O‘zbekiston | 09:18 / 04.12.2021
2597
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mol o‘g‘rilari qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida mol o‘g‘rilari qo‘lga olingan. Surishtiruv davomida ular viloyatning turli hududlaridan qoramol o‘g‘irlab kelgani aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 25 oktyabr kuni Ishtixon tumani Damariq mahallasida yashovchi fuqaro tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatida yashash xonadonida joylashgan og‘ilxonasidan jami bahosi 14 million so‘m bo‘lgan ikki bosh qoramolni noma'lum kimsalar o‘g‘irlab ketganini bildirgan.

Shundan so‘ng tuman IIB xodimlari tomonidan tomonidan tezkor qidiruv harakatlari o‘tkazilgan. Qidiruv davomida 10 kun deganda ikki nafar gumonlanuvchi o‘g‘irlangan qoramollarni Samarqand shahar Matonat mahallasidagi molxonada saqlab kelayotgani aniqlangan.

Surishtiruv davomida gumonlanuvchilar viloyatning boshqa hududlaridan ham qoramollarni o‘g‘irlab kelib shu molxonada saqlagani aniqlangan va qoramollarning egalari topilib, ular qaytarilgan.

Qayd etilishicha, mol o‘g‘rilariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondorlar protsessual tarzda qamoqqa olingan.

Hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tugatilib, tuman prokuraturasi orqali mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudiga yuborilgan.

Mavzuga oid