Jahon | 22:06 / 01.12.2021
18287
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning barcha ma'lum shtammlarini ta'sirsiz qiluvchi antitanacha aniqlandi

Foto: RIA Novosti

Xitoylik olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijasida koronavirusning barcha ma'lum shtammlari ta'sirini yo‘qqa chiqaruvchi antitanacha aniqlandi. Bu haqda bioRxiv elektron kutubxonasida e'lon qilingan ma'lumotlar darak bermoqda.

35B5 antitanachasi koronavirusning og‘ir shaklini boshdan o‘tkazgan xitoyliklar qon namunalarini o‘rganish vaqtida kashf qilindi. Ushbu qon namunalaridan antitanachalar ishlab chiqaruvchi hujayralar ajratib olinib, ularning koronavirusning turli qismlari bilan ta'sirlashuvi ortidan kuzatuv olib borilgan.

Natijada olimlar krioelektron mikroskop yordamida antitanacha virusning mutatsiya vaqtida o‘zgarishsiz qoluvchi o‘ziga xos qismiga ta'sir qilishini aniqlashgan.

“Olingan suratlar 35B5 molekulasi koronavirus S-oqsilining virus evolyutsiyasi vaqtida deyarli o‘zgarmaydigan qismi bilan birikishini ko‘rsatdi. Molekulaning bu xususiyati barcha shtammlar uchun universal vaksina ishlab chiqishda qo‘llanishi mumkin”, deb aytishgan olimlar.

Olimlarning taxmin qilishicha, 35B5 antitanachasi koronavirusning yaqinda aniqlangan yangi shtammi – “omikron”ni ham neytrallay oladi.

Mavzuga oid