O‘zbekiston | 13:06 / 06.01.2022
95900
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda talabalarga qishki ta’til muddati uzaytirildi 

Professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi. 

Talabalarga qishki ta’til muddati 13 kunga uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, 24 yanvarga qadar moliyaviy mustaqillikka erishgan hamda kredit-modul tizimiga o‘tgan barcha OTMlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar olib boriladi. 

“Oliy ta’lim tizimi tarixida ilk marotaba – rektorlar, prorektorlar, dekanlar va moliya masalalariga mas’ullar uchun o‘z kasbiy mahoratini oshirish, yangicha tartibda ishlashni boshlash maqsadida joriy yil 10-24 yanvar kunlari amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tganligi sababli kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari uchun asosiy ishdan ajralgan holda o‘quvlar barcha oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladi.

Bu jarayonga oliy ta’lim muassasalari huzuridagi barcha professional ta’lim muassasalari hamda akademik litseylar rahbarlari ham jalb etiladi”, - deyiladi rasmiy xabarda. 

Shuningdek, talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirildi.

Bundan tashqari, 2022 yilning 11 yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Mavzuga oid