O‘zbekiston | 19:38 / 10.01.2022
32201
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qat’iy karantin cheklovlari rejalashtirilmayapti

Niqob taqmaganlar jarimaga tortilmaydi, ularga niqob beriladi. Ommaviy tadbirlar, xususan konsert dasturlari karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazilishi davom etadi.

10 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan AOKAda O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq mavjud epidemiologik holat yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi va unda maxsus komissiyaning so‘nggi qaroridan keyin yuzaga kelgan savollar bo‘yicha oydinlik kiritildi.

Karantin ehtimoli haqida

Hozirda O‘zbekistonda qat’iy karantin cheklovlarini kiritish ko‘zda tutilmayapti. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ma’lum qildi.

«Cheklovlar kiritilishining oldini olish uchun ham emlanishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi Norboyev.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova ham vaksina olish muhimligini ta’kidladi.

«Bir narsani yaxshi tushunish kerak, vaksina omikrondan himoya qilmaydi. Emlangan odamda kasallik yengilroq o‘tadi, xolos. Biz uni yuqtirmaslik uchun jamoatchilik yig‘ilgan joylardagi munosabatlarni kamaytirishimiz va gigiyenaga qattiq e’tiborli bo‘lishimiz kerak»,  dedi u.

Ommaviy tadbirlarga cheklov yo‘q

Maxsus komissiya qarorida davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalarida aholi salomatligini ta’minlash, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash maqsadlarini ko‘zda tutib, turli tadbirlar tashkil etish taqiqlanishi ma’lum qilingandi. Ijtimoiy tarmoqda esa 15 yanvardan ommaviy tadbirlar taqiqlanishi haqida asossiz xabar tarqaldi.

«Ommaviy konsert tadbirlari ayni kundagi karantin talablari asosida o‘tkaziladi. Biroq epidemiologik holat o‘zgarishiga qarab talablar qat’iylashishi mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi», dedi SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov.

Jarima haqida gap yo‘q

Maxsus komissiya qarorida jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilayotgani ma’lum qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda niqobsiz qo‘lga tushganlar 1 mln 350 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilishi haqida ogohlantirishlar paydo bo‘ldi.

Habibulla Oqilov tibbiy niqob taqmagan fuqarolar avval ogohlantirilishini, maxsus komissiyaning 9 yanvar kungi yig‘ilishida tibbiy niqob taqmagan fuqarolarga faqat ogohlantirish berilishi aytilganini bildirdi.

«Bosh vazir boshchiligida Maxsus komissiya yig‘ilishida ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlariga ko‘chada yurganda muomalani to‘g‘ri qilish tushuntirildi. Niqobsiz bo‘lgan fuqaroga, birinchidan, tushuntirish, ogohlantirish va faqatgina ogohlantirish beriladi. Xodimlarga niqobsiz fuqarolarga berish uchun kerakli miqdorda niqoblar tarqatilgan. Jarimalar to‘g‘risida hozircha gap yo‘q», dedi Oqilov.

O‘qish onlaynga o‘tkazilmaydi

O‘zbekistonda OTM talabalari va maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 24 yanvargacha uzaytirilgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqda o‘qish onlaynga o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi gaplarni keltirib chiqardi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov OTMlarda ta’lim jarayoni onlayn formatga o‘tkazilmasligini bildirdi.

«24 yanvardan keyin ta’lim jarayonlari onlayn formatga o‘tkazilmaydi. Yakuniy nazorat imtihonlari o‘z vaqtida bo‘lib o‘tadi», dedi u.

Habibulla Oqilov maktablarda ta’til uzaytirilishi omikron aniqlanishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

«Maktablarda ta’til uzaytirilishi mavsumiy gripp bilan bog‘liq. Omikron keyin aniqlandi. Hozir mavsumiy gripp tarqaladigan vaqt», degan u.

Mavzuga oid