Jahon | 02:59 / 11.12.2021
6004
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya 64 ta F-35 qiruvchi samolyoti bilan qurollanadi

Foto: EPA

Finlandiya hukumati AQShning Lockheed Martin kompaniyasi ishlab chiqaruvchi 5-avloddagi F-35A qiruvchi samolyotidan 64 dona sotib olishga qaror qildi. Kelishuv qiymati 10 mlrd yevroga yaqinni tashkil qiladi.

Mamlakat mudofaa vaziri Antti Kaykkonenning ta'kidlashicha, F-35’ning xarid qilinishi Finlandiya harbiy-havo kuchlarining jangovar imkoniyatlarini 2060-yillar boshigacha ta'minlaydi.

Finlandiya F-35A samolyotlarini tender asosida 5 ta taklif ichidan tanlab olgan. Taklif qilingan samolyotlar orasida AQShning Boeing F/A-18 Super Hornet, Fransiyaning Eurofighter Typhoon va Dassault Rafale, Shvetsiyaning Saab Gripen E/F jangovar samolyotlari ham bo‘lgan.

Qiruvchi samolyotlarning o‘zi Finlandiyaga 8,4 mlrd yevroga aylanadi. Qolgan summa samolyotlarni ekspluatatsiya qilish jarayonida zarur bo‘ladigan turli qurilmalar va o‘q-dorilar, jumladan 200 ta AGM-158 JASSM qanotli raketasini xarid qilishga sarflanadi.

Bir dona F-35 samolyoti 120 mlndan ko‘proq turadi va bu Finlandiya uchun harbiy sohadagi eng yirik xarid hisoblanadi.

Birinchi F-35 samolyotlari Finlandiyaga 2026 yilda yetkaziladi. Barcha samolyotlarni 2030 yilgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirda Finlandiya qurolli kuchlarida 62 ta F/A-18 Hornet qiruvchi samolyoti bor. Ularning xizmat ko‘rsatish muddati 2030 yilda o‘z nihoyasiga yetadi. Ushbu samolyotlar 2025 yildan boshlab asta-sekin foydalanishdan chiqarila boshlanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid