O‘zbekiston | 17:49 / 17.02.2022
116159
16 daqiqa o‘qiladi

Ketma-ket 7 qurbon: Otuvga hukm qilingan navoiylik “makler”larning seriyali qotilliklari

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

2006 yil Zarafshon shahrida turli millatga mansub yolg‘iz yashovchi keksa fuqarolar sirli tarzda birin-ketin g‘oyib bo‘la boshlaydi. O‘sha davrda aksariyat ruslar Rossiyaga, farzandlari va yaqinlarining oldiga ko‘chib ketayotganligi uchun bu yo‘qolishlar hech kimning e’tiboriga tushmadi. Bilganlar ham uy-joyini sotib, ko‘chib ketibdi, degan o‘yda bo‘lgan. Aslida ularni ayanchli ajal o‘z domiga tortib ketgan edi.

Olinmagan nafaqa puli

2006 yilning 22 iyun kuni fuqaro Anna Pereplyotchikova Zarafshon shahar prokuraturasiga murojaat qilib, tanishi Tsyba Vasiliy bir necha kundan beri dom-daraksiz yo‘qolganligi haqida xabar qiladi. Shahar prokuraturasi va shahar IIB JQB xodimlari tomonidan darhol tezkor qidiruv tadbiri boshlab yuboriladi. Tsyba Vasiliyni taniganlar u kvartirasini sotib, Rossiyaga ketganini aytishadi. Ammo holat shubhali edi.

Tekshirish davomida Tsyba Vasiliy Zarafshon shahridan doimiy ro‘yxatdan chiqmaganligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, u keyingi ikki oy davomida nafaqa pulini ham olmagandi. Ishning bu nuqtasi ham tezkor xodimlarda shubha uyg‘otadi. Yo‘qolgan fuqaro qotillik qurboni bo‘lgan, degan ehtimolda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va tergov harakatlariga kirishiladi.

Fosh bo‘lgan “makler” 

Yaqin orada IIBga hech kim bedarak yo‘qolganlar haqida murojaat qilmaganligi tufayli Tsyba Vasiliyni izlash ishlari biroz mushkul va natijasiz davom etardi. U chindan ham dom-daraksiz yo‘qolgandi. Shuning barobarida, Rossiyaga ham ketmaganligi aniq edi. Qo‘shnilari bilan suhbatlashilganida, u spirtli ichimliklarga mukkasidan ketganligi, oxirgi paytlarda uyiga notanish, shubhali odamlar kelib-ketib yurganligi, ayniqsa, Muxtor ismli shaxs bilan yaqin bo‘lganligi oydinlashadi. Qo‘shnilardan biri taxminan bir oy oldin Muxtor 2-3 nafar sherigi bilan kelib, Tsyba Vasiliyning ayrim uy jihozlarini traktorga ortib, uning o‘zini ham mashinaga mindirib ketganligini aytadi. Shu tariqa, keyingi vaqtlarda shaharda kimlar uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotganligi kuzatuv ostiga olinib, turli taxminlar ishlab chiqiladi hamda qidiruv va tergov ishlari kuchaytiriladi. Nihoyat oradan ikki kun o‘tgach, shaharda Muxtor ismli shaxs “makler”lik qilib yurishi aniqlandi.

1,5 sutkalik tezkor “operatsiya” 

Muxtor Abdullayevdan Tsyba Vasiliy haqida so‘ralganida, u haqiqatdan bu fuqaroni tanishini, Tsyba taxminan bir oy oldin doimiy yashash uchun Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida istiqomat qiluvchi qizining uyiga ko‘chib ketganligini, uni shaxsan o‘zi kuzatib qo‘yganligini bildirgan. Ammo Muxtor Abdullayev tintuv qilinganida, kutilmaganda uning yonidan Tsyba Vasiliyning fuqarolik pasporti topiladi. Chorasiz qolgan “makler” Tsyba Vasiliyning o‘limi uning ko‘rsatmasiga asosan jiyani Baxtijan Ashilov va bojasi Talg‘at Ayimbetov tomonidan sodir etilganligini ma’lum qiladi.

Tun bo‘lishiga qaramay Zarafshon shahar IIB shaxsiy tarkibi jalb qilinib, Muxtor Abdullayevning sheriklarini qo‘lga olish “operatsiya”si boshlanadi. Chunki, tong yorishib, Muxtorning qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar tarqalgach, uning jinoiy sheriklari qochib ketishi aniq edi. Xodimlar ishlab chiqilgan reja asosida uchta guruhga bo‘linadi. Olib borilgan tadbirlar natijasida 1,5 sutka davomida jinoyatchilarning barchasi qo‘lga olinadi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Qimmatga tushgan protez tish

2006 yil 9 iyun kuni soat 18:00lar atrofida Muxtor Abdullayev sherigi Talg‘at Ayimbetov bilan Tsyba Vasiliyni protez tish qo‘ydirib beramiz, deya aldab, Konimex tumanidagi “Prestij” kafesiga olib borishadi. U yerda ularni jinoiy uyushmaning yana bir a’zosi Baxtijan Ashilov kutib oladi. Ulfatchilik avjiga chiqadi, ko‘p miqdorda spirtli ichimlik ichiladi. Jinoiy guruhning maqsadi Tsyba Vasiliyni mast qilish edi. Shunday ham bo‘ladi. Qotillar mast holatdagi Tsybani “Konimex-Zarafshon” yo‘lida, cho‘lga olib boradi. Baxtijan Ashilov uni yonidagi ip bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi. Keyin Talg‘at Ayimbetov bilan jasadni chuqurga sudrab borib, yoqib yuborishadi. So‘ngra telefon orqali Muxtor Abdullayevga ish yakuniga yetgani haqida xabar berishadi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Tergov viloyat prokuraturasiga o‘tdi

Bu birinchi holat emasdi. Muxtor Abdullayev boshchiligidagi jinoiy guruh Tsyba Vasiliydan tashqari yana 6 kishini mol-mulkiga egalik qilish uchun shu uslubda o‘ldirib yuborgandi. 2 kun ichida bu jinoyatlar ham fosh etilib, jinoiy guruhning qolgan a’zolari – Alijon Qo‘ldoshev, Nizom Saidov, Narimon Hamroyev Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatidagio‘z xonadonlarida qo‘lga olinadi. Ish ko‘lami kattaligi uchun tergovni davom ettirish viloyat prokuraturasiga o‘tkaziladi. Qizilqum cho‘lining turli nuqtalaridan jinoiy guruh qurboniga aylangan shaxslarning jasadlari kovlab olinadi. Jasadlar yoqib yuborilgani sababli suyak qoldiqlari va kiyimlari asosida tanib olish uchun o‘nlab ekspertizalar tayinlanadi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Barchasi qanday boshlangan edi?

Muqaddam ham sudlangan Muxtor Abdullayev tayinli ish topolmaganidan uy oldi-sotdisi bilan shug‘ullana boshlaydi. 2005 yil iyun oyida u Olga Titova ismli ayol bilan tanishib qoladi. Gap orasida Olga shaharda Aliya Kovaleva ismli ayol 1 xonali kvartirasini sotmoqchi ekanligini aytib beradi. Sababi, Aliya doimiy ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilgani uchun qarzi ko‘payib ketgandi. Shundan so‘ng Muxtor Olga Titova bilan Aliya Kovalevaning oldiga boradi va gaplashadi. “Makler” darhol xaridor topib, uyni uning nomiga rasmiylashtiradi va 2 mln 800 ming so‘m pulni sanab oladi. Uyi sotilgan Aliya Kovalevani esa Olga Titovaning yordami bilan Natalya ismli ayolning uyiga ko‘chirib o‘tkazadi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tgach, Natalya Timchenko Aliyaning aroqxo‘rligidan bezor bo‘lib, uni uyidan chiqarib yuboradi. Bu holat Muxtor uchun boshog‘rig‘i edi. Shu sababli u Olga Titova bilan janjallashib qoladi. Olga esa Muxtorga Aliyani cho‘lga chiqarib, o‘ldirib yuborish kerakligini, baribir uning so‘rovchi hech kimi yo‘qligini maslahat beradi. 

2005 yilning iyul oyida Muxtor Abdullayev kuyovi Alijon Qo‘ldoshev va jiyani Narimon Hamroyev bilan 1938 yilda tug‘ilgan fuqaro Aliya Kovalevani Tomdi tumanidagi Rohat firmasiga borib kelamiz, deya aldab, cho‘l hududiga olib borishadi. Bo‘g‘ib o‘ldirilgan ayolning murdasi ustiga shox-shabba tashlab, yoqib yuboriladi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Navbatdagi “o‘lja”

O‘ldirilgan Aliya Kovalevani hech kim izlamaganidan ilhomlangan Muxtor Abdullayev uyini sotib, boshqa shaharga ko‘chib ketmoqchi bo‘lib yurgan insonlarni qidira boshlaydi. Jinoiy guruhning navbatdagi qurboni 1945 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Raisa Sabo bo‘ldi.

2005 yilning sentabr oyida qotil “makler” uyini sotib, Toshkent shahridagi qarindoshlari yoniga ketmoqchi bo‘lib yurgan Raisa Saboga tazyiq o‘tkazib, uyini bozor narxidan ancha arzonga – 4 mln so‘mga sottirishga erishadi. Muxtor uy yangi egasi nomiga rasmiylashtirilgach, pullarni egallab oladi. So‘ngra jinoiy guruh a’zolari sentabr oyining o‘rtalarida Raisa Saboni Toshkent shahriga olib borib qo‘yamiz, deya mashinaga mindirib, olib ketishadi. Konimex tumani hududidagi ovloq joyga borgach, har safargi kabi ayolni bo‘g‘ib o‘ldirishadi va jasadini yoqib, ko‘mib tashlashadi.  

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Yaxshilik bilan tugamagan janjal

Muxtor Abdullayev boshchiligidagi jinoiy guruh Zarafshon shahridagi uy oldi-sotdisida go‘yoki “monopoliya” o‘rnatadi. Bu ishlarga Olga Titovaning ham yordami tega boshlaydi. Chunki u shaharda yolg‘iz yashovchi qariyalarning ko‘pini tanirdi. 2005 yilning dekabr oyida Olga tanishi, 1957 yilda tug‘ilgan Natalya Timchenko kvartirasini sotib, dala hovli olmoqchi ekanligini xabar qiladi. Rejaga muvofiq Muxtor Abdullayev, Narimon Hamroyev, Olga Titova, Nizom Saidov va Talg‘at Ayimbetov Natalyaning uyiga kelib, ziyofat uyushtiradi. Spirtli ichimlikdan mast bo‘lgan Natalya Timchenko tazyiq bilan uyini bozor narxidan ancha arzonga – 4 mln 600 ming so‘mga sotishga ko‘ndiriladi. Darhol xaridor topilib, uy rasmiylashtiriladi va pullar qo‘lga kiritiladi. 2006 yilning yanvar oyida jinoiy guruh shahar chetidagi “Meraj” dala-hovlilar jamiyatidan 4 500 AQSh dollariga dala hovli sotib olishadi va shu yerda jinoiy rejalar tuza boshlaydi. Uysiz qolgan Natalya Timchenkoga shu dala hovlidan vaqtincha yashash uchun sharoit qilib berishadi.

Uy-joyidan ayrilgan Natalya ichib olib, tez-tez janjal ko‘taradigan odat chiqaradi. Ko‘zlariga hech narsa ko‘rinmay qolgan jinoiy guruh 2006 yil aprel oyida uni Nizom Saidovning mashinasiga mindirib, Zarafshon shahridan 25 km olisga, Tomdi tumanidagi cho‘l hududiga olib borishadi. Afsuski, Natalyaning peshonasiga ham qolganlarning qismati yozilgandi: u bo‘g‘ib o‘ldiriladi va jasadi yoqib, ko‘mib yuboriladi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Sayoh yurgan tayoq yedi

Navbatdagi “yurish”da Muxtor Abdullayevning tuzog‘iga 1982 yilda tug‘ilgan, ukrain millatiga mansub Pavel Bogorodskiy ilinadi. “Makler”ga shahar ko‘chalarida sarxush yurgan Pavel duch kelib qoladi. Yosh bo‘lishiga qaramay ichkilikka berilgan bu yigitchaga Muxtorning “yordam bergisi” keladi va uni dalahovliga olib boradi. Aslida jinoiy guruh bu yo‘l orqali navbatdagi rejani amalga oshirish uchun Pavelning ishonchiga kirayotgandi.

To‘da Pavel Bogorodskiyning uyini qo‘lga kiritish uchun uning qarzlarini to‘laydi, uyni naridan beri ta’mirlaydi va bunga 1 mln so‘mga yaqin pul sarflaydi. Shundan so‘ng Muxtor Pavelga xaridor topib keladi. O‘zaro savdodan so‘ng 3 xonali uy 7 200 AQSh dollariga sotiladi. Pavel esa to‘daning dala hovlisiga ko‘chirib kelinadi.

2006 yilning may oyi boshlarida Muxtor Abdullayev sherigi Nizom Saidovga qo‘ng‘iroq qilib, tezda dalahovliga kelishini aytadi. Keyin uning mashinasida Konimex tumaniga borib, aroq ichishadi. Mast bo‘lgan Pavelni mashinaga o‘tqazishib, “Zarafshon-Navoiy” yo‘lining 88-kilometriga olib kelishadi va cho‘l ichiga kirishadi. Toza havo olmoqchi bo‘lgan Pavel mashinadan tushadi. Afsuski, bu uning toza havodan so‘nggi bor nafas olishi edi.U ham bo‘g‘ib o‘ldiriladi va yoqilgan jasadi ko‘mib tashlanadi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Echkining o‘lgisi kelsa, qassob bilan o‘ynashadi

Muxtor Abdullayev boshchiligidagi jinoiy guruh o‘zgalarning mol-mulkini qo‘lga kiritib, ayshini surib yuraveradi. Ammo bir kuni muammo paydo bo‘ladi.

Olga Titova haqida yuqorida ham aytib o‘tildi. U jinoiy to‘daga “o‘lja” topib berishga ko‘maklashib kelgan. 1958 yilda tug‘ilgan, hamshira bo‘lib ishlovchi bu ayolning o‘zi ham yolg‘iz edi. 

Olga Muxtorga shahardan 2 xonali uy olib berasan, yo‘qsa qilgan jinoyatlaringni tegishli organlarga aytib beraman, deya shantaj qila boshlaydi. Avvaliga “makler” unga e’tibor qilmaydi. Chunki o‘ldirilgan insonlarning aksariyatini Olga topgandi. Biroq uning shantaji kun sayin kuchayib borardi. Oradan 2-3 kun o‘tib, dala-hovlida navbatdagi ziyofat uyushtiriladi va Olga mast bo‘ladi. Shunda Muxtor Talg‘at va Nizomni chaqirib, har doimgi topshirig‘ini beradi.

2006 yil may oyining o‘rtalarida jinoiy guruh Olga Titovani Navoiy shahriga borib-kelamiz, deya olib chiqib, “Zarafshon-Navoiy” yo‘lining 15-kilometrida cho‘l ichkarisiga olib kirishadi. Afsuski, “yordamchi”ning shantaji kechirilmagandi: u bo‘g‘ib o‘ldiriladi va yoqib yuboriladi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Poyezdga yetolmagan yo‘lovchi

Jinoiy to‘da kundan-kunga quturib borardi. Shaharning qaysi burchagida ichkilikka ruju qo‘ygan odam bo‘lsa, “mehr-muruvvat” ko‘rsatish bahonasida dala-hovliga olib kelina boshlaydi. Shundaylardan biri 1944 yilda tug‘ilgan Sarokin Genadiy bo‘ldi.

Muxtor Abdullayev Sarokinni majburlab, uning kvartirasini o‘zlari topgan xaridorga 6 300 AQSh dollariga sottiradi. So‘ngra unga poyezdga chipta olib berishadi. Sarokin ketish oldidan jinoiy to‘daning a’zolariga ziyofat beradi.

2006 yil 9 iyun kuni Muxtor Abdullayev sheriklarini chaqirib, navbatdagisini “tinchitish” haqida ko‘rsatma beradi. Ular Sarokinni mashinaga mindirib, “Zarafshon-Uchquduq” yo‘nalishi tomon yo‘lga chiqishadi. Ovloq joyga yetgach, yana o‘sha “ssenariy” takrorlanadi.

O‘lim jazosi

Qotil “makler”ning jinoiy to‘dasi haqidagi ish o‘sha yillarda shov-shuvga aylanadi. Bu jinoyatni ochishda IIB va prokuratura organlarining ko‘plab xodimlari, kriminalistlar ishtirok etadi. Tergov jarayonida 300 nafardan ortiq guvohlar so‘roq qilingan, 30ga yaqin sud-ekspertizasi tayinlangan. To‘plangan dalillar bilan jinoiy guruh qilmishlari to‘liq isbotini topgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudining hukmi bilan Muxtor Abdullayev, Baxtijan Ashilov va Talg‘at Ayimbetovga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanadi. Nizom Saidov 20 yil, Narimon Hamroyev 17 yil, Alijon Qo‘ldoshev esa 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz muxbiri

Material Navoiy viloyati IIB bilan hamkorlikda tergov materiallari asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid