Jahon | 11:24 / 12.12.2021
10456
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay hukumati dunyoda birinchi bo‘lib ish yuritishda qog‘ozdan voz kechdi

Dubay hukumati ish yuritishda qog‘oz qo‘llashdan voz kechdi va dunyoda birinchi bo‘lib to‘liq raqamli texnologiyalarga o‘tdi. Bu haqda amirlik valiahd shahzodasi, Dubay ijroiya kengashi raisi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

“Bugungi kun Dubay hayotining barcha jabhalarini raqamlashtirishning yangi davri boshlangani bilan esda qoladi – biz “qog‘ozsiz” hukumatga o‘tishni yakunladik”, deb aytgan shahzoda va endilikda hukumatdagi barcha amaliyotlar hamda xizmat ko‘rsatish faqatgina elektron texnologiyalar yordamida amalga oshirilishini qo‘shimcha qilgan.

Valiahd shahzoda “qog‘ozsiz” hukumat tashabbusi uning otasi, BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri Muhammad bin Roshid Ol Maktum tomonidan 4 yil avval taklif qilinganini eslatib o‘tgan. O‘shanda u 2021 yildan keyin amirlik ijrochi tashkilotlari xodimlariga ham, davlat xizmatlari iste'molchilariga ham biror-bir hujjatni qog‘ozga bosib chiqarishga ehtiyoj bo‘lmasligini aytgan.

“Bugungi kunda ushbu va'da bajarildi”, deb qo‘shimcha qilgan valiahd shahzoda. Endilikda amirlikning barcha davlat muassasalarida ichki va tashqi hujjatlar aylanishi maxsus axborot platformalari orqali elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.

Amirlikda ma'lum qilinishicha, ushbu servislar orqali 1,8 mingdan ko‘proq raqamli xizmat ko‘rsatiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, elektron hukumat va hujjatlar aylanishini raqamlashtirishga o‘tish ushbu tashabbusni amalga oshirish boshlangan 2018 yildan beri amirlikka 336 mlnta qog‘ozni tejashga imkon bergan, bu esa 14 mln soat inson mehnati va 1,3 mlrd dirhamni (353,8 mln dollar) tashkil qiladi. Ta'kidlanishicha, amirlikda raqamli texnologiyalar uy-joy kommunal xizmati, politsiya, sudlardan tortib sog‘liqni saqlash tizimi, aeroportlar, diniy, madaniy va sport muassasalarigacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olgan.

Mavzuga oid