O‘zbekiston | 20:04 / 24.11.2021
19621
5 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri o‘qituvchi va ota-onalarga murojaat bilan chiqdi

Baxtiyor Saidovning bildirishicha, xalq ta'limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar va ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

“Xalq ta'limi vaziri lavozimiga kirishganimga ko‘p fursat o‘tmadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimiz kelajagini belgilab beruvchi o‘ta mas'uliyatli sohaning menga topshirilishi, so‘zsiz juda katta javobgarlikni yukladi.

Ta'kidlash joizki, faoliyatimning ilk kunidanoq tizimda bugungacha amalga oshirilgan va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bilan ozmi-ko‘pmi tanishdim. Darhaqiqat, qilingan ishlar ko‘pligi kabi qilinadigan ishlar ham undan kam emas. Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q”, deyiladi murojaatda.

Saidov xizmat safari bilan Jizzaxga borgani va joylardagi maktablarga kirib, holat bilan tanishganini qayd etgan.

“Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Sadriddinovaning aytgan bir gapi menga juda qattiq ta'sir qildi. Afsuski, bugun ayrim ota-onalar orasida farzandlariga: “O‘qigin bolam, hech bo‘lmasa o‘qituvchi bo‘lasan”, deganlari ham uchrayotgan ekan. Bu gap menga juda og‘ir botdi. Bugun bizning oldimizda turgan birinchi galdagi vazifa mana shunday noto‘g‘ri qarashni yo‘q qilish!” — deb ta'kidlagan xalq ta'limi vaziri o‘z murojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir insonning mustaqil va yetuk shaxs sifatida kamol topishida maktabning roli juda katta. Aynan maktabda insonning “Men” degan tushunchasi shakllanadi.

“Shuning o‘zi mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonning oldida ulkan mas'uliyat, ya'ni bir shaxs taqdiri orqali millat, davlat va kelajagimizning taqdiriga javobgarlik yotganini anglatadi.

Buning uchun, avvalo, pedagoglarning, o‘qituvchilik kasbining mavqeyini ko‘tarishimiz kerak. To‘g‘ri, tan olish kerak, o‘qituvchilarning ham barchasi birdek emas. Fidoyi o‘qituvchilar bor, afsuski bu kasbga adashib yoki ilojsizlikdan kirib qolgan o‘qituvchilar ham bor. Lekin o‘qituvchilik va fidoyilik tushunchalari doimo hamohang bo‘lgan. O‘qituvchi zimmasidagi mas'uliyatni ich-ichidan his qilishi kerak. Kelajagimiz taqdiri o‘qituvchilarimiz qo‘lida.

Inson borki, farzandim, deb yashaydi! Bas, shunday ekan, xalq ta'limi sohasiga hech birimizning befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q! Konimex, Qonliko‘l, Sherobod, Olot degan chekka hududlarimiz bor. U yerdagi ota-onalar hamda bolalarning kelajakka ishonchini uyg‘otish o‘z qo‘limizda. Ota-ona: “O‘qib dunyo olib berarmiding, chiq tomorqada ishla”, deb emas, “O‘qi, bilim ol, bolam, kelajakda buyuk inson bo‘lasan!” deb yashashi lozim. Muhandis bo‘laman, olim, vazir yoki shifokor bo‘laman, degan bolaning shahdi sinishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Oldimizda turgan asosiy vazifa bolaning ham, ota-onaning ham o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish!

Buyuk faylasuf Aristotel shunday degan: “Ta'limning ildizlari achchiq, lekin mevasi shirin”. Bugungi achchiq mehnatimiz, albatta, kelajakda o‘zining shirin mevasini beradi. Bugun biz xalq ta'limi tizimidagi 7 million aholi taqdiri orqali butun xalqimiz, vatanimiz kelajagiga ta'sir o‘tkazamiz. Buning javobgarligini har bir sohada faoliyat yuritayotgan inson his qilishi lozim. Har birimiz ta'lim rivoji uchun nima qila olaman, degan o‘y bilan yashasak, maqsadimizga erishamiz. Bugun jamoaning oldiga aynan mana shu vazifani qo‘ydim va bu yo‘lda ular men bilan kamarbasta bo‘lishlariga ishonaman. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va yuksak ishonchni oqlashimiz zarur!” deya ta'kidlaydi Saidov.

Baxtiyor Saidovning bildirishicha, vazirlik tomonidan Xalq ta'limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Vazir o‘qituvchi nufuzi, o‘quvchilarning ta'lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, umuman xalq ta'limi tizimini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalarni izohlarda hamda so‘rovnoma orqali kutib qolishini bildirgan.

So‘rovnomaga ushbu havola orqali o‘tish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Saidov 17 noyabr kuni xalq ta'limi vaziri lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid