Jamiyat | 11:50 / 19.12.2021
123328
12 daqiqa o‘qiladi

“Baxtingdan ochaymi yo...” - folbinlar firibgarligiga isbotlar

Kun.uz muxbiri mashhur folbinlarga “mijoz” bo‘lib, ularning ishi boshdan oyoq firibgarlikdan iboratligini fosh qildi.

Jizzaxda hokim va deputat bo‘lishni istovchilar yordam so‘rab folbinga borgani ma’lum bo‘ldi.

Toshkentda folbin qo‘lga olindi. “Ko‘zikish”ni olib tashlash paytida u 32 mln so‘mlik taqinchoqlarni qo‘lga kiritgan.

Folbin nayrangiga aldangan buxorolik yigit 3 ming dollaridan ayrildi.

Bular – 90-yillar emas, 2021 yil yangiliklari edi. Ha, folbinlik ko‘pchilik nazdida yolg‘ondan boshqa narsa bo‘lmasa-da, unga ishonuvchilar hamon yetarlicha topiladi.

Biz ushbu maqolamiz orqali o‘zini har narsaga qodir deb tanituvchi folbin, duoxon va “issiq-sovuq”chilarning faoliyati qanchalik safsatabozlikdan iborat ekanini isbotlashga urindik.

Folbin eshigi tagida – tong sahardan navbat

Avvalo, uzoqqa bormasdan yaqin-atrof – poytaxt va Toshkent viloyatiga ko‘z tashladik. “Folbin yoki “issiq-sovuq”chi kerak” degan so‘rovimizga javob topish qiyin bo‘lmadi. Olingan manzil bo‘yicha tonggi soat 6:30da borib, soat 10 ga yaqin qabulga kirdik. Ancha vaqtdan beri qatnaydigan “mijoz”larning so‘zlariga qaraganda, hozir odam sal kamaygan; navbatga turish uchun odamlar tungi soat 2 dan boshlab kelgan paytlar ham bo‘lgan ekan.

Qabul boshlangach, hamma yig‘ilib qog‘ozga navbat yozildi va kutish uchun hovliga chiqarildi. To‘plangan 15 chog‘li ayol-erkak navbatga qarab birin-ketin qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Navbatimiz kelib qabulga kirdik. Firibgar ayolning follari esa quyidagilardan iborat bo‘ldi:

— “Yaqinda sizga yaqin inson vafot etgan". (Yolg‘on ma’lumot. Menimcha, qahramonimiz qora kiyim va ro‘molda bo‘lgani sabab folbin shunday o‘yga bordi.)

— Mart-may oylaridan beri o‘nglanolmayapsiz. Mendan oldin kimga o‘qitgani bordingiz? (Yolg‘on)

— Nega ikkita joyda ishlamoqchisiz? (tabiiyki, yolg‘iz oila tebratayotgan insonda ikkita joyda ishlash istagi tug‘iladi. Chunki qahramonimiz turmush o‘rtog‘i vafot etganini aytgan. Aslida bunday emas.)

Onlayn yo‘lga qo‘yilgan “afsun biznesi”

Pandemiya sharoitida ko‘plab sohalar onlayn ishlashga o‘tdi. Buni qarangki, masofaviy tarzda ishlayotgan, odamlarni aldayotgan folbin, jodugar, bashoratchilar ham tezda bunga moslashgan ekan.

Bundaylarni Telegram tarmog‘i orqali ham topish mumkinligini aytishdi. Qidiruvlarda bir nechta shunday kanallar orqali ularning adminlari bilan bog‘lanib ko‘rdik. Kanallardan biri 13 mingdan ortiq obunachiga egaligi e’tiborimizni tortdi. Kanalda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bashoratlar va va’dalarga guvoh bo‘lish mumkin.

Ayrim folbinlar o‘z kanallarining nomiga “halol” so‘zini qo‘shib olishibdi. Bu “marketing yurishi” sodda odamlar ongida yaxshi tasavvur uyg‘otishga qaratilgani tayin, albatta.

Kanallarda har bir mushkulga yengil yechim topishni va’da berayotgan “afsungarlar” o‘zlarining sehr-jodu amallari haqida ma’lumotlar berishadi. Odamlarni ishontirishga urinishadi. Fol ko‘rish, “issiq-sovuq” qilish, “pul chaqirish”, “baxt yo‘lini ochish” kabi xizmatlar taklif etiladi. Bu xizmatlardan foydalanish uchun folbinxonaga borib o‘tirish shart emas: plastik kartalariga pul o‘tkazish, kerakli odamning suratini jo‘natish va ismini yozib yuborish kifoya.

Prays-list

Skrinshot: Kun.uz
Skrinshot: Kun.uz

Shu o‘rinda “stavkalar” masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak.

Biz borgan joylarda bu masalada “himmatimiz”ga qaraldi, ya’ni kim qancha lozim topsa, shuncha pul tashlab ketadi. O‘zimiz ham shu usulni qo‘lladik. Ammo boshqa hududlarda topilgan mahalliy folbinlarda fol ko‘rishning o‘zi 35-50 ming so‘m atrofida ekanini, “issiq-sovuq” esa sal qimmatroq – 250 mingdan 300 minggacha ekani ma’lum bo‘ldi.

Darvoqe, ular bu narxlarning chegirmada ekanini ham ta’kidlashdi.

Fol ko‘rib berish uchun rasm, o‘sha insonning ismi, tug‘ilgan yili va plastik kartaga o‘tkazilgan pullar bo‘lsa kifoya ekan. Bir necha daqiqa ichida xayolingizga ham kelmagan ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

Dunyoda yo‘q odamga fol ko‘rgan “bashoratchi”

Internetda thispersondoesnotexist.com degan sayt bor. Bu saytda dunyoda yo‘q va hech qachon bo‘lmagan odamlarning sun’iy ishlangan suratlari o‘rin olgan. Biz shu saytdan olingan, qiyofasi o‘zbekka nisbatan o‘xshash odam suratini va pul o‘tkazganimizni tasdiqlovchi skrinshotni Telegram orqali folbinga yubordik. Qarshi shahridan turib fol ko‘rayotgan bu ayolning javoblari esa hayratlanarli edi.

— Bu erkak avval sizga va’dalar bergan ekan, keyin o‘zgarib qolgan. Chunki kimdir buni “issiq-sovuq” qilgan. Xotini o‘qitgan bo‘lishi kerak, ayol kishi ko‘rinyapti. Agar tezda o‘qitmasangiz, sizdan uzoqlashib ketadi. (Dunyoda yo‘q inson haqida ma’lumot berilyapti!)

— Foydasi bo‘larmikan o‘qitsam...

— Nega bo‘lmas ekan, o‘lib qoladi-yu, siz uchun shaytonlab qoladi. Olti soatda foydasi bo‘ladi. “Issiq-sovuq” qilib sizga isitish kerak, bo‘lmasa sizdan uzoqlashib ketaveradi.

Men uni shunday isitib beramanki, siz uchun joniniyam beradigan bo‘ladi. Bir umrga sizga bog‘lab beriladi. Sizdan boshqani ko‘zi ko‘rmay, aytganingizni qiladigan bo‘ladi. Hamma pulini sizga olib kelib beradigan bo‘ladi.

Bitta o‘qitganingizda besh yilgacha kafolat beraman. Olti soatda duoning ta’siri seziladi. Besh yildan keyin yana o‘qitish kerak bo‘ladi, duoning kuchi tugaydi keyin. Besh yil yoningizdan ketmaydi, nima desangiz xo‘p deydi. Haydasangiz ham yoningizga kelaveradi. Sizsiz yashay olmay qoladi bu odam. Har 10-15 minutda ovozingizni eshitmasa, o‘lib qoladigan bo‘ladi.

Bu odamning ishlari yaxshi bo‘lib ketadi, pullar ko‘rinyapti. (Kelajakka umid uyg‘otish!) O‘qitilgani uchun yo‘llari yopilgan. U sizning hayotingizni o‘zgartirib yuboradi, faqat bitta o‘qitib yuboring. O‘qitilgani uchun o‘zgarib qolgan, undan ham yaxshi bo‘lib qoladi hali...”

“Issiq-sovuq” uchun mol yuragi...

Shundan keyin yana bir shunaqa kanal orqali faoliyat yuritayotganlardan biri bilan bog‘lanib ko‘rdik. Unga ham shunday rasmlar yuborib, “isitib” berishni iltimos qildik. Chegirmada (!) 270 ming so‘m bo‘lgan amal bilan bu rasm egalarini bir-biriga isitish va’da qilindi. Isitish jarayoni esa bizga video orqali yuborildi.

Ta’kidlanishicha, erkak kishini ayolga isitish uchun buqaning yuragi, ayolni erkakka isitish esa sigirning yuragidan foydalanishar ekan.

Ming afsuski, ularga ishonib xato qiladiganlar ham bor ekan. Folbinga borib kuygan ayol boshidan o‘tganlarini gapirib berdi. Uning hikoyasini videolavhamizda tinglashingiz mumkin.

Mijozlarning aksariyati – ayollar

Skrinshot: Kun.uz

Firibgarlar odamlarda ishonchni oshirish uchun Telegram-kanallariga ishlarining “ijobiy natijalari”ni ham qo‘yib boradi. Achinarlisi, folbinga tashakkur aytilgan izhorlarning deyarli hammasi ayollar yoki qizlar tomonidan yuborilganida edi.

Insonlarning muvaffaqiyatsizligidan, iztiroblaridan foydalanish, har bir inson hayotida uchraydigan muammolarga yechimni osongina topib berishni aytib uydirma to‘qiyotganlar umid chirog‘ini yoqish orqali odamlarda ishonch uyg‘otadi va shu orqali mo‘maygina pul ishlashadi. Ojiz yoki e’tiqodi sust insonlar esa ularga qatnashni kanda qilmaydi.

Xo‘sh, odamlarni aldayotgan bunday “bashoratchi”larga qonunda jazo bormi? Bor. Huquqiy jihatdan bu holat firibgarlikka tenglashtiriladi va Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan baholanadi.

Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Folga ishonish – e’tiqod sustligidan dalolat

Zulayho Soatova  / Foto: Kun.uz

Dinimizda folga nisbatan qanday hukmlar borligini eslatib o‘tishni ham lozim deb bildik. Bu haqda bizga Toshkent shahri bosh otinoyisi Zulayho Soatova so‘zlab berdi.

“Anas ibn roziyollohu anhudan rivoyat qilishlaricha, folbinga borib, unga ishongan odam payg‘ambarimizga tushirilgan narsadan ajraydi. Folbinga borib uning aytganlariga ishonmaganlarning esa 40 kungacha qilgan ibodati qabul bo‘lmaydi.

Yana bir hadisda Vasila ibn Asqo roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, folbinga murojaat qilganlarning 40 kungacha tavbasi o‘tmaydi.

Alloh taolo Qur’oni karimda: “G‘ayb, yashirin ish va narsalar kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas”, deb marhamat qilgan. (An’om surasi, 59-oyat)

Afsuski, bugungi kunda turli folbin-duoxonlarning oilalarga raxna solishi ham kuzatiladi. Ularning oldiga borib ham pulini, ham vaqtini sarflayotgani yetmaganday, Yaratgan oldida ham gunoh qilishyapti. Ayniqsa, farzand tarbiyasida muhim o‘rin tutadigan ayollarimizning shundaylarga ishonishi – tashvishli holat. Boshiga tashvish-musibat tushganda folbinga borishadi. Bunga sababchi qilib ko‘rsatilgan odamlar bilan oralariga nifoq tushadi, kelishmovchiliklar kelib chiqadi.

Oilaviy munosabatlar yuzasidan fol ochirishga borib ajrashib ketayotgan oilalarni ham ko‘ryapmiz. Undan ko‘ra dinimizda buyurilgan amallarga rioya qilinsa ham iymon mustahkamligiga, ham gunohlardan tiyilishga erishilardi”.

G‘aybni bilish – faqat Yaratganga xos

Biz ularning faoliyatini ko‘rsatdik xolos. Aniqlash yoki chora ko‘rishni boshqalarga qoldiramiz. Bu yerda eng katta xato biz ularga o‘z taqdirimizni ishonishimiz ekanligida. Hech kim taqdirimizda borini o‘zgartirish xususiyatiga ega emas, buni faqat o‘zimizni isloh qilish orqaligina yaratamiz.

Zero, g‘aybni bilguvchi faqat Yaratganning o‘zi xolos.

Xulosa o‘zingizdan.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchilar:
Abduqodir To‘lqinov,
Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid