O‘zbekiston | 12:33 / 27.11.2021
28841
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin “sandig‘i” – “Muruntov” chuqurligi 650 metrga yetdi

Navoiy viloyatidagi “Muruntov” konida joriy yilda 105 mln metr³ tog‘ jinsi qazib olindi. Ma'danlar kondan tashqi omborlarga 120 ga yaqin qudratli avtoag‘dargichlarda tashib chiqiladi. Ushbu mashinalarning vazni qariyb 400 tonnaga yetadi.

Mashhur o‘zbek geologi, akademik Ibrohim Hamroboyev tomonidan topilgan “Muruntov” koni dunyodagi eng ko‘p oltin zaxirasiga ega bo‘lgan konlardan biri. Kon ochilganidan bugunga qadar bu yerda 2 mlrd metr³ ma'dan qazib olingan. Hozirda konning uzunligi 4,3 km, eni 3,2 km hamda chuqurligi 650 metrga yetgan.

Qazib olingan kondan rudayuk tashuvchi bahaybat avtoag‘dargichlar hamda tik-qiya konveyerida tashib chiqiladi. Bugungi kunda “Muruntov”da 120 ga yaqin avtoag‘dargich ishlamoqda. Ushbu qudratli mashinalarning vazni rusumiga qarab qariyb 400 tonnagacha yetadi. Ular 136 tonnadan 240 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Avtoag‘dargichlarning asosiy qismi “BelAz”, “KAT” va “Komatsu”rusumli mashinalardan iborat.

Bu avtoag‘dargich ko‘p qulayliklarga ega. Yengil mashinalarni qanday boshqarsangiz, bu ham shunday boshqariladi. Yozda ichida sovitkichlari ishlaydi. Xohlagan darajaga qo‘yish mumkin. G‘ildiraklarning bosim holatini ko‘rsatib turadi.240 tonnagacha yuk ko‘taradi. O‘shanda ham og‘irlik sezilmaydi. Pastlikdan tepaga yengil chiqadi.12 soatlik smenada tepada ishlasa 500 litr, chuqurda ishlasa 2800 litrgacha yonilg‘i sarflaydi. Oldida 10 ta, motor bilan qo‘shib hisoblasak jami 21 ta chirog‘i bor. Yonilg‘i baki 4500 litr sig‘imga ega”, — deydi haydovchi Burhon Tayloqov.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati matbuot markazi rahbari Abdumajid Jo‘rayevning ta'kidlashicha, konda bir oyda 9 mln metr³dan ortiq kon massalari qazib olinadi va tashqi omborlarga tashiladi. Keyingi yillarda 15 ta EKG ekskavator, 10 ta burg‘ulash uskunasi, 81 ta avtoag‘dargich xarid qilingan. Shuningdek, tik-qiya konveyerining ishga tushirilishi iqtisodiy samara bermoqda. Konveyyer orqali soatiga 3,5 ming metr³ ruda 285 metr balandlikka yetkazib beriladi. 2021-2022 yillarda uzunligi 2154 va 3200 metr bo‘lgan shimoli-sharqiy va janubiy davriy oqim texnologiyali hamda “RopeCon” tizimli tik-qiya konveyerlarni qurish rejalashtirilmoqda. 

“Muruntov” koni 1,8 mlrd tonna ma'dan hamda 4,5 ming tonna oltin zaxirasiga ega. 2020 yilda 2 mln unsiya yoki qariyb 57 tonna oltin qazib olingan “Muruntov” koni Kitco kompaniyasi ekspertlaritomonidan tuzilgan jahon reytingida yetakchilik qilgandi.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid