Jahon | 23:37 / 17.12.2021
7501
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyada rekord sonda oyoqchalarga ega mingoyoq topildi

Foto: twitter.com/apheloria

Avstraliyada rekord sonda oyoqchalarga ega bo‘lgan mingoyoq topildi. Rekordchi mingoyoq 1306ta oyoqqa egaligi hisoblab chiqilgan. Bungacha tabiatda 750tadan ko‘proq oyoqqa ega bo‘lgan jonzot topilmagandi. Bu haqda Scientific Repors nashrida chop etilgan maqolaga tayanib CNN telekanali xabar berdi.

Eumillipes rersephone deb atalgan mingoyoq 2020 yil yozida burg‘ilash qudug‘ida 60 metr chuqurlikda aniqlangan.

Ko‘zi bo‘lmagan umurtqasiz hasharotning uzunligi 9,5 santimetrni, eni bor-yo‘g‘i 1 millimetrni tashkil qiladi. U 330 ta tana segmenti, mo‘ylovchalar va konussimon boshga ega.  

“Bu ko‘ylakdan go‘yoki 1306 ta oyog‘i bo‘lgan oq ipni tortib olishdek gap”, deb aytgan tadqiqot muallifi, Virjiniya texnologik instituti entomologiya kafedrasi mutaxassisi Pol Marek.

U hasharotning birorta oyog‘i qolib ketmagani yoki ikki martalab sanab yuborilmaganiga ishonch hosil qilish uchun Adobe Illustrator dasturida hasharotning yuqori aniqlikdagi suratidan foydalanib, 10 ta oyoqchadan iborat har bir segmentini rang bilan belgilab chiqqan.

“Men uning oyoqchalarini 3 marta sanab chiqdim va bunga bir soat vaqt ketdi”, deb aytgan mutaxassis.

Taksonomik tahlil Eumillipes rersephone avvalgi rekordchi - Illacme plenipes mingoyog‘ining “uzoq qarindoshi” ekanini ko‘rsatgan.  

Taxmin qilinishicha, ushbu ikki hasharot tuproqdagi tor teshiklardan o‘tish uchun bunday ko‘p sonda tana segmentlari va oyoqchalarga ega.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid