O‘zbekiston | 18:37 / 14.02.2022
56973
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtomobil uchun oldindan to‘lov miqdori 85 foizdan 50 foizgacha pasayadi

UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdori 85 foizdan 50 foizgacha pasaytiriladi, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlar to‘liq bartaraf etiladi. Bu haqda prezident tomonidan mashinasozlik sanoatiga doir yig‘ilishda «O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqovga topshiriq berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev huzurida 14 fevral kuni mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rt yilda tarmoqni transformatsiya qilish boshlanib, «O‘zavtosanoat»ga xorijiy mutaxassislar olib kelingan. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida yangi korxonalar tashkil etish va aksiz solig‘ini bekor qilish orqali sohada raqobat muhiti yaratilgan.

Natijada o‘tgan to‘rt yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobarga, tarmoq eksporti esa 2,7 barobarga oshgan. Shuningdek, 2,6 ming turdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.

UzAuto Motors Fitch Ratings va Standard and Poor’s xalqaro agentliklaridan «barqaror» kredit reytinglarini olib, xalqaro moliya bozorida 300 million dollarlik yevrobond joylashtirgan.

«O‘zavtosanoat» rahbariga muhim topshiriqlar

Prezident sohaga mas’ul «O‘zavtosanoat» AJ raisi Shavkat Umurzoqovga ishlab chiqarishni oshirish va aholi talabini to‘liq qondirish bo‘yicha tinimsiz ishlashi shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, jahonda mikrochiplar ishlab chiqarish va xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolardan kelib chiqib yangi yondashuv va yechimlar topish zarurligi qayd etilgan.

Umuman, mashinasozlik tarmog‘i sanoatning «drayver» sohalaridan biri bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingan.

Shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Shavkat Umurzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Mavzuga oid