Jahon | 15:37 / 13.12.2021
11703
7 daqiqa o‘qiladi

Rojdestvo mojarosi. Jonsonning reytingi qulamoqda

O‘tgan yil Britaniya hukumati vakillari Rojdestvoni bayram qilgani ma'lum bo‘ldi. O‘shanda oddiy inglizlarga hatto joni uzilayotgan qarindoshlarini borib ko‘rish ham taqiqlangandi.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya hukumati yaqinda mamlakatga koronavirusning navbatdagi to‘lqini kirib kelishi munosabati bilan yangi cheklovlar haqida e'lon qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. 11 dekabr holatiga 633 kishi omikron shtammini yuqtirgan.

10 dekabrda esa koronavirusga chalinish bilan bog‘liq jami holatlar soni 58 mingdan ko‘proqni tashkil etgan.

Kasallikni yuqtirish holatlari muayyan chegaradan oshsa, hukumat 18 dekabr kuni yangi cheklovlarni e'lon qilishni rejalashtirmoqda, - deya xabar bermoqda The Guardian. Ushbu cheklovlar orasida – kontaktda bo‘lgan shaxslar uchun uzoqroq davom etuvchi karantin, binolar, jumladan, bar va restoranlarda niqob taqish majburiy bo‘lishi va ijtimoiy kontaktlarni cheklash kabilar bor.

Yangi to‘lqin kirib kelishi va koronavirusga qarshi choralarning kuchaytirilishi bosh vazir Boris Jonson markazda bo‘lgan siyosiy mojaro bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. OAV bir yil avval mamlakatda qat'iy cheklovlar amalda bo‘lganida hukumat a'zolari Jonsonning Dauning-stritdagi qarorgohida ziyofat uyushtirganini aniqladi. Endi esa 8 dekabr kuni Jonson yangi cheklovlar haqida e'lon qilganida matbuot uning axloqiy obro‘yiga putur yetgani haqida yozdi. Mojaro quyidagicha rivoj topdi:

  • 30 noyabr kuni Daily Mirror o‘tgan yil 18 dekabr kuni bosh vazirning Dauning-stritdagi qarorgohida Rojdestvo bayramiga atalgan 40-50 kishilik ziyofat bo‘lib o‘tgani haqida yozdi. O‘sha vaqtda Londonda ikki kundan beri yopiq binolardagi yig‘ilishlarni butunlay taqiqlovchi qat'iy lokdaun amal qilayotgandi. Ziyofatning ertasi kuni esa Jonson matbuot anjumanida ta'til vaqtida lokdaun kuchaytirilishi munosabati bilan Rojdestvo bayramlari deyarli bekor qilinayotganini e'lon qildi. Daily Mirror e'lon qilgan maqolaga javob tariqasida bosh vazir apparati matbuot xizmati ziyofat vaqtida hech qanday qoida buzilmaganini ma'lum qildi.
  • Keyingi bir necha hafta davomida kabinet a'zolari, jumladan, Boris Jonsonning o‘zi ham o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qoidani buzgan ziyofat bo‘lganini rad etishda davom etdi. OAVdagi maqolalarni esa «o‘tgan yil voqealarini spekulyatsiya qilish» deb atadi. Skotlend-Yardda 2020 yil dekabrida «hukumat binosida cheklov choralari buzilishi haqida ko‘plab shikoyatlar kelib tushgani, biroq o‘tib ketgan sana bilan uni o‘rganmoqchi emasliklari»ni ma'lum qilishdi.
  • 7 dekabr kuni ITV telekanali bosh vazir qarorgohida brifing repetitsiyasi videoyozuvini e'lon qildi. Unda Boris Jonson maslahatchilari, jumladan, uning matbuot kotibi Allegra Stretton ham jurnalistlarning o‘tgan yilgi ziyofat to‘g‘risidagi noqulay savollariga qanday javob berish haqida hazillashishgan. Videoda Stretton kulgan holatda, hayron bo‘lgancha shunday deydi: «To‘g‘ri, qanday javob beramiz?» Keyin esa bu ziyofat emas, vino va pishloqli, ijtimoiy masofa saqlanmagan holda o‘tkazilgan ishga oid uchrashuv bo‘lganini aytadi.
  • Ertasi kuni, 8 dekabrda vazirlar jurnalistlar bilan intervyuni bekor qildi. Studiyadagi boshlovchilar mehmonlar uchun o‘rindiqlar bo‘shligi holida voqealarni sharhlashdi. Kechga yaqin Allegra Stretton ko‘zida yosh bilan avvalroq e'lon qilingan videodagi noo‘rin hazili uchun iste'foga chiqdi. Parlament sessiyasida Boris Jonson ham uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi, faqat ziyofat uchun emas, OAVda tarqalgan video uchun kechirim so‘radi.
  • 9 dekabr kuni parlament tekshiruvida nafaqat 2020 yil 18 dekabr kuni Dauning-stritdagi ziyofat, balki koronavirus qoidalarini buzgan holda o‘tkazilgan boshqa ikkita – noyabr oyida o‘sha binoda va 2020 yil dekabr oyida sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan bayramlar ham tekshirilishi ma'lum bo‘ldi.
  • 2020 yil 18 dekabr kuni o‘tkazilgan ziyofatda bosh vazir matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Jyek Doyl nafaqat ishtirok etgan, balki tabrik bilan so‘zga chiqqani va mukofotlar tarqatgani haqida 10 dekabrda OAV tomonidan xabar berildi. The Times esa ziyofat tasodifan bo‘lgani haqida yozgandi. Aslida esa unga bir necha hafta oldin tayyorgarlik ko‘rilgan. Jonsonning o‘zi mazkur tadbirda ishtirok etmagan, biroq uning o‘tgan yili mojaro bilan ishdan ketgan sobiq maslahatchisi Dominik Kammings bosh vazir Rojdestvoni rezidensiyadagi shaxsiy xonadonida nishonlaganiga ishontirmoqda.

YouGov ijtimoiy xizmat ma'lumotlariga ko‘ra, mojaro fonida Boris Jonson reytingi karerasi boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi (29 foiz), antireyting esa rekord darajadagi 59 punktni tashkil etgan. OAVda Boris Jonsonning qo‘l ostidagilari barcha uchun amalda bo‘lgan taqiqlarni chetlab o‘tgan holda ziyofatda ishtirok etgan bir vaqtda, kasalxonalarda koronavirusdan joni uzilayotgan qarindoshlarini ko‘rish uchun borolmagan odamlarning g‘azabli fikrlari paydo bo‘lmoqda.

«Millionlab britaniyaliklar o‘z rejalarini bekor qilib, Rojdestvoni yakka o‘tkazishga majbur bo‘lgan, bayramni nishonlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan, kasalxonada joni uzilayotgan qarindoshlari bilan vidolasha olmagan bir vaqtda bosh vazirning o‘zi Dauning-stritda ichkilikbozlik uyushtirishga ruxsat berib, o‘z qoidalarini buzgan. Ular qoidalarni buzgan. Endi esa sizning ustingizdan kulishmoqda»

Buyuk Britaniya Liberal-demokratik partiyasi

Boris Jonsonni liberal-demokratlar hammadan ko‘proq ayblamoqda. Ular korrupsiyada ayblanganidan keyin ishdan ketgan Konservativ partiyadan bo‘lgan deputat Ouen Pattersonning parlamentdagi joyiga da'vogarlik qilmoqda. Biroq bosh vazirning partiyadagi safdoshlari ham unga ochiqchasiga qarshi chiqmoqda. OAVda Jonsonning bosh vazirlik muddati boshlanganidan beri partiyadagi eng yirik ichki muxolifat haqida xabar bermoqda. Jonsonni partiyaning ishonchsizlik votumidan uning o‘rniga aniq nomzodning yo‘qligigina qutqarmoqda, deya yozmoqda Bloomberg.

Mavzuga oid