O‘zbekiston | 19:01 / 27.12.2021
4804
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi 2400 yillik tarixiy yodgorlik qabristonga aylandimi?

Foto: Madaniy meros agentligi

Bir muddat oldin Qoraqalpog‘istonda 2400 yillik tarixiy yodgorlik hududi qabristonga aylantirilgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Ermashev Kun.uz’ga izoh berdi. Shuningdek, hokim tarixiy yodgorlik hududida yerlar sotilayotgani borasidagi xabarlarga ham batafsil to‘xtaldi.

Xo‘jayli tumani “Mizdakxon majmuasi” hududida joylashgan Halifa Rajab (Erejyep) maqbarasi tarixiy yodgorligi hududida yangi qabrlar uchun yerlar sotilayotgani xabar berilgandi.

Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Ermashevning aytishicha, holatni o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan.

Unga ko‘ra, “Mizdakxon majmuasi”dagi Halifa Rajab (Erejyep) maqbarasi yoniga qo‘yilgan qabriston marhum Tulepov Urazbay Daniyevichga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, marhumning yaqinlari "Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzishgan. Ammo tarixiy yodgorlikka zarar yetmagan. Yangi qabr va tarixiy obida oralig‘i 10,5 metrli, qabr o‘rnatilgan joyda hech qanday tarixiy obekt bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan.

Xo‘jayli tumani Jenis Ermashev “Mizdakxon majmuasi” hududidagi yerlar qabriston uchun sotilayotgani borasidagi xabarlarga izoh berdi.

Foto: Madaniy meros agentligi

Hokimga ko‘ra, holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hozirgacha surishtiruv ishlari davom etmoqda. Dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, marhumning yaqinlari uni dafn qilish uchun hech kimga pul bermagani, hech kim ulardan pul so‘ramagani, marhumning yaqinlari shu joyga dafn qilingani uchun uni shu yerga hech qanday ruxsatsiz dafn qilingani ma’lum bo‘lgan. Holat bo‘yicha maxsus ishchi guruh o‘rganish natijalari prokuraturaga yuborilgan.

Jenis  Ermashevning aniqlik kirtishicha, “Mizdakxon majmuasi”ning 6,4 gektar hududi Madaniy meros agentligi balansiga berilgan. Qabristonlar joylashgan hudud esa Xo‘jayli tuman obodonlashtirish boshqarmasiga berilgan. Boshqarmaning qabristonga mas’ul 7 nafar xodimiga "Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzishgani uchun ish haqining 20-30 foizi jarima chorasi ko‘rilgan.

Jenis Ermashevning qo‘shimcha qilishicha, yuqoridagi 7 nafar boshqarma xodimlari boshqa qabristonlarga biriktirilib, o‘rniga yosh mutaxassislar olib kelingan.

Foto: Madaniy meros agentligi

Ma’lumot uchun, Mizdakxon nekropoli qadimiy qabriston bo‘lib, Nukus shahridan 40 daqiqa uzoqlikda joylashgan arxeologik inshootlar majmuasi hisoblanadi va ikki yuz gektar maydonni egallaydi. Bu yerda qadimiy qabrlar mavjud, ularning ba’zilari esa 2400 yillik tarixga ega. Mizdakxon - Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy va yirik qabristonlardan biridir. Qadim zamonlardan beri bu joy muqaddas va sirli maskan sifatida ko‘plab ziyoratchilarni jalb qilib kelmoqda. So‘nggi dafnlar XIV asrga to‘g‘ri keladi.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid