O‘zbekiston | 11:38 / 29.01.2022
16840
8 daqiqa o‘qiladi

Aholining nochor qatlami uchun ishlab chiqilgan qonun taqdiri nima bo‘ldi?

Oktyabr oyida Senat “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunni imtiyozlar nazarda tutilgani tufayli qaytarib yuborgandi. Biroq bu imtiyozlar aholining zaif qatlamini qo‘llash uchun kiritilgandi.

Fotokollaj: Kun.uz

Bundan uch oy muqaddam bo‘lib o‘tgan Senatning 20-yalpi majlisida “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan Qonunchilik palatasiga qaytarilgandi. Qonunni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar va adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘rtasidagi tortishuv jamoatchilik e’tiborini tortgandi.

Xususan, faol jamoatchilik senatorlar qonunning mohiyatini tushunmagan holda ortga qaytarganini, adliya vazirining o‘rinli fikrlari inobatga olinmaganini ta’kidlagandi.

Senat esa qonun batamom bekor qilinmaganini, balki qonunni puxta ishlash nuqtayi nazaridan qaytarilganini, keyingi yalpi majlislarda qaytadan muhokamaga qo‘yilishini bildirgandi.

Shundan buyon Senatda 2 marta yalpi majlis bo‘lib o‘tdi, ammo qonun kun tartibidan o‘rin olmadi. Shunga ko‘ra, qonunning keyingi taqdiri mavhumligicha qolmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ijtimoiy tadbirkorlik o‘zi nima?

Ijtimoiy tadbirkorlik – aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ish o‘rinlari, ijtimoiy tovarlar va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash, aholiga tibbiy buyumlar, dori vositalari yoki ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tannarxida yoxud tannarxidan past bo‘lgan narxlarda sotish, favqulodda holatlarga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda boshqa ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlagan faoliyat hisoblanadi.

Foto: donland.ru

Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining birlamchi maqsadi daromad olish emas, balki aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ish o‘rinlari, arzon ijtimoiy tovarlar va arzon ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash hisoblanadi.

Shunday ekan, ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida ijtimoiy korxona ko‘radigan zararlarni oz bo‘lsa-da qoplashga xizmat qilishi uchun imtiyozlar berilishi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Axir, hamma saxovatpesha tadbirkorlar ham imtiyozlarsiz ishlashga ko‘navermaydi.

Bir qonun tarixi

O‘zbekistonda mazkur qonunni ishlab chiqish bo‘yicha g‘oyalar bir necha yillardan buyon mavjud bo‘lib kelgan.

2020 yilga kelib, g‘oya hujjatga ko‘chdi – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2020 yilgi davlat dasturining 190-bandida ijtimoiy tadbirkorlik bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Loyihada ilg‘or xorijiy tajriba asosida ijtimoiy tadbirkorlikning asoslari, ijtimoiy tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlari hamda ularni rag‘batlantirish choralari nazarda tutilishi lozimligi qayd etildi.

Shunga asosan Adliya vazirligi “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, 2020 yil 24 mart kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. 2021 yil 13 yanvar kuni loyiha Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritildi.

Uzoq muddatdan so‘ng, ya’ni 2021 yil 24 avgust kuni Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunni qabul qilib, Senatga yuborish haqidagi qarorga keldi.

Senatorlar imtiyozlardan norozi

Nochorlarni qo‘llashga qaratilgan imtiyozlar senatorlarni nega norozi qilgani ko‘pchilik uchun qorong‘iligicha qolmoqda. Har holda, qonun yalpi majlisda ko‘rib chiqilayotganda senatorlar bildirgan fikrlardan ularning ijtimoiy tadbirkorlik mohiyatini tushunmay, odatiy tadbirkorlik bilan chalkashtirib yuborganliklari ko‘zga tashlandi.

Xususan, senator Baxtiyor Umarov va uni qo‘llab-quvvatlagan boshqa senatorlar ijtimoiy korxonalarga nazarda tutilgan imtiyozlar “biznes muhitiga salbiy ta’sir qilishi, investorlar kelmay qo‘yishi, Jahon banki tadbirkorlikka imtiyoz bermaslikni tavsiya etgan”ini ta’kidlashdi.

Baxtiyor Umarov

Imtiyozlar xorijda yo‘qmi?

Imtiyozlar borasida senatorlarning e’tirozi qanchalik asosli? Ijtimoiy korxonalar xorijda imtiyozsiz ishlaydimi?

Ushbu savollarga javob olish uchun bir necha xorijiy davlatlar tajribasini ko‘rib o‘tamiz.

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ijtimoiy tadbirkorlik bilan bog‘liq tushuncha va qoidalar 2019 yilda kiritilgan. “Rossiya Federatsiyasida kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ijtimoiy tadbirkorlik sohasida faoliyat yurituvchi kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga davlat tomonidan mulkiy, moliyaviy va boshqa bir qator qo‘llab-quvvatlovlar berilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, qonunda ijtimoiy ehtiyojmand toifalar ro‘yxati ham keltirilgan. Negadir rossiyalik senatorlar boshqa qonunlarda ham ehtiyojmand toifalar keltirilganini aytib qonunni qaytarib yuborishmagan.

Belgiyada 1995 yildagi qonun bilan “ijtimoiy maqsadli korxona” tushunchasi belgilandi, ushbu turdagi korxonalarga imtiyozlar nazarda tutildi.

Janubiy Koreyada 1997 yilda qabul qilingan “Ijtimoiy korxonalarni rivojlantirish to‘g‘risidagi”gi qonunda ijtimoiy korxonalarga bir qator qo‘llab-quvvatlovlar, xususan, soliq imtiyozi ko‘zda tutilgan.

Boshqa bir qator xorijiy davlatlarda ham ijtimoiy korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.

Qonun taqdiri nima bo‘ldi?

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qarorida rad etish vajlari ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek, qarorda bir vaqtning o‘zida qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish zarurligi to‘g‘risidagi, shuningdek kelishuv komissiyasi tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, Qonunchilik palatasida qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi shug‘ullangani tufayli Senatdan qaytgan qonun ushbu qo‘mitaning ko‘rib chiqishi uchun topshirilgan.

Qo‘mita rahbari Mavludaxon Xodjayeva qonunni rad etish to‘g‘risidagi Senat qarorida kelishuv komissiyasi tuzish nazarda tutilmaganini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Senat yalpi majlisida qonunni rad etish bo‘yicha qaysi vajlar bildirilgan bo‘lsa, Senat qarorida ham ushbu vajlar keltirilgan. U yakunda Qonunchilik palatasi qonun bo‘yicha Senat bilan kelishuv komissiyasi tuzish qaroriga kelganini, dekabr oyida ushbu masala bo‘yicha Senatga taklif jo‘natilganini, hozircha Senatdan rasmiy javob bo‘lmaganini bildirdi.

Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi rahbari Mavludaxon Xodjayeva
Foto: uzlidep.uz

Qonunni ishlab chiqishdan maqsad – ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning faqat davlat tomonidan to‘lanadigan nafaqaga qaram bo‘lib qolmasdan, ularni mehnat bilan shug‘ullanishga ruhlantirish, ularni ish bilan ta’minlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga rag‘bat hosil qilish edi. Chunki, imtiyoz bo‘lmasa, har kim ham nogironni ishga olishni xohlayvermaydi. Imtiyozlar berilsa, ish beruvchilar ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan toifani ishga olishga og‘rinmaydi. Buning natijasida ehtiyojmand qatlamda ham nafaqa olib, ham maosh olib, yashashga qiziqishi birmuncha oshgan bo‘lardi”, – deydi qo‘mita rahbari.

Foto: law.journalist.kg

Quyi palata taklifi bo‘yicha Senatdan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Umid qilamizki, senatorlar qonunning ijtimoiy ahamiyati va muhimlik darajasidan kelib chiqib, qonun bilan chuqur tanishib chiqishadi va ijtimoiy ehtiyojmand aholi foydasiga qaror qabul qilishadi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid