O‘zbekiston | 13:45 / 22.12.2021
10127
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan elektr tarmoqlari korxonasi direktori tuman hokimi bo‘ldi

Uchqo‘rg‘on tumani hokimi ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun ishdan olindi. Uning o‘rniga mutaxassisligi energetik bo‘lgan hokim tayinlandi.

Xalq deputatlari Uchqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, sessiyada viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etdi va tumanni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar ishga solinmayotgani, tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik sanoat zonalari tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga yetarli e’tibor qaratilmagani tanqid ostiga olindi.

Tumanning sobiq rahbari Azimjon Abdumutalovich Vahobov faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.

Namangan viloyati hokimining qarori hamda tuman Kengashi deputatlari tasdig‘i bilan Jahongir Nosirjonovich Rizzayev Uchqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Jahongir Rizzayev 1986 yil 5 dekabr kuni Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yili Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-energetik.

U 2018 yil may oyidan hozirgi vaqtga qadar «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, Azimjon Vahobov Uchqo‘rg‘onga 2017 yil oktyabridan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Bundan avvalroq, kun davomida Namangan viloyatining yana ikki tumanida - Kosonsoy va Norin tumanlarida yangi hokimlar ish boshlagandi.

Mavzuga oid