Jamiyat | 10:58 / 21.11.2021
64466
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov vafot etdi

«Ajoyib xayolparast» filmi orqali kinomuxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor ko‘p vaqtdan buyon betob bo‘lgan.

Foto: O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi

O‘zbekiston xalq artisti, «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari hamda «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni sohibi Baxtiyor Ixtiyorov 81 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. 

«O‘zbekkino»dagi manbaning Kun.uz’ga xabar qilishicha, Baxtiyor Ixtiyorov ancha vaqtdan buyon betob bo‘lib, to‘shakda yotgan. Marhumning janozasi Chilonzor ko‘chasidagi («O‘zbekfilm» binosi joylashgan ko‘cha) «Sobitxon hoji ota» masjidida asr namozi vaqtida o‘qiladi.

Baxtiyor Ixtiyorov 1940 yil 28 martida Buxoroda tug‘ilgan. 1963 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent Teatr va rassomchilik institutining (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san'ati instituti) musiqali drama fakultetini tamomlagan.

1956 yildan Buxoro musiqali teatrida ishlagan, 1959-1976 yillarda Muqimiy nomidagi musiqali teatrida aktyor va rejissyorlik qilgan, 1980-1988 yillarda teatr bosh rejissyori bo‘lgan.

1976-1980 yillarda «Yosh gvardiya» teatri (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr)da ishlagan, 1988-1991 yillarda Abdulla Qahhor nomidagi Satira teatrida bosh rejissyor bo‘lgan, 1991 yildan shu teatrda aktyor va rejissyor sifatida ishlagan.

Baxtiyor Ixtiyorov sermahsul ijodi davomida «Yor-yor», «Ajoyib xayolparast», «O‘tgan kunlar», «Nodirabegim», «Yettinchi jin», «Abu Rayhon Beruniy», «Yettinchi o‘q», «Shum bola» kabi juda ko‘plab filmlarda rollar ijro etish bilan bir qatorda o‘zbek teatr san'ati rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan.

Kun.uz jamoasi marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid