Jamiyat | 19:55 / 17.01.2022
64427
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist «yosh qizcha»mi? «Qudbiyevcha» matbuot anjumanidan keyingi mulohaza

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev matbuot anjumanida so‘z o‘yini qilib, savol berishga chog‘langan jurnalistga «xalq nomidan gapirish huquqi yo‘qligi»ni aytdi. Uning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi hamonoq noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Sherzod Qudbiyevning ushbu xatti-harakatini jurnalist ovozini o‘chirishning «Qudbiyevcha» usuli deb atasa bo‘ladi. So‘z o‘yini qilib, «xalq nomidan gapiryapsiz» deb jurnalistning og‘ziga urishni bundan boshqacha atab ham bo‘lmaydi.

Keling, dialogni so‘zma-so‘z ko‘rib o‘tamiz:

Jurnalist: «Siz ham, men ham xalq uchun harakat qilamiz. Hozir siz «odamlar o‘zi uchun harakat qilsin» dedingiz. Odamlarning o‘zi hozir menga telefon qilyapti, telegramdan yozyapti. Aytyaptiki, «nima uchun sizning savolingizga javob bermadi, «Artel» korxonalar tizimining shoxi bormi?», yoki bo‘lmasa, «Kimning yelkasiga tushishini nega aytmayapti, soliqdan ozod bo‘lganlarning umumiy balansidagi yer, bu mol-mulk sirmi shunchalik» deb yozyapti. Bu mening emas, xalqning fikri. O‘zlari ham aytyapti, ya’ni sizdan batafsil, to‘liq javob kutyapti».

Sherzod Qudbiyev: «Xo‘p bo‘ladi. Yulduzxon, hozir mana moliya vaziri o‘rinbosari so‘z so‘rayaptilar bu savolga javob berishga. Lekin fikrimcha, men sizning savolingizga «Hech kimning yelkasiga tushmaydi», deb javob berdim. Bu javobdan qoniqish-qoniqmaslik sizning ishingiz, albatta.

Ikkinchidan, Yulduzxon, siz hali yosh qizchasiz, xalq nomidan gapirishga 2 xil toifa haqli. Siz xalq nomidan gapirolmaysiz. Kelgusida ehtiyot bo‘ling. Xalq nomidan faqat prezident gapiradi – chunki saylangan. Va deputat gapiradi. Boshqa odam xalq nomidan gapirishga huquqiy ham, boshqa tomondan ham huquqi yo‘q».

Konstitutsiyaning 10-moddasida O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkinligi belgilangan. Bu yerda xalq nomidan ish olib borish va xalq nomidan gapirish boshqa-boshqa tushunchalar ekaniga e’tibor berish lozim. Sanab o‘tilgan Prezident va Oliy Majlis deputati rasmiy lavozimlar bo‘lib, ular o‘z lavozimiga saylov orqali erishadi. Lekin jurnalist xalq nomidan ish olib borolmasa-da, matbuot anjumanlarida ko‘pchilikdan tushayotgan savollarni yig‘ib, hukumat vakillari va boshqa rasmiy shaxslarga berishga haqli. Buni xalq nomidan gapirish, desa xato bo‘lmaydi.

Sherzod Qudbiyev asosiy savol qolib, so‘z o‘yini orqali boshqa narsani «ushlab olib», jurnalistga so‘z orqali «hujum qilish», uni omma oldida bilimsiz qilib ko‘rsatish orqali boshqa jurnalistlarning ham ovozini o‘chirishni maqsad qilgan bo‘lsa ne ajab?

Jurnalistni «yosh qizcha» deb atash va gapini o‘ylab gapirish kerakligi haqidagi mulohazalar esa davlat idorasi rahbarining axloqiga to‘g‘ri kelmaydigan harakat hisoblanadi.

Abbos Salaydinov 

Mavzuga oid