Jamiyat | 14:10 / 22.01.2022
58009
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 arzonroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo...

Saudiya Arabistonining “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhi o‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 safarini tashkil etish bo‘yicha nisbatan yaxshiroq takliflarni bildirganiga qaramay, tenderda sohada yetarli tajribaga ega bo‘lmagan transport-logistika kompaniyasi g‘olib deb tanlab olinganini aytishmoqda.

2022 yil 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Saudiya Arabistonining “Abu Sarhad” shirkati bilan Umra-2022 ziyoratini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Keyinroq, bu shartnomadan kelib chiqqan holda, pandemiyadan avval Umra safari uchun to‘lovni amalga oshirganlar kamida 4 mln 770 ming so‘m qo‘shimcha to‘lov qilish zarurligi ma’lum qilindi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Kun.uz tahririyatiga “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhi vakillarining murojaati kelib tushdi.

Unda kompaniya Umra-2022 uchun tenderda ishtirok etish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi va O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasiga bir necha marta ariza topshirgani, ammo tenderga taklif etilmaganini bildirdi.

Kompaniya vakilining aytishicha, “Abu Sarhad”ning takliflariga nisbatan maqbulroq va arzonroq takliflarni bildirishgan. Ammo komissiya noma’lum sabablarga ko‘ra ularni tanlamagan.

Shikoyatda yozilishicha, “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhiga kiruvchi “Tariq Al-Matrafy For Umrah Services” shirkati Makka shahridagi Jabal Omar Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekiston delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazgan. Keyinchalik rasmiy xat yo‘llab, ana o‘sha muzokarada berilgan takliflariga qo‘shimcha yana beshta taklifni ham bildirgan.

Birinchi taklifda O‘zbekiston delegatsiyasiga ma’qul bo‘lgan 5 yulduzli mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish 10 kunlik Umra ziyorati narxi 900 AQSh dollari emas, 810 dollar etib belgilangan. Bunga 900 AQSh dollaridan ZOWAR platformasidan foydalanish uchun taqdim etiladigan 10 foizlik chegirma kiritilgan.

Ikkinchi taklifga binoan, kompaniyaning Madina shahrida joylashgan 4-5 yulduzli mehmonxonalaridan (Haramdan 150-250 metr masofa) foydalangan holda Umra ziyorati narxini yil davomida bir qiymatda belgilash ta’kidlangan.

Uchinchidan, kompaniya tomonidan O‘zbekiston depozit hisob raqamiga 2 mln AQSh dollari qo‘yish va jadval asosida O‘zbekistonning oldingi hamkorining qarzlarini to‘liq to‘lash taklifi ilgari surilgan.

To‘rtinchi taklif sifatida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida Umra ziyoratchilari uchun qo‘yiladigan charter reyslar Guruh hamkori bo‘lgan aviakompaniya orqali amalga oshirilsa, narxlarni yanada arzonlashtirish bildirilgan.

Vanihoyat, “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” tenderda g‘olib chiqqudek bo‘lsa, pandemiyadan oldin Umra ziyorati uchun to‘lov qilgan 10 ming o‘zbekistonlikdan qo‘shimcha haq olmagan holda safarni tashkil etishga va’da bergan.

Bu ayni kunda “Abu Sarhad” bilan imzolangan shartnomadan keyin ziyoratchilardan undirilishi e’lon qilingan 4 mln 770 ming so‘m olinmasligini anglatardi.

Kompaniya O‘zbekiston rasmiylari ularning takliflarini inobatga olmaganini aytmoqda.

Biz “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” va “Abu Sarhad” kompaniyalari haqida internetdan ma’lumot izlab ko‘rdik.

Dastlab “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” va bu guruhga kiruvchi “Tariq Al-Matrafy For Umrah Services”ga to‘xtalamiz.

E’tibor qaratamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu hafta boshida mazkur kompaniyaning tegishli litsenziyasi yo‘qligi haqida bayonot bergan edi.

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi rasmiy saytida “Manazel Al-Mukhtara Trading Co” kompaniyalar guruhiga kiruvchi “Tariq Al-Matrafy For Umrah Services” shirkatiga 1228-raqami bilan litsenziya berilganini ko‘rish mumkin.

Vazirlik saytida mazkur shirkatga berilgan litsenziya muddati hijriy 1443 yilning 11-oy 5-sanasida tugashi yozilgan. Bu milodiy yil bo‘yicha 2022 yilning avgust oylariga to‘g‘ri keladi.

Qiziq, kompaniyaning litsenziyasi yo‘q, deb bayonot berish Musulmonlar idorasiga nima uchun kerak bo‘ldi?

Biz ushbu kompaniyalar guruhining rasmiy saytiga ham kirib, ma’lumotlar bilan tanishdik. Kompaniyaning o‘z nomi bilan ochilgan saytda ko‘rsatiladigan xizmatlar, mavjud mehmonxonalari haqida birlamchi axborotlarni topish mumkin.

Shu o‘rinda, xolis bo‘lish maqsadida, “Abu Sarhad” shirkati sayti qanday ko‘rinishda ekaniga ham e’tibor qaratsak.

Birinchidan, kompaniya o‘z nomi bilan alohida saytga ega emas. Shunchaki, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida hamda bepul sahifa ochish imkonini beruvchi platformada sahifasi bor xolos.

Saytdagi siz ekranda ko‘rib turgan ma’lumotlar kompaniyaning salohiyatidan so‘zlaydi. Ma’lum bo‘lishicha “Abu Sarhad” shirkati asosan transport-logistika xizmatini ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Uning mulkida yoki boshqaruvida birorta ham mehmonxona yoxud katering xizmatlari borligi ko‘rsatilmagan.

Bu shuni anglatadiki, “Abu Sarhad” o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun boshqa mehmonxonalar va katering xizmatlarini yollaydi. Shunday ekan, u vositachi sifatida o‘z xizmat haqini qo‘ymaydi, deb kim kafolat beradi?

Manazel Al-Mukhtara guruhi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u Saudiya Arabistonidagi yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, tarkibida jami 30ta shirkat faoliyat yuritib keladi. Guruh mehmonxona biznesida 21 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib, hozirgi kunda jami 38ta shaxsiy va operativ boshqaruvdagi mehmonxonalarga ega.

Hozircha, mana shular. Albatta, bu yerda adolatsizlik bo‘lgan degan yakuniy xulosadan yiroqmiz. Biz, hozircha, internetdagi barcha ochiq ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qildik, xolos.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bo‘ldi. Qo‘mita vakili ushbu masalaga Musulmonlar idorasi mas’ul ekani, izohni ham ulardan olish maqsadga muvofiq ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi esa har qanday savol yozma ravishda kiritilishi kerakligi, tegishli mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib javob berilishini ma’lum qildi.

Shu bois jamoatchilikni qiziqtirayotgan qator savollar bilan yozma murojaat yo‘llandi. Javoblar olinishi bilan bu mavzuga yana qaytamiz.

Kun.uz'ni kuzatishda davom eting.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid