Antimonopoliya qo‘mitasi avvalgidek emas. Bunga rahbar almashgani sababmi?
Shov-shuvli bayonotlari va UzAuto Motors'ga narxni pasaytirish talabini qo‘ygani bilan jamoatchilik e'tirofiga sazovor bo‘lgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatida keyingi paytlarda passivlik kuzatilmoqda.
Kun.uz muxbiri antimonopol organ faoliyatidagi bunday tub burilish qo‘mita rahbariyatining o‘zgarishi bilan qanchalik bog‘liqligiga qiziqdi. Bu haqdagi savolga javoban qo‘mita raisining o‘rinbosari Farrux Qoraboyev avvalgi va hozirgi rahbarni shov-shuvli keyslar bilan solishtirish to‘g‘ri emasligini aytdi.
“Ikkita rahbarni solishtirish, ayrim shov-shuvli keyslar bilan faoliyatini baholash noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki bugungi kunda ham qo‘mitamizning ikki yarim yil ichida reputatsiyasini shakllantirgan, umuman, qo‘mitaning jamoatchilik o‘rtasida obro‘ qozonishiga zamin yaratgan aksariyat xodimlar shu yerda. To‘g‘ri, ayrimlari turli sabablarga ko‘ra ishdan ketdi. Faqatgina qo‘mitaning faoliyatini yoritish masalasida kamchilik bor.
Hozir ham ayrim vazirlik-idoralar raqobatga zid qonun hujjatlari loyihalarini kiritishadi. Biz bu bo‘yicha o‘zimizning fikrimizni bildiramiz, pozitsiyamizni bayon qilamiz. Lekin hamisha ham buni ommaga e'lon qilmaymiz. Birgina 2021 yilni oladigan bo‘lsak, 9 oy ichida ikki yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 57 foizida raqobatga zid normalar aniqlangan. Agar qabul qilingan hujjatlar bilan birga qo‘shib hisoblasak, davlat organlarining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga zid bo‘lgan 890ta qarori bekor bo‘lgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p ko‘rsatkich hisoblanadi”, – dedi Farrux Qoraboyev.
Garchi Farrux Qoraboyev buni tan olmasa-da, qo‘mita rahbari o‘zgarganidan keyin qo‘mita vakolatlariga bevosita daxldor masalalar bo‘yicha bayonotlar berish to‘xtab qolgani rost. UzAuto Motors Captiva 5 avtomobillarini sotish fikridan qaytgani, avtomobil uchun to‘lov qilib qo‘ygan mijozlarning puli qaytarilishini ma'lum qilgandi.
Bungacha esa kompaniya oktabr-noyabr oylarida yetkazib berilishi shart bo‘lgan Lacetti va Labo bo‘yicha shartnomalar 2 oyga kechikishi haqida ogohlantirdi, so‘ngra noyabr va dekabrda chiqishi kerak bo‘lgan barcha turdagi avtomobillarni yetkazib berish 2 oyga kechiktirilishini ma'lum qildi.
UzAuto Motors'ning yarimo‘tkazgichlar tanqisligi haqidagi vajlari asosli bo‘lishi mumkin, biroq raqamlar voqelikdagi boshqa bir haqiqatni ochib qo‘ymoqda: o‘zbekistonliklar oldindan pulini to‘lab qo‘ygan avtomobillarini yarim yillab kutishga majbur bo‘layotgan bir paytda, kompaniya xorijga avtomobil eksport qilishni 2 barobardan ko‘proqqa oshirgan. Mazkur holatga esa Aksilmonopoliya qo‘mitasi hech qanday reaksiya bildirgani yo‘q.
Sentabr oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar qo‘mita raisi Shohrux Shorahmedovdan UzAuto bilan sudlashuvni davom ettirish ehtimoli bor-yo‘qligini so‘rashganda, u qo‘mita tomonidan kompaniya faoliyati o‘rganilayotganini ta'kidlagandi.
“Bu masalada sud qarori kuchga kirgach, biz bu qarorni ijro etishga majburmiz. Lekin ish to‘xtab qolmadi. Kompaniya tomonidan ham ishlar olib borilmoqda, xususan, kompaniya transformatsiya to‘g‘risida ma'lum qildi. Biz ular bilan aloqadamiz. Hozircha kompaniya biz xohlagan yo‘nalishda ish olib bormoqda. O‘zbekistonda boshqa zavodlar ham ishga tushishi rejalashtirilmoqda, mashinalar importi osonlashtirildi. Ikki tomonlama ish olib borilmoqda, transformatsiya boshlangan, ikkinchidan, boshqa zavodlar ochilgan. Biz tomondan ham o‘rganishlar olib borilmoqda”, – degandi o‘shanda rais.
Eslatib o‘tamiz, qo‘mitaning avvalgi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov 2021 yilning martida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga esa Shohrux Shorahmedov tayinlangandi.
2019 yili qayta tuzilgandan keyingi davrda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi O‘zbekistondagi eng katta monopol tashkilot – UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi kurashlari bilan tilga tushgandi. Bundan tashqari, qo‘mita “O‘zeltexsanoat” uyushmasining davlat bojidan ozod qilinishi yuzasidan sud qaroriga, chigitni bir viloyatdan boshqa viloyatga olib chiqish taqiqlanishiga, Orol dengizining barcha qismini yagona davlat unitar korxonasiga berilishiga, “O‘zbekneftegaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklifiga qarshi chiqib, uni yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan deb topgandi.
Bundan tashqari, qo‘mita Surxondaryo viloyati hokimining qarorini bekor qilgan, fuqaro Otabek Nuriddinovning murojaatiga asosan Toshkent shahar xokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli korxonalar ustidan o‘rganishlar olib borgandi.
Qo‘mita o‘tgan yili Toshkentning qoq markazidagi joy – Ucell kompaniyasi bosh ofisi ro‘parasida qurilayotgan Tashkent Central Park'ka imtiyozlar berishga qarshi chiqqandi.
Najmiddinxo‘ja Sharipov rahbarlik qilgan organning eng asosiy takliflari, afsuski, qabul qilinmay qoldi. Qo‘mita o‘tgan yil yozida o‘nlab korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar, individual soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalarni bekor qilish haqida prezident farmoni loyihasini tayyorlab, muhokamaga qo‘ygandi. Loyihada Akfa universiteti, Angrendagi shina zavodi, “O‘zmetkombinat” kabi o‘nlab korxonalar ham bor edi.
Rahbar almashganida keyin o‘zgarib qolgan Antimonopoliya qo‘mitasi nafaqat so‘nggi haftalarda benzin narxi masalasida sustkashlik qildi, balki Uzbekistan Airways'ning mahalliy reysi “texnik” sabab bilan uch marta kechiktirilgani, transport vaziri Ilhom Mahkamov bir vaqtning o‘zida Uzbekistan Airways’ga ham rahbar ekani xorijiy aviakompaniyalarga nisbatan insofsiz raqobat muhitini yuzaga keltirayotgani, metropoliten faoliyatidagi ko‘ngilsizliklar va boshqa bir qator jamoatchilikka daxldor masalalarga aralashgani yo‘q.
So‘nggi oylarda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini ko‘plab xodimlar tark etgan. 84 kishi ishlaydigan tashkilotda ayni paytda 21ta ish o‘rni vakant bo‘lib turibdi. Ishdan ketgan xodimlar qo‘mitaga ko‘plab vakolatlar berilganiga qaramay asosiy vazifalarini chetga surib qo‘yib, bor e'tiborini hududlardagi raqobat muhiti buzilishiga qaratayotgani, shu sababli oyliklar yaxshi bo‘lsa-da rahbar-xodimlarning aksariyati boshqa joylarga o‘tib ketishgani aytilgandi.
Xulosa shuki, til-jag‘li tashkilotga aylanib borayotgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining faoliyati yangi rahbar qo‘l ostida orqaga ketayotgani yaqqol sezilmoqda. Oxirgi bir necha oydan beri esa OAVda qo‘mita o‘rganishlari xususida birorta jo‘yali maqola va ma'lumotlar berilmagani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Jamshid Niyozov, jurnalist.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido
Mavzuga oid
13:02 / 07.04.2022
Antimonopoliya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari ham ishdan ketdi
14:00 / 27.01.2022
Navoiydagi issiqxonachilar muammosini Antimonopoliya qo‘mitasi o‘rganmoqda
15:42 / 02.11.2021
Antimonopoliya qo‘mitasida ayni paytda 21ta ish o‘rni vakant. Qo‘mita raisi o‘rinbosari bu holatni «tabiiy» deb baholadi
19:45 / 13.09.2021