O‘zbekiston | 22:52 / 15.11.2021
111830
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Inoyatov prezident maslahatchisi lavozimidan ketdi

Prezident Baxtiyor Islomovni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinladi. Bungacha ushbu lavozimda Rustam Inoyatov faoliyat olib borayotgandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tegishli farmoni bilan Baxtiyor Jahongirovich Islomov Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Baxtiyor Islomov 2020 yil noyabridan buyon prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenovning birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgan edi.

Baxtiyor Islomov Foto: KUN.UZ

U muqaddam Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida sudyalik qilgan, 2020 yil noyabrigacha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi bo‘lgan. 

Ayni vaqtda Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati ro‘yxatida ham Islomov prezident maslahatchisi sifatida ko‘rsatilgan. Doniyor Qodirov uning o‘rinbosari hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 2018 yil avgustidan buyon prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida Rustam Inoyatov ishlayotgandi. U muqaddam ko‘p yillar mobaynida Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) raisi lavozimida bo‘lgan. Uning keyingi ish joyi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid