Jahon | 01:15 / 24.01.2022
14303
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiya bosh vazirining to‘yi omikron sabab qoldirildi

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakatda koronavirus infeksiyasining omikron shtammi tobora keng tarqalayotgani sabab o‘z to‘yini qoldirishga qaror qildi. Bu haqda siyosatchi epidemiologik vaziyatga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Foto: AP

24 yanvardan boshlab Yangi Zelandiyada omikron keng tarqalayotgani sabab xavflilikning qizil darajasi e’lon qilingan. Shu munosabat bilan ommaviy tadbirlarda ko‘pi bilan 100 kishi ishtirok etishiga ruxsat beriladi. Agar vaksina olmagan odamlar yig‘ilsa, mehmonlar soni 25 nafargacha cheklanadi.

«Shunaqa bo‘lib qoldi, men minglab yangi zelandiyaliklardan farq qilmayman. Fuqarolar pandemiya davomida og‘ir kasal bo‘lib qolgan yaqinlarini ko‘ra olishmadi. Bu men his qilayotganimdan ancha yomon tuyg‘u edi», dedi Yangi Zelandiya yetakchisi.

Jon Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 5 milliondan ortiq odam yashaydigan Yangi Zelandiyada 15,5 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlangan va 52 kishi halok bo‘lgan. Mamlakatda pandemiya boshidan buyon 9 million doza vaksina ishlatilgan.

42 yoshli Jasinda Ardern 2018 yil iyul oyida Klark Geyforddan qiz farzandli bo‘lgandi. 2019 yil siyosatchi hamrohi bilan unashtirilganini e’lon qilgan. Jasinda Ardern davlat rahbari sifatida ko‘zi yorigan Benazir Bhuttodan (Pokiston sobiq bosh vaziri) keyin ikkinchi ayol siyosatchi hisoblanadi.

Mavzuga oid