Jahon | 15:27 / 15.12.2021
9063
3 daqiqa o‘qiladi

Akayev Qumtordagi korrupsiya ishi bo‘yicha so‘roq qilindi

Avvalroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooranbay Jeenbekov «Qumtor ishi» doirasida davlat xavfsizlik qo‘mitasiga guvoh sifatida so‘roqqa chaqirtirilgandi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitasida mamlakatning birinchi prezidenti Asqar Akayevni so‘roq qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda TASSga sobiq prezidentga yaqin manba xabar berdi.

“So‘roq tugadi, Akayev binodan chiqdi”, — dedi manba.

Uning ma’lumot berishicha, sobiq prezident Qumtor oltin konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilingan.

Akayev Qirg‘izistonga 14 dekabr kuni kichik o‘g‘li Ilim bilan kelgan bo‘lib, bir-ikki kun ichida Moskvaga qaytib ketishi kutilmoqda.

Avvalroq Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooranbay Jeenbekov «Qumtor ishi» doirasida davlat xavfsizlik qo‘mitasiga guvoh sifatida so‘roqqa chaqirtirilgandi.

Ushbu ish bo‘yicha sobiq bosh vazirlar Muhammadkaliy Abilgaziyev va Temir Sariyev hibsga olingan. Yana bir sobiq bosh vazir Omurbek Babanov hech qayoqqa ketmaslik haqidagi tilxat bilan ozodlikka chiqarilgan.

17 may kuni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qumtor konini o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan «Kumtor gold kompani» korxonasi vakillariga nisbatan 4ta jinoiy ish qo‘zg‘atgandi. Qo‘mita rahbari Qamchibek Tashiyevning ta’kidlashicha, ushbu ish doirasida xavfli moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish, tuproq va atmosferani ifloslantirish, muzliklarni yo‘q qilish, sug‘urta va soliq qonunbuzarliklari bilan bog‘liq holatlar tergov qilinmoqda.

Qumtor konini o‘zlashtirish bilan 1990-yillar boshidan beri Kanadaning «Centerra Gold Inc.» korporatsiyasi shug‘ullanib keladi. Korporatsiyaning Qirg‘iziston hukumati bilan tuzgan kelishuviga asosan konni o‘zlashtirish maqsadida «Kumtor gold kompani» korxonasi tashkil etilgan.

18 may kuni konda vaqtinchalik tashqi boshqaruv joriy qilindi. Qirg‘iziston hukumatining bu xatti-harakatlari nafaqat «Centerra Gold Inc.» bilan, balki Kanada hukumati bilan mojaro chiqishiga sabab bo‘lgan. Kanada korporatsiyasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar hal qilinmasa, Qirg‘iziston hukumatini yetkazilgan zarar uchun arbitraj jarayoni doirasida javobgarlikka tortishini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Qumtordan 17 tonnadan ko‘proq oltin olingan.

Mavzuga oid