Jahon | 09:57 / 14.11.2021
2020
2 daqiqa o‘qiladi

Latviyada emlanmagan deputatlar o‘z ishidan chetlatiladi

Latviya parlamenti – seym deputatlari koronavirusga qarshi emlanmagan va kasallikni boshdan o‘tkazmagan davlat va mahalliy hokimiyat darajasidagi amaldorlarni maoshini saqlamagan holda ishdan chetlatishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. 

Foto: Flickr

Hujjat 15 noyabrdan kuchga kiradi. Shu kundan boshlab COVID-sertifikatlari bo‘lmagan deputatlarga parlamentning onlayn va oflayn yig‘ilishlarida hamda komissiyalar ishida ishtirok etish taqiqlanadi.

Deputatlar parlamentning mandat, axloq va bayonotlar bo‘yicha komissiyasiga emlanganlik haqidagi sertifikatini ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Ta'kidlanishicha, seymning navbatdagi yig‘ilishida komissiya sertifikati bo‘lmagan va shu sababli yig‘ilishlarda ishtirok eta olmaydigan deputatlarni ma'lum qiladi.

Reuters axborot agentligining xabar berishicha, ayni vaqtda seymning 100 deputatidan 9 nafari emlanishdan bosh tortgan. Shu bilan birga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra emlanishi tavsiya qilinmaydigan deputatlar o‘z ishini davom ettira oladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, seym ushbu chorani hukumatning koronavirusga qarshi siyosatiga nisbatan aholi o‘rtasida ishonchni oshirish maqsadida qabul qilgan.

Reuters’ning ta'kidlashicha, Latviya Yevropa ittifoqi davlatlari orasida aholisi eng kam darajada emlangan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda aholining 65 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning bir dozasi, 58 foizi esa ikki dozasi bilan emlangan. Bu orada Yevropaning aksariyat davlatlarida bu ko‘rsatkichlar 76 foizdan yuqoriroqni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, 15 noyabrdan Latviyada karantin qat'iylashtirilmoqda. Jumladan, mamlakatda komendantlik soati kiritiladi, o‘quvchi va talabalar masofadan o‘qishga o‘tkaziladi, birinchi ehtiyojdagi tovarlar sotiluvchi do‘konlargina ochiq qoladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid