O‘zbekiston | 14:02 / 08.02.2022
10165
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Volkswagen elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin

2022 yilning 7 fevral kuni O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov Toshkent shahrida “Folksvagen Grup Rus” MChJ bosh direktori Shtefan Mexa boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishning rivojlanishi “Folksvagen Grup Rus” MChJda katta qiziqish uyg‘otdi. 

“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda elektromobillar olib kirishda aksiz solig‘i va bojxona to‘lovlari olinmaydi. Bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalari negizida elektromobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda va bu yo‘nalishda xususiy tadbirkorlik sub’yektlari rivojlanib borayotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Xorijiy delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda 2030 yilga borib umumiy energetika balansidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, bu yo‘nalishda 2021 yilda 100 MVt quvvatga ega birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, ikkinchisi esa 2022 yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 2024 yilda umumiy quvvati 2,2 GVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obektlarini, shuningdek, quvvati 326 MVt bo‘lgan GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

Mavzuga oid