Jahon | 18:44 / 26.11.2021
3993
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Polshadan qochqinlarni Germaniyaga o‘tkazib yuborishni so‘radi

Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar muammosi shu yo‘l bilan yechiladi.

Foto: Sergey Bobylev/TASS

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Polshaga ikki mamlakat chegarasidagi qochqinlarni Germaniyaga o‘tkazib yuborishni so‘rab murojaat qildi.

“Bu yerda o‘z oilalari bilan birlashishni istayotgan ko‘plab odamlar bor, ularni o‘zingizga oling. Bu Germaniya uchun katta yuk emas. Ammo polyaklar barchani to‘sib turibdi”, — dedi Lukashenko Polsha bilan chegaradagi logistika markazi yaqinida migrantlar oldida qilgan chiqishida.

Uning aytishicha, muammo shu bilan barham topadi.

“Shuning uchun polyaklardan yana bir bor so‘rayman: bizga hech qanday to‘qnashuvlar, ayniqsa, urush kerak emas, bu odamlarni Germaniyaga o‘tkazib yuboring. Ular Belarusga, Polshaga kelmayapti. Ular Germaniyaga ketishyapti, ularni o‘tkazib yuboring va muammo yechiladi”, — dedi Belarus prezidenti.

U shu bilan birga, Belarus hukumati mamlakatdagi migrantlarning G‘arbga o‘tishiga to‘sqinlik qilmasligini aytdi.

“G‘arbga borishni istasangiz, sizlarni ushlab, do‘pposlamaymiz. Bu sizning ixtiyoringiz. O‘ta olsangiz – boravering”, — dedi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, Belarus hukumati qochqinlarni majburan chiqarib yubormaydi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid