Jamiyat | 13:21 / 15.02.2022
90822
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda kuyov to‘yi kuni yo‘qolib qoldi

Toshkentda to‘yi kuni yo‘qolib qolgan kuyov 3 kundan so‘ng topildi. Hodisaga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Toshkentda 12 fevral – to‘yi kuni yo‘qolib qolgan kuyov oradan uch kun o‘tib topildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda. Yigitning qarindoshlaridan biri ushbu hodisaga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Abbos G‘ulomov. Foto: Facebook / Aqida Hanum

Toshkent shahrining Chilonzor tumani 15-dahasida yashovchi 25 yashar Abbos G‘ulomov 12 fevralga rejalashtirilgan nikoh to‘yi kuni ertalab uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan.

“Yaqinlar, qarindoshlar hammasi “shok”da. Qo‘lidagi mobil telefonlari o‘chiq. To‘yga barcha tayyorgarlik ko‘rib qo‘yilgandi. IIBga qidiruvga ham berishgan. Chetga chiqib ketmagan. Uydagilari na tirigi, na o‘ligini bilmaymiz deb kuyib ketishyapti”, deyiladi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda.

“Milliy TV” muxbiri tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida yigit 12 fevral kuni ertalab sartaroshxonaga boraman deb chiqib ketgani, biroq u yerga bormagani haqida so‘z boradi.

“Abbosning sinfdoshi hamda sartaroshi bo‘laman. 12 fevral kuni ertalab soat sakkizda oldimga kelishi kerak edi. Uydan chiqayotganda ham ko‘zimga linza taqaman deb chiqqan ekan, ham sartaroshga boraman deb aytgan ekan”, deydi Hikmatilla Hasanov.

Yigit yo‘qolgani haqida xabarlar tarqalgach ayrim internet foydalanuvchilari bunga uning uylanishga majburlangani sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan. “Millar” dasturi ijodkorlari bu masalaga ham oydinlik kiritishga harakat qilgan.

“To‘y kuni kuyovning yo‘qolib qolishi mening tajribamda birinchi marta kuzatilmoqda. Shu kuni kuyovimiz o‘zlari yolg‘iz keldilar. Aslida kelin bilan kelishlari kerak edi. Mahallamizning to‘polonchiroq bolasi bo‘lgani uchun vaqtli uylanyapsiz, qiyinchiliklar bo‘lmaydimi deb so‘raganimda: “Yo‘q, yaxshi”, deb javob berdi. Ko‘tarinki ruhda edi. U majburlab uylantiradigan yoki majburan turmush yo‘liga soladigan bola emas. Bu yigit otadan, onadan vaqtli yetim qoldi. Ular olamdan o‘tgani sababli buvisining qo‘lida katta bo‘lgan”, deydi Abbos G‘ulomov yashaydigan mahalla raisi o‘rinbosari Gulchehra Nishonboyeva.

Aniqlanishicha, Abbos oilada ikki qizdan keyin tug‘ilgan yagona o‘g‘il bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati 14 fevral kuni Abbos G‘ulomovni bedarak yo‘qolgan fuqaro sifatida ro‘yxatga olgan va qidiruv e’lon qilgan edi. 15 fevral kuni esa u topilgani, ahvoli yaxshi ekani, xavotirga o‘rin yo‘qligi ma’lum qilindi. O‘z navbatida, poytaxt IIBB qidiruvda qatnashgan barchaga minnatdorchilik bildirgan.

Daryo nashri Abbos G‘ulomovning qarindoshlaridan biri bergan ma’lumotga tayanib, kuyovning to‘y kuni yo‘qolib qolishiga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani, bu hodisa kelin bilan bog‘liq emasligi haqida xabar bergan.

Mavzuga oid