O‘zbekiston | 09:49 / 07.01.2022
1683
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda Qoraqalpog‘istonda 104 ta korrupsion holat aniqlangan

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istonda 2021 yilda korrupsiya bilan bog‘liq 104 ta, shundan pora olish va pora berish bilan bog‘liq 70 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga tayanib Huquq gazetasi yozmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

Masalan, Beruniy tumanidagi sport maktabining direktori N.A. maktabda murabbiy bo‘lib ishlovchi M.Z.ning faoliyatini tekshirmaslik evaziga undan 500 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. M.Z. esa ushbu talab haqida departamentga murojaat qilgan.

O‘tkazilgan tadbirda direktor talab qilingan pulning 300 dollarini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, D.R. ismli fuqaroning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda yana bir jinoyatga chek qo‘yildi. Gap shundaki, asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan R.A. ariza egasi D.R.ni tanishlari orqali ishga kiritishga va’da bergan va buning evaziga undan 300 dollar pul talab qilgan. Ariza bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda u bu pulni D.R.dan olayotgan paytda ushlandi.

Surishtiruv chog‘ida esa R.A. bu pulni o‘zi yashab turgan hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotining mudiri vazifasini bajaruvchi N.U.ga berishi kerakligini aytadi.

Shunday qilib, pora olish va berishda vositachilik qilgan R.A.ning pushaymonlik arizasiga asosan tadbir davom ettiriladi. Mudir vazifasini bajaruvchi N.U. ham o‘z xizmat xonasida 300 dollarni R.A.dan olayotganida ushlanadi.

Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdorlarning javobgarligi masalasi hal qilindi.

Oldinroq Qoraqalpog‘istonda qaysi sohada korrupsiya ko‘proq uchrashi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid