O‘zbekiston | 20:01 / 26.11.2021
45806
6 daqiqa o‘qiladi

Xizmat mashinalari va ularning xarajatlari. Oliy sudda vaziyat qanday?

Oliy sud raisining xizmat avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchragani, buning oqibatida haydovchi jarohat olgani haqidagi xabarlarga ko‘zingiz tushgandir. Ma'lum bo‘lishicha, YTH ro‘y bergan vaqtda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov Malibu’da bo‘lmagan. 22 oktabr kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida OAV 18 noyabr kuni xabar topdi.

YTH natijasida Oliy sud raisining xizmat avtomobiliga qanchalik shikast yetgani noma'lum. Hodisa bo‘yicha Kun.uz muxbirining savollariga javob bergan Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov haydovchining jarohati jiddiy emasligi, ayni paytda davolanayotganini aytish bilangina kifoyalangan.

Mansabdorlarning xizmat mashinalari haqidagi surishtiruvlarning bu galgi nishonida – Oliy sud.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2021 yil 1 iyuldan boshlab mansabdor shaxslarning transport bilan bog‘liq xarajatlari haqidagi ma'lumotlar idoralarning rasmiy saytlariga hamda Ochiq ma'lumotlar portaliga joylashtirib borilishi belgilangan.

Xo‘sh, Oliy sud mazkur talabga qanchalik rioya etmoqda?!

Oliy sud rasmiy saytidagi Ochiq ma'lumotlar bo‘limida keltirilishicha, idora tasarrufida 18ta avtomashina mavjud. Shundan:

1ta MercedesBenz;

5ta Malibu2;

2ta Malibu1;

5ta Lacetti2;

3ta Nexia3;

2ta Damas avtomobilidir.

Bu – 2021 yil 1 iyul holatigacha bo‘lgan ma'lumot. Ya'ni ushbu ma'lumot saytga salkam besh oy avval joylangan va shu paytgacha yangilanmagan. Holbuki, 2021 yil 16 iyundagi 6247-sonli prezident farmonida ushbu ma'lumotlar har chorakda yangilab borilishi belgilab berilgan. Demak, Oliy sud farmonning ushbu talabini bajarmayapti.

Aziz Obidovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 1 iyuldan buyon Oliy sud tasarrufidagi xizmat avtomobillari soni o‘zgarmagan. Ya'ni ro‘yxatdagi hech bir mashina sotib yuborilmagan, shuningdek, yangi transport xarid qilinmagan. Xizmat mashinalari soni va tarkibi o‘zgarmagan taqdirda, ma'lumot kiritilgan sana yangilab qo‘yilsa olam – guliston.

Oliy sud raisiga Mercedes–Benz rusumli transport vositasi xizmat mashinasi sifatida biriktirilgan. Komilovning matbuot kotibi yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan vaqtda Mercedes–Benz profilaktika uchun texnik ko‘rikda bo‘lganini aytmoqda. «Shu sababli mehmonlar uchun ajratilgan Malibu raisning xizmatini qilib turgandi», — deydi u.

Shuningdek, tashkilot rahbariga biriktirilgan Mercedes–Benz’ning rusumi vazirlar va boshqa davlat organlari rahbarlari uchun ajratilgan avtomashinalarniki bilan bir xil ekani ta'kidlandi.

Oliy sud mansabdorlarining xizmat mashinalari haqidagi rasmiy ma'lumot (2021 yil 26 noyabr holatiga)

O‘zbekiston bosh prokuroridan farqli o‘laroq, Oliy sud raisining 6 emas, 4 nafar o‘rinbosari bor. Xo‘sh, ularga qaysi rusumdagi avtomobillar biriktirilgan? Ochiq ma'lumotlarda keltirilishicha, idora tasarrufidagi 5ta Malibu–2’dan 4tasi o‘rinbosarlarga ajratilgan.

Oliy sud apparati rahbari hamda Ekspertlar guruhi rahbariga bittadan Malibu–1 xizmat ko‘rsatsa, 5ta Lacetti–2 Oliy sudning fuqarolik, jinoyat, ma'muriy hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atlari va idora matbuot xizmatiga, 3ta Nexia–3 hamda 2ta Damas navbatchilik qismiga biriktirilgan.

Ochiq ma'lumotlarda 18ta xizmat avtomobilining nechtasi to‘liq yoki qisman tonirovka qilingani, avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar qanchaga tushgani va qaysi manbalar hisobidan qoplangani haqida ma'lumotlarni topib bo‘lmadi.

Oliy sud tasarrufidagi eng eski mashina ikkita Malibu–1 bo‘lib, ular 2012–2013 yillarda ishlab chiqarilgan. Qolgan 16 mashinadan 5tasi 2019 yilda, bittasi 2020 yilda, 10tasi 2021 yilda xarid qilingan.

Oliy sud rasmiy saytidan skrinshot (2021 yil 26 noyabr holatiga)

Birinchi maqolada Bosh prokuratura tasarrufidagi xizmat mashinalarining xarajatlariga doir savollar ochiq qoldirilgani tanqid qilingandi. Bosh prokuraturadan farqli o‘laroq, Oliy sud rasmiy saytining Ochiq ma'lumotlar bo‘limida xizmat mashinalarining yonilg‘i-moylash, ehtiyot qismlar, ta'mirlash va boshqa xarajatlari uchun 2020–2021 yillarda qancha mablag‘ sarflangani, xarajatlarning qanchasi davlat budjetidan, qanchasi esa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplanganiga oid barcha hisobotlar joylab borilganini ko‘rish mumkin. Bu har ikki idoraning ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi.

Albatta, sud organlari faoliyati ochiqligi, axborot olish erkinligini ta'minlash borasida qilinadigan ishlar ko‘p. Biroq bu boradagi eng birlamchi axborot muntazam elektron resurslarga joylab borilayotganining o‘zi e'tirofga loyiq. Zero, surishtiruvlar ko‘plab davlat organlari tomonidan bu haqdagi prezident farmoni ijrosi ta'minlanmayotganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda navbatdagi dasturlarda hikoya qilamiz.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzuga oid