O‘zbekiston | 11:59 / 02.12.2021
24921
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsion jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Pora olish, pora berish va hamda pora oldi-berdisida vositachilik qilish jinoyatlari uchun jazo 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Poraxo‘rlar muddatidan ilgari ozodlikka chiqarilmaydi, jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritdi.

Agentlik rahbari Akmal Burhonovning ma'lum qilishicha, qonun loyihasida «korrupsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasiga aniq ta'rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jazo choralarini keskin kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeyini suiiste'mol qilib yoki xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etish qilmishlari uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmasligi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmasligiga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritilayotgani ma'lum qilindi.

Ma'lumot uchun, amaldagi Jinoyat kodeksida pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun eng yuqori jazo sifatida 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishga oid prezident farmonida Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiyaviy jinoyatlarga jazoni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish, korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash vazifasi belgilangandi.

Mavzuga oid