O‘zbekiston | 18:01 / 30.11.2021
17147
2 daqiqa o‘qiladi

Amudaryodagi o‘rmon yong‘ini Turkmaniston hududida boshlangani ma'lum qilindi

Foto: Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi

Amudaryo tumanidagi daryoga yondosh to‘qayzorda kelib chiqqan yong‘in yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi rasmiy ma'lumot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, yong‘inning boshlanish nuqtasi Nazarxon uchastkasi yaqinidagi hudud qo‘shni davlat (Turkmaniston)ga tegishliligi aniqlangan. Mazkur hudud Amudaryo daryosining o‘rtasida joylashgan orol bo‘lib, umumiy maydoni 562 gektar. Shundan, 420 gektar yer maydoni Quyi Amudaryo biosfera rezervatiga tegishli va 142 gektari Turkmaniston Respublikasi hududi hisoblanadi.

Yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha texnika vositalarining borish imkoniyati qiyin bo‘lsa-da, 27 noyabr kuni yer surish texnikalari yong‘inni o‘chirishga jalb etildi. 28 noyabr kuni ixotalash orqali olov to‘xtatildi. Lekin tungi vaqtda esgan shamol qayta alangalanishga olib kelgan. 30 noyabr kuni soat 10:00 larda yong‘in tarqalishi to‘liq bartaraf etilgan. Lekin FVV xabarida yong‘inni 30 noyabr kuni soat 03:30da o‘chirishga erishilgani ma'lum qilingandi.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda yong‘in qayta alangalanmasligiga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Dastlabki o‘rganishlar bo‘yicha taxminan 30-35 gektar atrofidagi to‘qayzorga zarar yetgan. Yong‘in sababi va zararni aniqlashga doir o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy va Amudaryo tumanlari hududlarida joylashgan. Umumiy maydoni 68 717,8 gektarni tashkil qiladi. Mazkur biosfera rezervatining Nazarxon bo‘limidagi 11-aylanma to‘qayzor o‘rmonida yong‘in sodir bo‘lgan.

  • Bundan oldinroq Qoraqalpog‘istondagi o‘rmonzorda sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid