O‘zbekiston | 23:52 / 28.01.2022
37190
13 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi qanday ishlaydi?

© RIA Novosti / Ilya Naymushin

25 yanvar kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda elektr ta’minotida katta miqyosdagi uzilishlar sodir bo‘ldi. Ayni vaqtda uch davlat ham hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganmoqda.

Blekautga Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidagi avariya sababchi ekani aytilgan.

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi nima, u nimaga «energohalqa» deb ataladi va u nima uchun kerak? Energetika vazirligi «Energiya» muvofiqlashtirish dispetcherlik markazi direktori X.A.Shamsiyev va «O‘zMET» AJ bilan hamkorlikda shu savollarga javob berdi.

— Markaziy Osiyo elektr energetika yagona tizimi nima? U nima uchun «energohalqa» deb ataladi?

— Avvalo nomini to‘g‘ri aytishdan boshlaylik... Aniqrog‘i, bizning energetika birlashmamiz «O‘rta Osiyo va Qozog‘iston janubining yagona energiya tizimi» deb atalardi. Hozirda Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston yagona energiya tizimi deb shartli ravishda atamoqdamiz.

Umuman olganda, bunday energetika tizimi faqat bizda emas, dunyo mamlakatlarida ham ko‘pgina. Ilgari sovet ittifoqida bir nechta bunday tizimlar mavjud edi va ularning har birining o‘z birlashgan energetik dispetcherlik markazlari bor edi. Sobiq ittifoqning Markaziy dispetcherlik idorasi (MDI — TsDU) Moskvada joylashgandi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘sha davrda O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston Birlashgan yagona energiya tizimi sovetlar davlatining boshqa hududlari yagona energetika tizimidan ajratilgan holda ishlagan. Markazi Toshkent shahrida joylashgan dispetcherlik nazoratidan elektr ta’minoti umumtizimining ko‘rsatkichlari: chastota va boshqa rejim parametrlari mustaqil tartibga solingan.

Elektr ta’minoti tizimining o‘zaro yaxlitligi (konfiguratsiyasi) 1970-yillarda, to‘rtta respublika hududidan o‘tuvchi 500 kV kuchlanishli liniyalar bitta halqaga birlashtirilganda shakllangan edi. Shu o‘rinda nima uchun degan savol tug‘iladi. Albatta, bu parallel ravishda, ya’ni o‘zaro hamkorlikda ishlash — barcha ishtirokchilarining elektr ta’minotidagi ishonchliligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Hatto mutaxassis bo‘lmaganlar ham «halqada ishlash tizimi» — ushbu halqaning biror bo‘g‘ini o‘chirilgan bo‘lsa ham uning barqarorligini saqlashga imkon berishini tushunishadi. Yoki aksincha, agar energiya tizimining qismlarini bog‘laydigan yirik tarmoq o‘chirilgan bo‘lsa, ularning parallel ishlashi buzilishi ham mumkin. Bunday vaziyatda elektr ishlab chiqaruvchi birinchi manbalar — elektr stansiyalarning barqarorligi saqlab qolinadi.

Hozirgi vaqtda ushbu «halqa»da qo‘shimcha ichki halqalar paydo bo‘lgan, shunga qaramay, Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston yagona energiya halqasi tushunchasi Markaziy Osiyo energetika tizimlarining o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro bog‘liqligining ramzi sifatida saqlanib qolgan. Demakki, matbuotda u yoki bu energiya tizimi «halqani tark etgani» haqida yozayotgan bo‘lsa, bilingki, bu fikr mutaxassisning fikri emas yoki u mutaxassis yetarli bilim-salohiyatga ega emas. Hozirgacha 500 kV kuchlanishli tarmoqlar halqasiga ega bo‘lgan energiya tizimlarining hech biri hamkorlikdagi parallel ishlash rejimini tark etgani yo‘q.

Turkmaniston va Tojikistonning hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo elektr energetika yagona tizimidan ajralgan holda ishlayotganini ro‘kach qilgancha bu fikrga ayrim axborot manbalari e’tiroz bildirishlari mumkin. Ammo shuni alohida ta’kidlashimiz lozimki, Turkmaniston va Tojikistonning energiya tizimlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tasarrufida bo‘lgan 500 kV kuchlanishli «halqa» bilan bog‘liq emas.

Turkmaniston 2003 yilda o‘z tashabbusi bilan Eron energetika tizimi ko‘rinishida o‘zi uchun iqtisodiy hamkor topib, Markaziy Osiyo elektr energetika yagona tizimidan chiqdi va hozir u bilan parallel ravishda ishlamoqda. Bu masalalar hal etilayotgan bir paytda Turkmaniston bilan parallel ravishda ishlashni yo‘lga qo‘ydi. Turkmaniston biz bilan «orol» deb atalgan sxemalar bo‘yicha ish olib boradi, ya’ni O‘zbekiston bilan alohida ishlab chiqarish tarmoqlarini ulash orqali hamkorlik qildi.

Tojikiston bir vaqtlar parallel ishlash shartlarini takroran buzganligi sababli «halqa» tarmog‘idan ajratilgan edi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston tizimining boshqa ishtirokchilari qabul qilgan qo‘shma qarori bo‘lgandi. Hozirda Osiyo Taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magi asosida Tojikistonni yagona energetika tizimiga qayta ulash bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Buni qarang, tajriba ko‘rsatdiki, hamkorlikda ishlash tizimidan chiqib ketish oson ekan, ammo unga ulanish ma’lum bir vaqt va xarajatlar talab etadi. Hozirda O‘zbekistonda ham Tojikiston bilan energetika aloqalarini mustahkamlash uchun yirik qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Xullas, Tojikistonning Markaziy Osiyo yagona tizimi bilan hamkorlikda ishlashini tiklash taxminan 2023 yilda amalga oshiriladi.

Darvoqe, Tojikiston energetika tizimi o‘tgan yillar davomida chastotani mustaqil ravishda tartibga solib kelgan, bunga gidroelektr stansiyalarida mavjud bo‘lgan katta suv zaxiralari yordam berdi. Elektr energiyasining muhim ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda sozlash murakkab texnik-muhandislik ishi bo‘lib, bu muammoni issiqlik stansiyalari (Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lgani kabi) yoki kichik quvvatli gidroelektr stansiyalarining zaxiralari bilan (so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi) hal qilish amalda mumkin emas. Shuning uchun ham ushbu energiya tizimlarining yagona «Markaziy Osiyo halqasi»da birgalikda ishlashi Markaziy Osiyo energetika tizimlarining ishonchli parallel ishlashini ta’minlash, nafaqat ular o‘rtasidagi, balki «uzoq qo‘shni» davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb zarurati hisoblanadi.

— Markaziy Osiyo elektr energetika tarmog‘ining yagona tizimi qachon tashkil topgan va u nima uchun kerak? Asosiy vazifasi nimalardan iborat?

— Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi to‘rtta davlat – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston janubidagi beshta tutash viloyat hududida shakllandi. 1960 yilda O‘rta Osiyo yagona energiya tizimi tashkil etilishi boshlangan bo‘lib, o‘shanda O‘zbekiston energetika tizimi, Qirg‘iziston janubi, Tojikiston shimoli va Janubiy Qozog‘istonning Chimkent tutashuvi energetika tizimlari 110 va 220 kV kuchlanishli elektr uzatish liniyalari orqali parallel ishlashga ulangan.

O‘rta Osiyo yagona energetika tizimi yaratilish davrida, 01.01.1961 yil holatiga 4 ta energetika tizimining o‘rnatilgan quvvati 1157 MVt, maksimal yuklanishi 921 MVt, yillik ishlab chiqarish 6,5 mlrd. kV.soatga teng bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, mintaqada elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligi va sifatini keskin oshirib, gidro (suv omborlari zaxirasi) va yoqilg‘i (tabiiy gaz va neft mahsulotlari) resurslaridan oqilona foydalanish imkonini bergani rost.

Markaziy Osiyo YaET konfiguratsiyasi ittifoq respublikalarining milliy chegaralarini hisobga olmagan holda yagona obekt sifatida ishlab chiqilgan va boshqa ko‘plab energetika birlashmalari singari sobiq ittifoqning Yagona energiya tizimidan ajratilgan holda ishlagan. 30 foiz gidroelektr stansiyalar va 70 foiz issiqlik elektr stansiyalaridan tashkil topgan ushbu birlashma fan va ekspluatatsiya nuqtayi nazaridan chastota va quvvatni tartibga solish, melioratsiya va energetika muammolarini hal qilish uchun maqbul edi. Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston yagona energiya rejimlarini uzoq muddatli rejalashtirish birlashmaga kiritilgan har bir energiya tizimlarida ishlab chiqaruvchi manbalar tarkibini va shunga mos ravishda energiya tizimlarini elektr stansiyalarini yoqilg‘i bilan markazlashtirilgan tartibda ta’minlash masalalarini hisobga olgan.

Rejimlarni saqlashda nafaqat energiya resurslari, balki Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotining negizi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, ya’ni irrigatsiya masalalari ham hisobga olingan. Rejimni optimallashtirish yonilg‘i xarajatlarini va yo‘qotishlarni (texnologik sarf) minimallashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, tarmoqlarni ta’mirlash jadvallari bir-biri bilan kelishilgan holda, ehtiyot qismlarni yetkazish markazlashtirilgan holda ta’minlangan.

Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin energiya materiallari va resurslarini markazlashtirilgan holda ta’minlash-taqsimlash tugatildi. Barcha energetika tizimlarida energiya mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rildi. Ya’ni energiya va yoqilg‘i ta’minotida o‘z-o‘zini muvozanatlash, barqarorlashtirishga intildi. Oddiy aytganda, hamma o‘z imkoniyatlarini ishga soldi. Masalan, gidroenergetika salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlar o‘z ehtiyojini qoplash uchun qishda ham suv omborlari sathini kamaytirib bordi. Bu mintaqada melioratsiya tartib-taomilini izdan chiqarib, ko‘pgina ekologik muammolarga duch qildi. Muvofiqlashtiruvchi birlashma ko‘rsatmalariga amal qilinmadi deyarli.

Nihoyat, 1991 yil 19 noyabrda Ashxobodda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasining energetika tizimlarining parallel ishlashi to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Albatta, bu energetika sohasi rahbarlarining to‘g‘ri qarori bo‘lib, mintaqadagi energetika tizimlarining hech biri mustaqil ravishda o‘z iste’molchilarini to‘liq ishonchli energiya ta’minoti bilan ta’minlay olmasligini tushungan holda amalga oshirildi. Shunday qilib, «Markaziy energiya tizimlarini yagona dispetcherlik nazorati» tashkiloti ta’sis etildi va moliyalashtirish manbalari aniqlandi. Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo energetika tizimlari rahbarlarining uzoqni ko‘ra bilishi va samaradorlikka erishishi natijasida «mintaqa dispetcheri» saqlab qolindi.

Markaziy Osiyo elektr tarmoqlari parallel ishini boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv organi — Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi kengashi (Markaziy Osiyo YaET kengashi), unga energiya tizimlarining birinchi rahbarlari kiritilgan bo‘lib, yilning chorakliklarida poytaxt shaharlarda navbatma-navbat yig‘ilib, masalalar jamoaviy tarzda muhokama tiladi.

— «Energiya» muvofiqlashtirish dispetcherlik markazi qachon va nima maqsadda tashkil etilgan? Uning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

— Energetika tizimlarida yuz bergan tarkibiy o‘zgarishlar munosabati bilan 2002 yilda O‘rta Osiyo Yagona energetika tizimi Kengashi Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi Kengashi maqomini oldi va nodavlat instituti maqomiga ega bo‘ldi.

2004 yil 27 oktyabrda Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika tizimlari o‘rtasida Markaziy Osiyo energetika tizimlarining elektroenergetika sohasidagi aloqalarini muvofiqlashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu bitimning 1-moddasiga muvofiq, Markaziy Osiyoning hozirgi kengashi o‘rnini bosuvchi, energiya tizimlari bo‘yicha maslahat organi bo‘lgan Markaziy Osiyoning Muvofiqlashtiruvchi elektr energetika kengashi tashkil etildi.

2006 yil 29 sentyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ishtirokchilari nodavlat notijorat tashkilot — «Energiya» muvofiqlashtirish dispetcherlik markaziga Markaziy Osiyo energetika tizimlarining operativ-dispetcherlik faoliyatini muvofiqlashtirish yuklatildi.

«Energiya» MDM o‘z faoliyati uchun yuqori boshqaruv organi bo‘lgan Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi Kengashi oldida hisobdor. Uning ta’sis hujjatlari har qanday tijorat faoliyatini taqiqlaydi.

2020 yil aprel oyida tashkilot 60 yoshga to‘ldi va biz bir kun ham faoliyatimizni to‘xtatganimiz yo‘q. Mintaqadagi mamlakatlarning milliy dispetcherlik markazlari bilan birgalikdagi dispetcherlik faoliyatida muvofiqlashtirish funksiyasini bajarmoqdamiz.

Mavzuga oid