O‘zbekiston | 07:42 / 08.12.2021
6218
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi tarixiy obidalarga reklama bannerlari yopishtirilgani aniqlandi

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan respublika bo‘yicha 386 ta moddiy madaniy meros obektlarida tashqi reklamani joylashtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi. 

Foto: Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Natijalarga ko‘ra, tarixiy obidalarga 25 dan ortiq holatda ruxsatsiz reklama joylashtirilganligi aniqlandi. Tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylashga yetkazilgan katta zararlar – bannerlar, turli o‘lchamdagi bilbordlarni o‘rnatish, ularga mix qoqish, simlar bilan osish va boshqa usullar bilan o‘rnatishdan iborat bo‘lgan. 

Eng ko‘p qoidabuzarliklar Buxoro shahrida aniqlandi. 1858-1859-yillarda qad rostlagan Ibrohim Oxund madrasasi (M.Ambar ko‘chasi, 117-uy) devori bo‘ylab bir vaqtning o‘zida bir necha: gazlama ustaxonasi, go‘zallik saloni va maishiy texnikani ta'mirlash bo‘yicha tashqi e'lonlar joylashtirilgan.  XIX asrda qurilgan Sayfiddin karvonsaroyida gilam to‘qish maktabi bo‘yicha tashqi reklama osilgan. Buxoroning tarixiy markazi – XVI asrga oid (1534-1535 yillar) Toqi Sarrafondagi jahonga mashhur an'anaviy yopiq bozorda ham bir qator reklama konstruksiyalari o‘rnatilgan va e'lonlar berilgan.

Foto: Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Qayd etilishicha, aniqlangan qonunbuzarliklar bartaraf etildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, agentlik tomonidan qonun hujjatlarini buzgan tadbirkorlik sub'yektlariga ogohlantirish xatlari yuborilib, tashqi reklamani o‘rnatish tartibi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan.

Mavzuga oid