyul kuni yuborib, serverlarini O‘zbekistonga olib kelish haqida ogohlantirgan va Nizomga asosan, bu talabni bajarish uchun ularga muhlat bergan. Va bu muhlat 4 oy ekaniga ishonish qiyin, chunki 2 iyul kuni bloklangan tarmoqlarga berilgan muhlat hatto 1 oyga ham bormagan edi.
Reyestrdan ko‘rinishicha, 2 iyulda bloklangan Twitter, Wechat va Vkontakte tarmoqlariga serverlarini O‘zbekistonga olib kelish uchun 26 kun, TikTok va Skype'ga esa bor-yo‘g‘i 16 kun vaqt berilgan.
3 noyabr kuni bloklangan 5ta tarmoqqa yuborilgan ko‘rsatmalarda ularga qancha vaqt berilgani yuzasidan Kun.uz so‘roviga javoban, “O‘zkomnazorat” matbuot xizmati bu ma'lumot sir tutilishini ma'lum qildi.
Nima bo‘lganda ham...
Bu “o‘zboshimchalik” muhim tadbir – inauguratsiyaga atigi 2 kun qolganda sodir etilgani jarayon zanjiridagi eng shubhali jihat bo‘lib qolmoqda.
“O‘zboshimcha”lar bu harakatlari ortidan mislsiz shov-shuv ko‘tarilishi va mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga jiddiy ziyon yetishini oldindan bilmagan, tahlil qilmagan deb o‘ylaysizmi?
Bu haqda bilmaslikning va oqibatlarini oldindan chamalab ko‘rmaslikning imkoni yo‘q. Baski shunday ekan, “to‘polon”lardan keyin lavozimlaridan ayrilgan uchovlon bunday olamshumul ishga o‘zlari qodir edi, deb hisoblasa bo‘ladimi?
Ko‘rib turganimizdek, savollar va idrokimiz voqealar zanjirida yana boshqa odamlar, ta'bir joiz bo‘lsa hal qiluvchi shaxs(lar) bo‘lgan degan xulosaga yetaklayveradi.
Farrux Absattarov
Mavzuga oid
14:25 / 28.05.2022
Senat O‘zbekistonda milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratilmaganini tanqid qildi
18:45 / 27.04.2022
«O‘zkomnazorat»ga yangi rahbar tayinlandi
17:15 / 17.03.2022
Shermatov TikTok bilan muzokara o‘tkazishi fonida bir nechta tarmoq vaqtincha VPN'siz ishladi
08:42 / 19.02.2022