Jahon | 21:09 / 28.11.2021
10252
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik taniqli kompozitor Aleksandr Gradskiy vafot etdi

Foto: Global Look Press

Rossiya xalq artisti, qo‘shiqchi va kompozitor Aleksandr Gradskiy 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda Rossiyaning Birinchi kanali xabar berdi.

Artist 28 noyabrga o‘tar kechasi vafot etgan. 26 noyabrda u o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgach, insult gumoni bilan Moskvadagi shifoxonalardan biriga yetkazilgan. Avvalroq kompozitor oila a'zolariga o‘zini yomon his qilayotganidan bir necha marta shikoyat qilgan. Ta'kidlanishicha, u sentyabrda koronavirusni boshdan o‘tkazgach, sog‘lig‘i ancha yomonlashgan. 

Gradskiy 1949 yil 3 noyabrda Kopeysk shahrida dunyoga kelgan. Gnesin nomidagi musiqa-pedagogika instituti, Moskva konservatoriyasini tamomlagan. 1965 yilda sobiq ittifoqdagi ilk rok-guruhlardan biri “Slavyane”ga, bir yildan keyin esa unga mashhurlik keltirgan “Skomoroxi” guruhiga asos solgan.

Gradskiy 40dan ko‘proq badiiy, bir necha o‘nlab hujjatli va multiplikatsion  filmlarga musiqa yozgan.

1999 yilda Rossiya xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan. U, shuningdek, “Gradskiy Xoll” teatri badiiy rahbari bo‘lgan.

Gradskiy oxirgi yillarda “Golos” musiqiy tanlovi hakamlar hay'ati tarkibiga kirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid