Jahon | 20:21 / 14.02.2022
32755
9 daqiqa o‘qiladi

Berdimuhamedovning o‘rnini katta ehtimol bilan o‘g‘li egallaydi: Yaqin tarixdagi ota-bola davlat rahbarlari

Ota ortidan o‘g‘il davlat boshqaruviga kelgan davlatlar zamonaviy tarixda ham kam emas. Ular orasida nafaqat Ozarboyjon, Suriya va KXDR, balki AQSh, Kanada va Janubiy Koreya ham bor.

Fotokollaj: Kun.uz

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov 15 yil prezidentlik qilib charchaganini, davlat boshqaruvini yoshlarga berish niyatida ekanini e’lon qildi. Yoshlar deganda kim nazarda tutilayotganini albatta taxmin qilish mumkin.

Umuman, otasi ortidan davlat boshqaruviga kelganlar zamonaviy tarixda anchagina. Quyida monarxiyadagi umumiyatla qabul qilingan usulni chetga surib, demokratik yoki shunday ataluvchi davlatlarda otasi singari davlatni boshqarganlar haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

Ozarboyjon: Haydar va Ilhom Aliyevlar

Ota-o‘g‘il Aliyevlar. Foto: TASS

Ozarboyjonga 10 yil prezidentlik qilgan Haydar Aliyevning vafotidan keyin uning o‘g‘li Ilhom Aliyev saylovlar yo‘li bilan davlat boshqaruviga keldi. Umumiy hisobda 4 marta prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan Ilhom Aliyev hanuz Ozarboyjonning oliy rahbari hisoblanadi.

Albatta, hamma davlatlar rahbarlari singari uning faoliyati turlicha baholanadi. Qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ozarboyjonda barqarorlik, iqtisodiy o‘sish, umumiy farovonlik qayd etilgan bo‘lsa, bir qancha tashkilotlar bu davlatda avtokratik va hatto diktatorlik boshqaruvi o‘rnatilganidan xavotir bildiradilar.

Lekin shunisi aniqki, Ilhom Aliyev o‘z davlatida katta nufuzga ega. Ayniqsa Armaniston bilan so‘nggi ziddiyat va ochiq urushlar yakuniga ko‘ra qator hududlarni qaytarib olgani ortidan obro‘si keskin oshib ketgan.

AQSh: Bushlar va Adamslar

Ota-o‘g‘il Bushlar. Foto:  Bob Levey/Getty Images

Butun dunyo bo‘ylab demokratiya o‘chog‘i va himoyachisi deya e’tirof etiladigan AQShda saylovlarga juda jiddiy qaraladi hamda har doim ham prezidentlik uchun qattiq kurashlar ketadi. Bir qarashda ota-bola an’anasiga umuman o‘rin yo‘qday tuyulsa-da, bu mamlakat tarixida ikki marta o‘g‘il otasi singari prezidentlikni egallagan.

Jon Kuinsi Adams – AQShning 6-prezidenti va 2-prezident Jon Adamsning o‘g‘lidir. U 1825-1829 yillar oralig‘ida shtatlarni boshqargan, 1809-1814 yillarda esa Rossiyada elchilik qilgan. Uning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, 1797 yilda londonlik ayolga uylangan va shu tariqa 2016 yilda prezidentlikka kelgan Trampga qadar kelib chiqishi xorijlik ayolga uylangan birinchi va yagona prezident bo‘lgan.

Jorj Uoker Bush (yoki kichik Jorj Bush) esa AQShning 43-prezidenti hisoblanadi. Uning otasi katta Jorj Bush AQShning 41-prezidenti bo‘lgan. 11 sentyabr voqealarini boshdan kechirgani, Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirish bilan tarixda qolgan kichik Jorj Bush Texas shtati gubernatori ham bo‘lgan. Bugungi kunda siyosiy jarayonlarga aralashmaydi va xotirjam hayot kechiradi.

Ta’kidlash joiz, otasi singari prezident bo‘lgan bu prezidentlar haqiqiy demokratik saylovlarda yutib chiqib, bu lavozimni egallashgan.

Suriya: Hafiz va Bashar Asad

Asadlar oilasi. Foto: AP

Suriyaning avvalgi prezidenti Hafiz Asad mamlakatni 1971 yildan 2000 yilga qadar boshqardi. Garchi Suriya monarxiya tuzumida yashamasa-da, Asadning o‘g‘li keyingi prezident bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Lekin u o‘g‘il Bashar Asad bo‘lmagan.

Basharning akasi Bosil valiahd sifatida ko‘rilar, Londonda o‘qiyotgan Bashar esa o‘z sevgan kasbi – ko‘z shifokorligi bo‘yicha amaliyot o‘tayotgan edi. Lekin 1994 yilda Bosil avtohalokat tufayli halok bo‘ldi, Bashar esa zudlik bilan Damashqqa chaqirib olindi.

Harbiy akademiyaga o‘qishga kirgan Bashar tez orada kapitan unvoni bilan batalonni boshqara boshladi. Otasining o‘limidan so‘ng Bashar Asadga zudlik bilan polkovnik unvoni berildi va mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, prezidentlikka nomzodlikning minimal yoshi 40 yoshdan 34 yoshga tushirildi. O‘sha paytda Bashar Asadning yoshi nechada bo‘lganini rosa o‘ylab topib olish mumkin.

Shundan beri davlatni boshqarib kelayotgan Bashar Asad uzoq yillik fuqarolik urushlarida ham hokimiyatni saqlab qola oldi. So‘nggi, 2021 yildagi saylovlarda u 95,1 foiz ovoz to‘plab, salkam dunyo rekordini qo‘yay dedi.

Kanada: Per Elliott va Jastin Tryudo

Ota va o‘g‘il Tryudolar. Foto: Getty Images

Kanadaning amaldagi bosh vaziri mamlakatning to‘laqonli rahbari hisoblanadi. To‘g‘ri, Kanada hanuz hujjat bo‘yicha Buyuk Britaniya qirolichasi boshqaruvida. Lekin bu shunchaki rasmiyatchilik uchungina ekanini butun dunyo biladi.

Jastin Tryudo 2015 yilda Kanada liberallari yetakchisi sifatida saylovlarda g‘olib chiqdi va Kanada bosh vaziri sifatida ishga kirishdi. Uning otasi Per Elliott Tryudo mamlakatning 15-bosh vaziri edi va 1968–1979, 1980–1984 yillarda davlatni boshqargan. Elliott Tryudo qonun chiqaruvchi organni Britaniya parlamentidan Ottavaga ko‘chirgani va Kanadani shu tarzda haqiqiy mustaqil davlatga aylantirgani bilan tarixda qolgan.

Jastin Tryudoning dastlabki islohotlaridan biri o‘rtahollar uchun soliqlarni kamaytirish va badavlat insonlar uchun oshirish bo‘ldi.

Shimoliy Koreya: “Abadiy” Kimlar

“Xalq”, “demokratik” va “respublika” so‘zlarini o‘z nomiga qo‘yib olgan, ammo tuzum jihatdan monarxiyadan ham o‘tib ketgan bu davlatni Kimlarning uchinchi avlodi boshqarib kelmoqda. Vaziyat shu tarzda davom etsa, hali bu an’ana buzilmasa ham kerak.

Ota va o‘g‘il Kimlar. Foto: Xinhua/ZUMA Press/Global Look Press

Kim Ir Sendan keyin davlat boshqaruvini qo‘lga olgan Kim Chen Ir 2011 yilda vafot etdi va butun mamlakat cheksiz qayg‘uga ko‘mildi. Lekin davlat boshqaruvida bo‘shliq kuzatilgani yo‘q – mamlakat Porloq Quyoshi (kulmang, bu rasmiy atama) Kim Chen In xaloskor sifatida maydonga chiqdi va shundan buyon sharaf bilan rahbarlik qilib kelmoqda.

Daholar ichra daho (bu ham rasmiy titul) AQSh va azaliy dushmani – Janubiy Koreyaga nisbatan toqatsiz siyosati, yadro qurolini takomillashtirgani va ketma-ket sinovlardan o‘tkazgani bilan tilga tushdi. Ammo KXDR xalqi har qachongidan ham qashshoqlik va hatto ochlikka mahkum bo‘ldi.

Janubiy Koreya, ota va qiz

Pak Kin Xe hibsda. Foto: AFP

Pak Kin Xe 2013–2017 yillar oralig‘ida davlatni boshqargan va korrupsion mojaro ortidan qamoqqa tiqilgan. Uning otasi Pak Chon Xi 1962–1979 yillarda Janubiy Koreyaga prezidentlik qilgan hamda mamlakat o‘sha paytlarda katta iqtisodiy o‘sishga erishgan. U asosiy raqibi – Shimoliy Koreyani taraqqiyot jihatdan quvib o‘tish (bugungi kunda bu kulgili tuyuladi albatta, lekin shunday davr bo‘lgan) va “Koreya iqtisodiy mo‘jizasi”ga erishishni maqsad qiladi hamda bunga erishadi ham. Iqtisodiy farovonlik bilan birga siyosiy ta’qiblarni ham kuchaytirib yuborgan Pak Chon Xi 1979 yilda uyushtirilgan suiqasd oqibatida halok bo‘ladi.

Uning qizi Pak Kin Xe 2018 yilda pora olish va davlat sirlarini tarqatishda ayblanib, 25 yil qamoq jazosi va 20 mlrd von jarimaga tortiladi.

Sardor Berdimuhamedov – davlat rahbarining yolg‘iz o‘g‘li. Bir yil oldin Turkmanistonda Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, bu lavozimga u tayinlangan. Vazirlar Mahkamasi raisi esa – Gurbanguli Berdimuhamedov. Foto: Turkmenportal.com

Sarlavha qahramoni bo‘lgan Sardor Berdimuhammedov bugun 40 yoshda va uning prezidentlikka saylanishi uchun barcha konstitutsion yo‘llar ochilgan. Bundan oldin Markaziy Osiyodagi yana bir mamlakat – Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomali ham otasi o‘rnini bosishi uchun qator islohotlar o‘tkazilgan edi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid