Jahon | 16:11 / 01.01.2022
20801
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 1 yanvardan qoidabuzar migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuboradi

Rossiyada noqonuniy mehnat qilayotgan xorijliklar 1 yanvardan boshlab qaytib kirish taqiqlangan holda mamlakatdan chiqarib yuboriladi, ularga ish berganlar esa har bir kishi boshiga 800 ming rubl jarima to‘laydi.

Foto: lenta.ru

Bundan tashqari, 2022 yilda migrantlarni bir qator yangiliklar kutmoqda: ular majburiy tartibda daktiloskopiya (barmoq izlarini topshirish), fotosuratga tushish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart bo‘ladi. O‘zgarishlar tafsilotlari va ularning mehnat bozoriga ta’siri haqida «Izvestiya» gazetasi yozib chiqdi.

Qaytib kirolmaydigan qilib chiqarib yuborish

1 yanvardan boshlab Rossiyada noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan migrantlar mamlakatga qaytib kirolmaydigan qilib chiqarib yuboriladi, ularga ish berganlar esa har bir kishi boshiga 800 ming rubl jarima to‘laydi. Bu haqda Rossiya IIV matbuot markazida xabar qilindi.

RF IIVning qayd etishicha, 31 yanvar kuni prezident V.Putin tomonidan joriy etilgan, migrantlarga mehnat faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yish maqsadida mamlakatni tark etmasdan o‘zining huquqiy statusini tartibga solish bo‘yicha kiritilgan vaqtinchalik choralar nihoyasiga yetgan. Shu sababli, ishlash uchun hujjatlari bo‘lmagan migrantlarga zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni tavsiya qilishgan.

O‘z navbatida, migrantlarni jalb qilgan ish beruvchilarga mehnat munosabatlarini tezroq rasmiylashtirib, uch kun ichida IIVning hududiy organlarini xabardor qilish tavsiya etilgan.

Foto: TASS/Artem Geodakyan

«Xorijlik fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmaganlar xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kirib kelish maqsadidan qat’i nazar, ularni ish bilan ta’minlash uchun ruxsatnoma olish uchun murojaat qilishlari kerak», — deyiladi RF IIV xabarida.

Idoraning ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2021 yillarda Rossiyaga 7 milliondan ortiq xorijiy migrantlar kirib kelgan va ishlash uchun ruxsatnoma olishgan. Shu holatda ham mamlakatda nolegal migrant soni «sezilarli» darajada qolmoqda. RF IIV rahbari o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning ma’lum qilishicha, ularning soni 700 mingdan ortiqroq bo‘lishi mumkin va aksariyati MDHga a’zo davlatlardan kirib kelishgan.

Amnistiyaning tugashi

«Yevropa yuridik xizmati» yuristi Valentin Lupuning tushuntirishicha, 2021 yilning oxirigacha amalda bo‘lgan «migratsion amnistiya» prezident V.Putin farmoniga ko‘ra, koronavirus tarqalishi oqibatlarini bartaraf etish davrida xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holatini tartibga solish uchun vaqtinchalik choralardan iborat bo‘lgan.

Farmon, xususan, YeOIIga a’zo davlatlardan kelgan fuqarolar ish beruvchilar bilan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalarni Rossiyaga kirib kelish maqsadiga doir talablarni hisobga olmasdan imzolashi mumkin bo‘lgan muddatlarni ham cho‘zgan. Rossiyaga viza talab etilmaydigan tartibda kirib kelgan boshqa xorijliklar (Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston, O‘zbekiston va Ukraina fuqarolari) yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar patent berish yoki uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi arizani rasmiylashtirish uchun hujjatlarni taqdim etish muddatlari talablarini hisobga olmasdan haqli edi. Ish beruvchilar esa xorijliklarni mehnatga jalb qilishda sanitariya choralariga amal qilgan holda, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ishlash uchun ruxsatnomani ularning mamlakatga kirib kelish maqsadi talablarini hisobga olmasdan ruxsatnoma olish yoki uni cho‘zdirish haqida ariza berishlari mumkin edi.

Foto: emcmo.mosreg.ru

«31 dekabr kuni xorijiy fuqarolar mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shuningdek, patentlar va ishlash uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati tugashiga qadar mehnat faoliyatini amalga oshirishi mumkinligini belgilovchi (16 iyundan keyin va 31 dekabrgacha belgilangan) muddat ham tugadi», — degan Lupu.

Yangi qoidalar

2021 yilning oxirigacha Rossiyada bo‘lib turish muddati tugagan migrantlar mamlakat chegarasini tark etish majburiyatisiz, vaqtinchalik bo‘lib turish uchun ruxsatnomani rasmiylashtira olishar edi. 2022 yilning boshidan boshlab mamlakat chegarasini kesib o‘tish majburiy bo‘ladi — qandaydir sabablar bilan muddatlarini o‘tkazib yuborgan fuqarolar jarimaga tortilishi va Rossiyaga kirish uchun kamida uch yillik taqiqqa duchor bo‘lishlari mumkin, — deydi yurist Venera Shaydullina.

«Migrantlarning Rossiyada hozir bo‘lib turish qoidalarini qat’iylashtirishga ko‘plab omillar sabab bo‘lmoqda, — deb tushuntiradi yurist V.Shaydullina. Ular uchun mehnat bozori pandemiya tufayli keskin qisqardi. Shu sababli, so‘nggi yilda yaqin xorijdan kelgan va ish topolmagan xorijliklarning ulushi keskin oshgan. Ishni yo‘qotish va ishga joylasha olmaslik bu toifadagi insonlar o‘rtasida jinoyatchilik darajasi o‘sishiga olib keldi. Shu jumladan, mulkka qarshi va shaxsga qarshi jinoyatlar soni ortgan».

Illyustrativ foto: infopovod.ru

Bundan tashqari, 2021 yil 29 dekabrdan «Rossiya federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi, «Federal qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi hamda «Rossiya Federatsiyasida davlat daktiloskopik qayd etish tizimi to‘g‘risida»gi Federal qonunlar kuchga kirdi. Shaydullinaning tushuntirishicha, bu qonun Rossiyaga ish izlab kelgan boshqa davlatlar fuqarolarini 90 kun ichida majburiy tartibda daktiloskopiya, fotosuratga tushish (ularni IIV organi o‘tkazadi) va tibbiy ko‘rikdan o‘tishini belgilaydi.

Shundan so‘ng migrantlarga quyidagi hujjatlar paketi beriladi: egasi daktiloskopik qayddan o‘tganini tasdiqlovchi, fotosurat va shaxsiy ma’lumotlari yozilgan laminatsiyalangan blank, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlar. IIV va FXX bazalarida biometrik ma’lumotlar to‘planishini ta’minlovchi bunday choralar migrantlar orasida jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilishi kerak, deb hisoblaydi Shaydullina.

Sentyabr oyi oxirida RF IIV matbuot xizmati migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonining oshayotgani haqida xabar bergan edi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar oyidan avgust oyiga qadar Rossiyada xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 24,7 mingta jinoyatga qo‘l urishgan. Bu esa avvalgi yilning shu davriga nisbatan 6 foizga ko‘proq. 2020 yil davomida migrantlar tomonidan 25 mingdan ziyod jinoyat va 460 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan.

Jarayonlardan ozod bo‘lish

Rossiya hududida bo‘lib turgan xorijliklar uchun yangi jarayonlarni majburiy o‘tash zaruriyati umumiy tartibda ularning Rossiyaga keyingi kirib kelishlarida paydo bo‘ladi. Valentin Lupuning qayd etishicha, migrantlar Rossiya hududini tark etmasdan, bu jarayonlarni oldindan o‘tash huquqiga ega.

Avvalroq (jumladan, patent olishda) daktiloskopik qayddan o‘tgan va suratga tushgan shaxslar jarayonlarni o‘tashdan ozod bo‘lishadi. Bunday insonlar RF IIVga zarur hujjatlarni olish uchun murojaat qilishlari mumkin.

Foto: nijnevartovsk.bezformata.com

Rossiyaga ishlash uchun kelgan xorijliklar kirib kelgan kundan boshlab 30 kun ichida narkotik yoki psixotrop moddalarni vrach tayinlovisiz iste’mol qilganlik fakti, atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklar, OITV infeksiyasi bor-yo‘qligini shahodatlovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari kerak.

Qoidabuzarlik uchun choralar

Valentin Lupuning aytishicha, xorijliklarning Rossiyada ishlashi, ish beruvchilarning ularni mehnatga jalb qilishi bilan bog‘liq qoidabuzarlik aniqlanganda qo‘llaniluvchi ma’muriy choralar avvaldan bo‘lgan. Biroq «migratsion amnistiya» davrida u xorijiy ishchilar va mahalliy ish beruvchilarga nisbatan qo‘llanilmagan.

«Patensiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan yoki patent (ishlash uchun ruxsatnoma)da ko‘rsatilgan kasb bo‘yicha ishlamayotgan, patent (ishlash uchun ruxsatnoma) berilgan hududdan boshqasida xorijlik fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan 2–5 ming rubl ma’muriy jarima va mamlakatdan chiqarib yuborish jazosi qo‘llangan», — deydi Lupu.

Foto: kvobzor.ru

Ish beruvchilarga nisbatan bunday qoidabuzarliklar uchun 800 ming rubl jarima yoki faoliyatni 90 sutkagacha to‘xtatib qo‘yish chorasi qo‘llaniladi.

Shaydullinaning fikricha, qonunchilikdagi o‘zgarishlar xorijiy mehnatkashlar oqimining pasayishiga olib keladi.

«Ilgari qandaydir qoidabuzarlik sodir etib, Rossiyadan chiqarib yuborilgan fuqaro, ismi yoki familiyasini o‘zgartirib, yangi hujjat bilan kirib kelishga urinar edi. Kimlardir «qo‘lga tushar», kimningdir esa omadi kelardi. Biroq barmoq izi ism emas, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shu sababli, daktiloskopik qayddan o‘tgan va mamlakatdan chiqarib yuborilgan barcha qoidabuzarlar qaytib kirishi qiyin bo‘ladi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid