O‘zbekiston | 20:23 / 09.12.2021
48203
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuraturaning yana bir xodimi pora olgani aniqlandi

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berish evaziga 3 ming dollar olgani aniqlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tizimda boshlangan tadbirlar doirasida yana bir xodim korrupsiyaga qo‘l urgani aniqlangani haqida ma'lumot berdi.

«Bosh prokuratura tomonidan tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishni keskin kuchaytirish, salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlashga qaratilgan tadbirlar doirasida Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasida 71-202-08-28 raqamli ishonch telefoni tashkil etildi va Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali keng jamoatchilikka ma'lum qilindi. 

Natijada olingan ma'lumotlarga asosan, Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan Sh.V. qarindoshi Sh.N. orqali uning tanishi A.K.ning ishonchiga kirib, unga nisbatan Buxoro viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishini tanishlari orqali tugatib berishni va'da berib, 27 noyabr kuni fuqaro A.K.dan 3.000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlandi. 

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 7 dekabr kuni Sh.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (Firibgarlik), 28, 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) hamda Sh.N.ga Jinoyat kodeksining 212-moddasi 1-qismi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda. 

Gumonlanuvchi Sh.V. protsessual tartibda ushlangan.

Bu boradagi ishlar davom ettirilayotgani qayd etilgan.

Bundan oldinroq, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar bilan ushlangani xabar qilingandi. 

Shundan so‘ng Bosh prokuratura jamoatchilikka murojaat qilib, har bir fuqaroni jamiyatda, xususan, prokuratura organlarida korrupsiyani tag-tomiri bilan bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqirgandi.

Mavzuga oid