Jamiyat | 18:11 / 19.01.2022
15333
2 daqiqa o‘qiladi

“Qibraychasiga” asfaltlash - mahalla yo‘llari yana chala ta’mirlandi

Qibray tumanidagi Bo‘ston mahallasining ayrim yo‘llari o‘tgan yili nihoyat birinchi marta asfalt ko‘rgan edi. Biroq asfaltlash ishlari faqat ayrim ko‘chalardagina olib borilgan, qolganlari avvalgidek suv va loy ahvolda qoldi.

Foto: KUN.UZ

2021 yil sentyabr oyida poytaxt biqinidagi Qibray tumani, Bo‘ston mahallasi, Subhidam ko‘chasida yo‘llar mustaqillik davrida biror marta asfalt ko‘rmagani haqida yozgan edik. Shundan keyin mahallaning ayrim yo‘llariga asfalt yotqizildi, biroq...

Nisbatan asosiy bo‘lgan ko‘chalargina asfalt ko‘rdi. Bu asosiy ko‘chalar oralig‘idagi yo‘llar avvalgidek suv va loy bo‘lib yotibdi.

Subhidam ko‘chasiga qo‘shni bo‘lmish Hamid Olimjon ko‘chasida ham “ajoyibot”ga duch kelasiz. Uch yil oldin Kun.uz'da yoritilgan 11-maktabga olib boruvchi abgor yo‘l o‘sha paytdayoq ta’mirlangandi. Ammo bu yerda ham “qibraychasiga” asfalt yotqizilib, maktabning shundoq oldi asfaltlanibdi, sal naridagi ahvol avval qanday bo‘lsa, o‘shandayligicha qolgan.

Biz bejiz “qibraychasiga” degan so‘zni ishlatmadik. Bir necha yil oldingi holatda ham, bir oy oldingi holatda ham Qibray tumani rahbarlari bir xil yo‘l tutgan: ta’mirtalab yo‘llarning ayrim qismlarigina asfatlab qo‘yilgan xolos.

Biz yana bir bor Qibray tuman hokimligi mas’ullaridan mazkur masalaga e’tibor qaratishlarini, mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismini behuda havoga sovurmay, birinchi navbatda aynan shu kabi aholi muammolarini hal qilishga yo‘naltirishni so‘rab qolamiz.

Farrux Absattarov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid