O‘zbekiston | 15:25 / 13.01.2022
9578
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda MIB xodimi kaltaklanib, pichoq bilan tan jarohati yetkazildi

Asaka tumanida noqonuniy savdo do‘konini buzish uchun kelgan MIB xodimi kaltaklanib, pichoq bilan tan jarohati yetkazildi.

MIB Axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, FIB Asaka tumanlararo sudining ijro varaqasiga ko‘ra, Asaka tumani, Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish hududida qarzdor A.Jumayev tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi uning hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.

Mazkur sud qarori ijrosi bo‘yicha Byuroning Asaka tuman bo‘limi davlat ijrochisi X.Mehmonov tomonidan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilib, sud hujjati talabini bajarish haqida qarzdor bir necha bor ogohlantirilgan va o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlarida A.Jumayev ishtirok etmaganligi sababli boshqa kunga qoldirilgan.

Sud qarori ijrosini ixtiyoriy bajarmaganligi sababli A.Jumayevga nisbatan O‘zR MJtKning 198-1-moddasiga asosan 540 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
 
11 yanvar kuni noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazish davomida qarzdorning o‘g‘li S.Jumayev do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. 

Hozirda mazkur hodisa bo‘yicha Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid