O‘zbekiston | 22:53 / 08.02.2022
5488
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yilmayotganiga izoh berildi

O‘zbekistonda amaldagi tartibga binoan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazish uchun joylashtirilishi lozim.

Bu – 2018 yil aprelida qabul qilingan prezident farmonida yozib qo‘yilgan. Adliya vazirligi 2020 yilda bu talabni “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritishni taklif qilgandi, biroq yakunda o‘sha yili yangilangan bu qonunga bunaqa modda kiritilmadi.

Amaliyotda esa NHHlar loyihalari prezident farmoniga zid ravishda muhokamaga chiqarilmasdan qabul qilinishi holatlari tez-tez uchramoqda. Kun.uz muxbiri 7 fevral kungi matbuot anjumanida bu borada adliya vaziri Ruslanbek Davletovdan izoh so‘radi.

“Aytishimiz kerakki, 2021 yilda jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yilgan loyihalar soni kamaydi. 2020 yilda 1378 ta loyiha muhokama uchun qo‘yilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda 840 larga tushib qoldi. Buning sabablari ham bor, chunki vazirliklar o‘zlari ishlab chiqqan hujjatni muhokamaga qo‘yib, darrov rezonanslar bo‘lib ketayotgandi, bilasizlar.

U loyihalar sifatsiz hujjat, ijrochilar endigina ishlab chiqqan. Birorta vazirlik ko‘rmagan, shunga u yerda har xil rezonans bo‘laverganidan keyin, “To‘xtanglar, avval bir vazirliklar bilan ishlanglar”… [deyildi].

Bundan tashqari, bitta vazirlik boshqa boshqa vazirlikning sohasiga oid har xil takliflar beradigan bo‘lib ketdi. Shuning uchun buning oldini olish va jamoatchilik muhokamasida ham sal tartib bo‘lsin deb shu ish qilindi. Bu to‘g‘ri deb, o‘ylaymiz. Chunki birinchi bo‘lib [loyihani] shu sohaga taalluqli vazirliklar ko‘rib qo‘yishi kerak. Falon milliard so‘m ajratamiz, deb qo‘yib, uni Moliya vazirligiga ko‘rsatmaguncha qanday qilib uni chiqarasiz. Budjetni rejalashtirish kerak-ku.

Prezident qarorida hamma hujjatlar muhokamadan o‘tishi kerak, deyilgan. Lekin qonunda unaqa yozilmadi. Hujjatlar sohasiga qarab, [muhokamadan o‘tishi] kerak-kerakmaslari ham. Aniq jamoatchilik manfaatlari bilan bog‘liq masalalar bugungi kunda muhokamaga chiqarilyapti”, dedi adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov / Foto: Kun.uz

Ruslanbek Davletov kuni kecha “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun parlament quyi palatasida ma’qullangani, biroq hujjat hatto qonun bo‘lishiga qaramay regulation.gov.uz'ga joylanmaganiga ham munosabat bildirdi.

“Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun ham nega muhokamaga chiqmaganini aniqlaymiz. Lekin, qonun bo‘lganidan keyin chiqmasdan turib qabul qilinib ketmaydi. Masalan, “Vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi qonunda ham shuncha muhokamalar bo‘ldi, chet ellik ekspertlar bilan ishladik. Qonunchilik palatasiga o‘ziga borganidan keyin [muhokamaga] chiqarishga majbur bo‘ldi, – dedi Davletov.

Mavzuga oid